Texnologiyalar

O‘zbekiston sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha reytingda 142-o‘rinni egalladi

pic
Foto: Freepic.com

Loading

Dunyo bo‘ylab sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish sur’ati tobora ortib bormoqda. Microsoft kompaniyasi mutaxassislari tomonidan 2026-yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida sun’iy intellekt vositalaridan kundalik hayotda yoki ish faoliyatida muntazam foydalanadiganlar soni 17,8 foizga oshgan.

Tadqiqotda 147 ta davlatdagi aholining sun’iy intellekt va neyrotarmoq texnologiyalaridan foydalanish darajasi tahlil qilinib, global reyting shakllantirilgan.

Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda sun’iy intellekt vositalaridan muntazam foydalanadigan aholi ulushi 7,2 foizni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich bilan mamlakat 147 davlat orasida 142-o‘rinni egalladi.

Tadqiqot davomida mamlakatlarning sun’iy intellekt infratuzilmasi, texnologiyalarni joriy etish darajasi hamda aholining kundalik hayotida ulardan foydalanish ko‘rsatkichlari baholangan. Reytingni shakllantirishda sun’iy intellekt vositalarining amaliy qo‘llanishi asosiy mezon sifatida olingan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori natijani Qozog‘iston qayd etdi. Ushbu mamlakat aholisining 15,9 foizi sun’iy intellekt va neyrotarmoqlardan muntazam foydalanadi. Natijada Qozog‘iston jahon reytingida 70-o‘rindan joy oldi.

Qirg‘iziston 9,5 foizlik ko‘rsatkich bilan 116-o‘rinni, Tojikiston esa 6,1 foiz bilan 145-o‘rinni egalladi. MDH davlatlari orasida eng yaxshi natija Ozarbayjonga tegishli bo‘lib, aholining 17,7 foizi sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanadi. Bu mamlakat reytingda 62-o‘rinda qayd etilgan.

Shuningdek, Belarus 115-o‘rin, Rossiya 117-o‘rin, Armaniston esa 139-o‘rinni egallagan.

Jahon reytingida esa Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilik qilmoqda. Ushbu mamlakatda aholining 70,1 foizi sun’iy intellekt vositalaridan muntazam foydalanadi. Ikkinchi o‘rinda Singapur (63,4 foiz), uchinchi o‘rinda esa Norvegiya (48,6 foiz) qayd etilgan.

Dastlabki o‘nlikdan Irlandiya, Fransiya, Ispaniya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Qatar ham joy olgan.

Tadqiqot natijalari Janubiy Koreyada ham sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanayotganini ko‘rsatdi. Mamlakatda ushbu vositalardan muntazam foydalanadiganlar ulushi bir yil ichida 30,7 foizdan 37,1 foizga oshgan.

Qiziqarli jihati shundaki, dunyodagi sun’iy intellekt infratuzilmasining katta qismi AQSр nazoratida bo‘lishiga qaramay, mamlakat reytingda 21-o‘rinni egallagan. Amerikaliklarning 31,3 foizi sun’iy intellekt vositalaridan foydalanadi. Xitoy esa 16,4 foizlik ko‘rsatkich bilan 67-o‘rindan joy olgan.

Reytingning eng quyi pog‘onasida Kambodja qayd etilgan. Bu mamlakatda sun’iy intellekt va neyrotarmoq texnologiyalaridan muntazam foydalanadiganlar ulushi 5,7 foizni tashkil etadi.

Mutaxassislar fikricha, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish darajasi yaqin yillarda iqtisodiy rivojlanish, ta’lim sifati, mehnat unumdorligi va raqamli transformatsiya jarayonlarining muhim ko‘rsatkichlaridan biriga aylanadi. Shu bois ko‘plab davlatlar ushbu yo‘nalishga katta investitsiyalar yo‘naltirib, aholining raqamli ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.