Mashhurlar
Turmush o‘rtog‘i bilan Yulduz Turdiyeva sabab tanishgan aktrisa Feruza Yusupova hozir nimalar bilan band?
Besh yoshidan san’atga kirib kelgan, “O, Maryam, Maryam”, “Jodugar”, “Oyqiz ertagi”, “Elparvar” kabi filmlaridagi rollari bilan tanilgan, tabiiy go‘zallikni qadrlovchi aktrisa Feruza Yusupova bu yil 24 yoshni qarshiladi. Hozirda Instagram’da faol, sevimli turmush o‘rtoq va yosh ona Feruzaning hayoti va kinodagi faoliyatiga Daryo nazar soldi.
“Bolaligimda uy qizi bo‘lganman”
Feruza Yusupova 2002-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Oilada ikki farzand, bir opasi bor.

— Bolaligimga qaytishni xohlamayman. Kunim deyarli syomkalar bilan o‘tgan.To‘g‘ri, bolaligimdan ko‘nglim to‘lgan, lekin suratga olish ishlaridan tashqari “uy qizi” bo‘lganman. Bog‘chaga ham chiqmaganman. Ana boradi, mana boradi, deyishgan, lekin bormaganman. Bog‘chadagi kompot, kisellar haqida gapirishsa, eshitib o‘tiraman-da, boshqacha bo‘lsa kerak deb qo‘yaman. Ko‘chaga ham deyarli chiqmasdim. Bolalar o‘ynaydigan o‘yinlarni ham ko‘pini bilmayman. Faqat berkinmachoq bilan beshtoshni bilaman (kulib). Oq-terakmi, ko‘k terak o‘yinini yomon ko‘rar edim, doim yugurib kelib, yiqilardim, deydi Feruza Yusupova.
“Yoshlikka qaytsam, faqat yaxshi o‘qirdim”

— Besh yoshli Feruzani ko‘rib qolsam, faqat yaxshi o‘qi, derdim. Rostini aytsam, maktabda yomon o‘qimaganman. Lekin kimyo, fizika, matematika kabi fanlarni umuman yoqtirmasdim. Doskaga chaqirish boshlansa, kitoblarning orasiga kirib ketgudek berkinib o‘tirardim. Bolaligimda yana bir g‘alati odatim bo‘lgan. Uyimizni juda yaxshi ko‘rardim. U bilan gaplashardim, salom berardim, ketayotganimda xayrlashardim. Bir kuni bu uyni sotamiz, boshqa joyga ko‘chamiz deyishgan. Juda qattiq xafa bo‘lib, uyimizni quchoqlab, silab, yaxshi gaplar gapirib, xayrlashib ketganman, deya eslaydi Feruza.
“Yig‘lab berganim uchun kinoga qabul qilishgan”
Feruza Yusupova bolaligida “Jodugar”, “Tuzoq”, “O, Maryam, Maryam“, “Men yulduzman”, “Oyqiz ertagi”, “1-avgust” kabi filmlarda ikkinchi darajali rollar yoki biror bosh qahramonning yoshligini ijro etgan. “Sabr” filmi aktrisaning faoliyatidagi ilk katta rol bo‘lgan.

— Kinodagi ilk rolim “Tuzoq” filmida bo‘lgan. O‘shanda besh yoshli qizaloq edim. Meni kinoijodkorlar ko‘rib qolishgan, rosti, qayerdaligini bilmayman. Chunki aytganimdek uydan ko‘chaga chiqmaydigan qiz edim-da. Onamga “Tuzoq” filmimizga kichkina qizcha kerak, qizingizni kastingga olib keling deyishgan. Onam “Qizim uyda o‘tiradi, hatto bog‘chaga ham bormagan, eplolmasa kerak”, degan. Mayli bir ko‘raylik deb chaqirishgan. “Feruza, tasavvur qil, dadang ketib qoldi, nima qilasan” deb vaziyatni tushuntirishgan. O‘zimdan o‘zim yig‘lab berganman. Bo‘ldi, kastingdan o‘tdi, mana bo‘lar ekan-ku, deb shu bilan filmga qabul qilishgan.
Ko‘pchilik biladi, onam Dilbar Yusupova kinorejissyor. Shu gapni aytishim bilan hamma joyda tushunarli, tushunarli deyishadi. Yo‘q, lekin men san’atga kirib kelganimdan keyin onam rejissyor bo‘lgan, deydi u.
“Ssenariy o‘qimasdan rol o‘ynaganman”

