Mashhurlar

“Farzandsizligim — og‘riqli nuqtam emas”. Indira Miftaxova oylik daromadi va ozish uchun oshqozonini kestirmasligi haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Birinchi o‘zbek stendap komik ayol, jurnalist va biolog Indira Miftaxova “O‘zimizning gap” ko‘rsatuvining navbatdagi mehmoni bo‘ldi. Dastur davomida u hayotida ko‘p sinovli kunlar bo‘lgani, bir oyda qancha daromad topishi va oshqozon operatsiyasi bilan ozishni targ‘ib qilmasligi haqida aytib o‘tdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Oyiga 6 ming dollardan kam pul topmayman”

— Pulni boshqarish borasida bilimim yo‘q ekanligini bilganimdan so‘ng, Rossiyaning moliyaviy savodxonlik kurslaridan birini sotib oldim. Ammo o‘qiyolmaganim uchun kursdan chetlatishdi. Chunki avvallari pulga u qadar ehtiyojim bo‘lmagan, piyoda yurib ham lazzat oladigan qiz bo‘lgan ekanman. Ikkinchi marta ham kursni oldim, bunisida ham ularning sinovidan o‘tolmadim. Shunchalik pulga yopiq inson ekanman-da. Nihoyat, uchinchi marta harakat qilib kursni o‘qib tugatdim. Tugatishim bilan “shu oy 6 ming dollar pul topaman”, deb daftarimga yozgandim. Haqiqatdan ham o‘sha oy 6 ming dollar keldi va shundan boshlab, shukr, oyiga bu summadan kam daromad topmayman. To‘g‘ri, hayotda yashash uchun pul kerak, lekin baribir ham hayotdan pulsiz zavq olishni bilish kerak, degan fikrda qoldim.

Pulga ochilganimdan so‘ng ikkita uy va avtomobil xarid qildim. Bularning barchasi uchun 100 foiz o‘qib, bilim olish kerak. Ammo to‘g‘ri kelgan psixologning kursini olib o‘qish kerak emas. Ba’zi moliyaviy savodxonlik kurslarida 3-4 soat dars o‘tib, sizni pulga ochib beraman, deyishadi — bu bo‘lmagan gap. Men ikki marta haydalib, so‘ng uch oy davomida o‘qib bitirdim. Bularning barchasi haqiqiy ilm orqali amalga oshirilishi kerak, deydi Indira Miftaxova.

“Sinovlarda sinib qolmadim”

— Harakatdan to‘xtash mumkin emas, baribir oldinga intilaverish kerak. Hayotimda ko‘p kurashlar bo‘ldi. Sog‘lig‘imda ham muammolar kuzatildi. Yo‘qotishlardan so‘ng juda qattiq siqildim. Otamning vafotidan to‘rt yil o‘tib onam ham o‘tib qoldi. Undan so‘ng opam qandli diabetga chalinib, barmoqlari kesilishiga to‘g‘ri keldi. Hammasi ketma-ket sodir bo‘ldi. Doktorlar opamning oyoq barmoqlarini kesishganida “endi shu bilan tananing yuqorisiga qarab ketadi kasallik, oyoq ham ketsa kerak”, deyishdi. Mana shunday muammolar orasida vaqt topib, ijod qilish ham kerak edi. Psixologiyaga yondashganim bois opamni bir yaxshi psixolog oldiga olib bordim. Chunki kasalliklarning hammasi psixologiyadan boshlanadi. Uch soatlik suhbat haqiqatda opamga oyog‘ining tez bitishida yordam berdi.

“Farzandsizligim og‘riqli nuqtam emas”

— Internetda bittasi “Indira bepusht”, deb o‘zicha og‘riqli nuqtamni aytib chiqibdi. Bu og‘riqli nuqtam emas. Hamma narsaga shukronalik bildiraman. Sizga shunday sinov berilyaptimi, uni faqat shukr qilib yengib o‘tasiz. Shu kungacha Indira Miftaxova bo‘lib yetishganimga bitta sabab faqat shukronalikdir. Nima bo‘lsa, hammasiga shukr. Internetga chiqib farzandim yo‘qligi og‘riqli nuqtam emasligini aytdim.

Bilsam, bittasi meni yomonlab chiqishlarini buyurtma qilibdi. Bloger qizning aytishi bo‘yicha bu ishni buyurgan ham begona emas, dugonam ekan. Bu mish-mishlarni eshitgandan so‘ng Andijondan xo‘jayinimning qarindoshlari biznikiga kelib, Andijonda uy tayyorlab qo‘yishganini, u yoqqa borib tabiblarga ko‘rinib davolanishimiz mumkinligini aytishdi. Keyin ularga bepusht emasligimizni yotig‘i bilan tushuntirdim, deydi komik aktrisa.

“Oshqozon operatsiyasi orqali vazn tashlashni targ‘ib qilmayman”

— Bunday amaliyotlarni qildirmasligimning birinchi sababi, hatto “ukol”dan ham qo‘rqaman. Boksda og‘riqni sezmaganim bilan ignani ko‘rsam, hushimdan ketib qolishim mumkin. Ikkinchidan, bunday yo‘llar bilan ozishni targ‘ib qilishni xohlamayman. Chunki shou-biznes odamiman va buning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor. Bu yo‘lni tanlaganlarga umuman qarshi emasman, hammaning o‘z tanlovi bor. Hozirgi gaplarimni noto‘g‘ri tushunib qolishmasin. Chunki bunday amaliyotni qildirganlar orasida dugonalarim ham bor. Shunchaki men klinika va operatsiyalarni reklama qilmayman. Chunki o‘ntasidan bitta odamda bo‘lsa ham bu amaliyot o‘xshamay qolsa, ko‘nglimga olib, tushkunlikka tushib qolishim mumkin, deydi u. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.