Jahon

Yaponiyada ayiq hujumlari rekord darajaga yetdi: bir yilda 13 kishi halok bo‘ldi

pic
Foto: AP

Loading

Yaponiyada ayiqlarning aholi yashash hududlariga kirib kelishi tobora jiddiy muammoga aylanmoqda. Mamlakat Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda ayiqlar tomonidan sodir etilgan 230 dan ortiq hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Navbatdagi hodisa seshanba kuni Fukushima shahrida sodir bo‘ldi. Qora ayiq sanoat hududiga kirib, to‘rt kishiga hujum qildi.

Zavod hududidagi hujum kameraga tushib qoldi

Favqulodda xizmatlarga metallurgiya korxonasi — Fukushima Steel Works dan qo‘ng‘iroq kelib tushgan. Xabarga ko‘ra, ayiq ikki nafar ishchiga hujum qilgan.

Kuzatuv kameralaridagi tasvirlarda qora ayiq zavod hududiga kirib kelgani va yosh xodimni quvib yiqitganini ko‘rish mumkin. Keyinchalik u yana bir ishchiga tashlangan. Shundan so‘ng hayvon yaqin atrofdagi boshqa korxona hududiga o‘tib, yana bir erkakni yaralagan.

Ayiqning navbatdagi qurboni esa 80 yoshdan oshgan mahalliy ayol bo‘ldi. Yaxshiyamki, barcha jabrlanuvchilar tirik qolgan. Uch erkak yengil, ayol esa o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohatlari olgan.

Ayiqni tutish bo‘yicha operatsiya davom etmoqda

Mahalliy politsiya va qutqaruv xizmatlari ayiqni izlash ishlarini davom ettirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, u hozir ham korxonalardan biri hududida yashirinib yuribdi.

Voqeadan so‘ng yaqin atrofdagi ikkita ta’lim muassasasi vaqtincha yopildi. Maktab o‘quvchilari masofaviy ta’limga o‘tkazildi, aholiga esa zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi.

Nega ayiqlar odamlar yashaydigan hududlarga kirib kelmoqda?

Mutaxassislar bunga bir necha omillar sabab bo‘layotganini ta’kidlashmoqda. Mamlakatning shimoliy hududlarida aholi soni kamayib, qishloqlar bo‘shab bormoqda. Shu bilan birga, ayiqlarni nazorat qiluvchi tajribali ovchilar soni ham qisqarib ketgan.

2026-yil mart oyida Yaponiya hukumati mamlakatdagi ayiqlar sonini taxminan 57 800 bosh deb baholadi. Shu munosabat bilan maxsus boshqaruv dasturi tasdiqlanib, yovvoyi hayvonlar sonini nazorat qilish choralari kuchaytirildi.

Rejaga ko‘ra, besh yil ichida ayiqlar bilan ishlovchi mutaxassislar soni uch baravarga oshirilib, 2 500 nafarga yetkaziladi. Shuningdek, maxsus tuzoqlar soni ham ikki baravar ko‘paytiriladi.

Sayyohlarga ham ogohlantirish berildi

So‘nggi paytlarda ayiqlar haqida xabarlar hatto Tokiyo atrofidagi mashhur sayyohlik va piyoda yurish maskanlaridan ham kelmoqda. Xususan, Okutama hududida qo‘shimcha tuzoqlar o‘rnatilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ogohlantirishlar berilmoqda.

Yaponiya hukumati fuqarolar va sayyohlarga o‘rmonlarda sayr qilishdan oldin ayiqlar haqidagi ogohlantirishlarni tekshirishni tavsiya qilmoqda. Ayniqsa, ertalabki va kechki paytlar hayvonlar eng faol bo‘ladigan vaqt hisoblanadi.

Ayiqqa duch kelsangiz nima qilish kerak?

Ekologiya vazirligi tavsiyalariga ko‘ra, ayiqni ko‘rib qolgan odam vahimaga tushmasligi kerak. Sekin harakat qilish, hayvonga orqa o‘girmaslik va aslo qochmaslik tavsiya etiladi. Agar hujum muqarrar bo‘lsa, yerga yuztuban yotib, tanani g‘ujanak qilib olish va bo‘yin qismini himoya qilish lozim.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, eng muhim vazifa — bosh va bo‘yin sohasini himoya qilib, hayot uchun xavfli jarohatlarning oldini olishdir.

Yaponiyada ayiqlar bilan bog‘liq holatlar sonining ortib borayotgani hukumatni yangi choralar ko‘rishga majbur qilmoqda. Mutaxassislar esa yaqin yillarda odamlar va yovvoyi hayvonlar o‘rtasidagi bunday to‘qnashuvlar yanada ko‘payishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.