— Ssenariy men uchun juda muhim. Hatto menga ssenariy yuborishsa, 2-3 varaq o‘qib, keyin boshqa ishimni qilib, yana qaytib kelib uni o‘qiy olmayman. Men bir o‘tirganda butun boshli ssenariyni o‘qib tugatishim kerak. Shundan so‘ng bu rol menga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi sintez qilaman. Shu kungacha bir martagina ssenariy o‘qimasdan rol ijro etganman, u ham imtihon, korrupsiya haqidagi “1-avgust” filmida. U filmda umuman boshqa qiz rol o‘ynashi kerak bo‘lgan. Men haqimda gap ham bo‘lmagan. Lekin u aktrisa syomkaga bir kun qolganida ketib qolgan. Menga qo‘ng‘iroq qilib, “Feruza, zudlik bilan ertagayoq yetib keling” deyishgan. Borganman, o‘shanda ssenariy o‘qimasdan, kadrlarga kirishdan oldin rejissyor bilan gaplashib, rol o‘ynaganman, deydi Feruza Yusupova.
Agar Gollivudda tekinga rol berilsa, qatnashgan bo‘larmidi?

— Nimaga yo‘q? Gollivud filmida rol ijro etsam, zo‘r bo‘lardi, albatta. Ammo rolga qarab. Chunki xorij filmlarida o‘zbek mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan sahnalari bo‘ladi. Menga o‘zi doim jangari, triller, drama — jiddiy janrdagi kinolar yoqqan. Detektiv obrazmi yoki biror josus bo‘lsa, shunday rollarga qiziqaman. O‘zimni yangidan kashf qilgan bo‘lardim, deydi u.
Hozircha nega kinolardan tanaffus qilyapti?

— San’at sohasiga juda erta kirib kelganim uchun ko‘p narsani ko‘rdim, ancha ishladim. Qaysidir ma’noda bu narsadan to‘ydim, desam ham bo‘ladi. Kino mening sevgim, muhabbatim — bu fakt. Ammo shunday vaziyatlar bo‘ladiki, yoki o‘zingiz yoki sevgingizni tanlash payti keladi. O‘zimning kelajagim uchun undan vaqtincha voz kechib turishim mumkin. Kino doim qalbimda bo‘ladi, buni inkor qilmayman. Kinoni tark etishim mumkinmi, yo‘qmi — bu vaqt masalasi. Hozir bo‘ldi, kinodan ketdim deb ham, qolaman deb ham 100 foiz aytolmayman, deydi u.
“San’at institutida erkinlik yo‘q”
Feruza Yusupova San’at va madaniyat institutida tahsil olgan. Ammo 2-kursda yo‘nalishini sirtqi ta’limga ko‘chirgan. Buning sababini institutda syomka jarayonlariga erkinlik berilmasligida deydi.
— Institutga kirayotganimda umuman boshqa dunyoga, boshqa muhitga tushib qolaman, u yerda hamma ijodkor, deb o‘ylaganman. 2-kursda o‘qishimni kunduzgidan sirtqi ta’limga o‘zgartirdim. Chunki institut, ustozlar tomonidan suratga olish ishlarimga juda ko‘p to‘sqinliklar bo‘lgan. Bu holat menga uncha yoqmagan. Bolalikdan aktrisa ekanimgami, bilmayman, syomkalarimni ustunroq qo‘yganman, degan edi aktrisa oliygohdagi o‘qishi haqida.
“Hamdam Sobirov bilan ishlash qulay”

— Kliplarda eng ko‘p olgan gonorarim kuniga 800 AQSH dollari bo‘lgan. Mening tashrif qog‘ozimga aylangan klip Hamdam Sobirovning “20-mart” klipi. O‘zimga ham Hamdam aka bilan, ularning jamoasi bilan ishlash har taraflama juda yoqadi. Vaqtni cho‘zib ham tashlashmaydi, hammasi joy-joyida, tez-tez suratga olinadi, deydi u.
Feruza Yusupova 2022-yilda o‘zining besh yildan keyingi hayotini shunday tasavvur qilgan:

— Besh yildan so‘ng, albatta, ikki nafar farzandim bo‘ladi. Rusumini bilmayman-u, ammo kattagina mashinam ham bo‘lishini istayman. O‘zim o‘ylagan biznesim va xayriya fondim bo‘lishini reja qilganman. Turmush o‘rtog‘im bilan Toshkentda yashayotgan bo‘laman, degan edi aktrisa bundan to‘rt yil avval.
“Yulduz Turdiyevaning klipida baxtimni uchratganman”
Feruza Yusupova taniqli instabloger, vayner Abduvali Saxiyev bilan qanday tanishgani haqida gapirib bergan.

