Salomatlik

Bu irodasizlik emas: nega qornimiz to‘ysa ham ovqatlanishda davom etamiz?

pic
Foto: Freepic.com

Loading

Inson to‘yib ovqatlangandan so‘ng ham shirinlik yoki gazak yeyishga moyilligi iroda kuchsizligi bilan bog‘liq emas. Sharqiy Angliya universiteti mutaxassislari o‘tkazgan yangi tadqiqot ushbu holatning sabablarini o‘rgandi. Daryo shular haqida yozmoqda.

Tadqiqot jarayoni

Tajribada 76 nafar ko‘ngilli ishtirok etdi. Ularning miya faolligi elektroensefalogramma yordamida kuzatib borildi. Ishtirokchilarga mukofot sifatida shirinlik, chips va popkorn beriladigan o‘yin taklif etildi. Tajriba o‘rtasida qatnashchilar ushbu mahsulotlardan birini to‘liq to‘ygunga qadar iste’mol qilgan.

Natijalar

Ishtirokchilar endi ovqatni xohlamayotganini va to‘yganini ta’kidlashgan bo‘lsa-da, ularning miyasi boshqa holatni ko‘rsatgan. Miya faolligi rag‘batlantirish tizimi bilan bog‘liq sohalar ovqat tasvirlariga ochlik paytidagidek kuchli reaksiya berishda davom etganini ko‘rsatdi.

“Miya ovqatning ishtaha ochar va mazali tuyilishini pasaytirishdan bosh tortadi. Inson to‘q bo‘lsa ham, miya ovqatni ko‘rishi bilan ‘mukofot’ signalini yuboraveradi. Natijada inson to‘ygan bo‘lsa-da, me’yoridan ortiq taom iste’mol qilinishiga olib keladi”, deydi tadqiqot rahbari doktor Tomas Sembruk.

Odatning ta’siri

Mutaxassislarning fikricha, bunday reaksiya yillar davomida shakllangani uchun avtomatik odat kabi ishlaydi. Miya muayyan mahsulotlarni rohatlanish bilan bog‘lab o‘rgangan. Shuning uchun miya hujayralaridagi neyronning javoblari ongli qarorlarga bo‘ysunmaydi. Tadqiqot insonning o‘zini nazorat qilish qobiliyati va ushbu mexanizm o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligini ko‘rsatdi. Ya’ni hatto kuchli intizomga ega shaxslar ham ba’zan ushbu avtomatik tizim oldida ojiz qolishi mumkin.

“Agar siz kechki payt ovqatlanishni yoqtirsangiz yoki qorningiz to‘q bo‘lsa ham yegulikdan o‘zingizni tiya olmasangiz, muammo intizomda emas, balki miyangizda. Mazali ponchik oldida nafsni tiya olish ba’zan imkonsizdek tuyuladi. Har qadamda ovqat va yeguliklarning reklamasini uchratish mumkin bo‘lgan hozirgi davrda sog‘lom tana vaznini saqlab qolish juda qiyin. Bu esa ortiqcha vazn muammosini faqat insonning sabri va irodasi bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi”, deydi doktor Sembruk.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.