Jahon

Kolumbiya prezidentini lavozimidan chetlashtirishmoqchi bo‘lishdi

photo
Foto: Ria.ru

Loading

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro saylov jarayoniga aralashganlikda gumon qilinib, unga nisbatan vaqtinchalik cheklov chorasi qo‘llash tashabbusi ilgari surildi.

Kolumbiya Kongressi Vakillar palatasining Tergov va ayblovlar bo‘yicha komissiyasi raisi prezidentni tergov davomida vaqtincha lavozimidan chetlashtirish haqida qaror chiqargan.

Mazkur chora mamlakatda prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi yakunlanadigan 21-iyungacha amal qilishi belgilangan. Gustavo Petro esa ushbu saylovlarda ishtirok etmayapti, uning prezidentlik vakolati joriy yil avgust oyida tugaydi.

Davlat rahbari ommaviy chiqishlari orqali nomzodlardan birini qo‘llab-quvvatlagani, bir qator bahsli bayonotlar bergani hamda saylov natijalarini hisoblash jarayonining shaffofligi va halolligiga shubha bildirgani uchun tanqid ostida qolgan.

Kolumbiya Markaziy saylov komissiyasi esa prezident saylov ma’lumotlarini noto‘g‘ri talqin qilganini, biroq ovozlarni soxtalashtirish holati kuzatilmaganini ma’lum qilgan.

Mamlakat ichki ishlar vaziri Armando Benedetti prezidentni chetlashtirish haqidagi qarorni konstitutsiyaga zid deb atadi.

Uning ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, prezidentni lavozimidan vaqtincha chetlashtirish vakolati faqat Senatga tegishli bo‘lib, bunday qarorni Vakillar palatasining alohida komissiyasi qabul qila olmaydi.

Hozirda Nyu-York shahrida bo‘lib turgan Gustavo Petro ham vaziyat yuzasidan munosabat bildirib, avgust oyida vakolat muddati tugashi bilan lavozimini tark etishini ta’kidladi.

Shuningdek, u mamlakatdagi siyosiy vaziyatdan foydalanib hokimiyatda qolishga urinayotgani haqidagi taxminlarni asossiz deb atadi.

Mazkur voqea Kolumbiyada prezidentlik saylovlari arafasida siyosiy keskinlikning ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ekspertlar fikricha, saylov natijalari va siyosiy bayonotlar atrofidagi bahslar yaqin haftalarda ham mamlakat siyosiy kun tartibining markazida bo‘lib qolishi mumkin.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.