— 11-sinfda o‘qiyotgan paytim Yulduz Turdiyevaning “Sevolmasang ayt” klipida bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan birga suratga tushganmiz. Syomka jarayonida tanishganmiz, shundan so‘ng meni yoqtirib qolib, ko‘nglimni olishga uzoq vaqt harakat qilganlar. Bu harakatlarida jiddiylikni sezganimdan keyin men ham turmush o‘rtog‘imni yoqtirib qolganman.
Masalan, karantin davrida odamlar ko‘chaga chiqib, ishini bitirib kelishi uchun ikki soat vaqt berilardi. O‘shanda menga bir shirinlik yoqib qolgandi. Meni xursand qilish uchun o‘sha shirinlikni har kuni uyimga — 10-15 km masofaga olib kelib berardilar. Bundan tashqari birgina gapim uchun o‘sha paytdagi eng so‘nggi rusumda bo‘lgan iPhone 11 sovg‘a qilgan. Bu ulardan olgan birinchi sovg‘am edi. Juda ko‘p sovg‘alar, romantik uchrashuvlar tashkillashtirganlar.
O‘zi yoshligimdan biror joyga borib, biror kafe-restoranda dugonalarim bilan o‘tirib yurgan qiz emasman. Bizning oiladagi qizlar shunday bo‘lgan. U inson meni hamma narsa bilan tanishtirib, hamma narsaga o‘rgatgan, shahar tanishtirgan desam ham bo‘ladi (kulib), deydi Feruza.
Turkiya sohillaridagi kutilmagan Marry me

2024-yilning iyun oyida Turkiyada sohil bo‘yida Abduvali Saxiyev romantik tarzda Feruzaning qo‘lini so‘ragan edi. Keyinchalik Feruza bu voqeani umuman kutmaganini, oqshomdagi oq liboslar esa turfirma tomonidan o‘tkaziladigan kecha uchun olib kelinishi kerak deb o‘ylaganini aytgan.
“Eng go‘zal juftlik”

“2024-yilning eng chiroyli juftligi” deya e’tirof etilgan yoshlar — aktrisa Feruza Yusupova va bloger Abduvali Saxiyev hayotida o‘sha yilda yangi sahifa ochildi. Sevgisiga yetishishni naqd 4 yil kutganini aytgan Abduvali 2024-yilning 11-noyabrida Feruzaga uylandi. Ularning nikoh oqshomida eng mashhur san’atkor va blogerlar xizmatda bo‘ldi. Feruzaning kelinsalomini aktrisa Vazira Yunusova o‘tkazdi.
Yoshlar asal oyini Tailandda o‘tkazdi, keyinroq esa Maldiv orollarida davom ettirishdi.

Juftlik 2025-yilning 23-sentyabrida ilk bor ota-onalik maqomiga erishdi. Bu kunda yosh oilada ikki karra xursandchilik bo‘ldi, ya’ni jajji qizaloq otasining tug‘ilgan kunida dunyoga keldi. Unga Shamsiya deb ism qo‘yishdi.
Instagram’dagi reklamasi narxi qancha?
Aktrisa bo‘lishiga qaramay, Feruza Yusupova Instagram’da juda faol. U ko‘proq kelinlik va onalik hayoti, oilaviy videokontentlar, go‘zallik maslahatlari va ayol-qizlar uchun qiziqarli mavzularda blog olib boradi. Xo‘sh, Instagram’da 1,5 million obunachiga ega Feruza reklama uchun qancha haq so‘raydi?
Aktrisa reklamangizni suratga olib, stories’ga joylab berishi uchun 1 000 dollar to‘lashingiz kerak. Reels narxi esa 4 000 dollarni tashkil etadi. Video reklama beruvchining sahifasi bilan kollaboratsiya qilinadi.
-
20.08.2022Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


