Mashhurlar

“Bitta uyga bitta aktrisa yetadi”: Vazira Yunusova qizlarining tarbiyasi va turmush oʻrtogʻining taqiqi haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Aktrisa Vazira Yunusova farzandlariga bergan qatʼiy tarbiyasi, qizlarining hozirda unga yordamchi boʻlib ishlayotgani va nima sababdan ularning sanʼatkor boʻlishiga ruxsat berilmagani haqida “Oʻzimizning gap” dasturida soʻzlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Qizlarim tarbiyasi bilan jiddiy shugʻullanganmiz”

— Boshida oʻzim olgan tarbiya bilan farzandlarimni ulgʻaytirdim. Rahmatli xoʻjayinim bilan bolalarimizni kattalarning koʻziga qarama, unday qilma, bunday qilma deb katta qildik.​

Oʻylab qarasam, ularni ancha siqib qoʻygan ekanman. Keyinchalik qarasam, buning foydalari bilan birga oʻziga yarasha zararlari ham bor ekan. Farzandlarga ozgina erkinlik ham berish kerak ekan, degan fikr paydo boʻlib, mana bir yildan beri ularga erkinlik berdim.

Qizlarimni turmush oʻrtogʻimdan ham avval oʻzim juda qizgʻonardim. Bular baribir qiz bola, birovning xasmi, deb ularning tarbiyasi bilan qattiq shugʻullanganman.

“Qoʻyningdan toʻkilgani qoʻnjingga

Bugungi kunda aktrisaning qizlari uning shaxsiy maʼmuri va mobilografi sifatida faoliyat yuritmoqda.

— Qoʻyningdan toʻkilsa, qoʻnjingga, deyishadi. Bundoq qarasam, qizlarimning qoʻlidan shu ishlar kelyapti. Hozirgi kunda qizlarim yonimga kirib, menga kamarbasta boʻlishyapti. Teatrdagi ishimdan tashqari ishlarni farzandlarim bajarishadi. Hamma ishlarni oʻzlari eplayotgan mahalda nima uchun chetdan ishchi olishim kerak? Harakat qilishyapti, uddalashyapti. Oxirgi paytlar qizlarim sabab boʻlib imijim ham oʻzgardi. Bundan juda ham xursandman. Alloh yaxshi hamki menga uch qiz farzandlar bergan ekan, deyman.

“Durdona qizim — maʼmurim”

— Katta qizimni turmushga berganman. Bir qiz nabiraning buvisiman. Ismi Samira. Kichik qizim hali maktabda oʻqiydi. Shuning uchun maʼmurlik ishlarimga o‘rtancha qizim Durdona masʼul, deydi aktrisa.

Vazira Yunusovaning katta farzandi Farangiz Yunusova:

— Aslida yuridik sohasida taʼlim olganman. Hozirda poytaxtdagi 42-maktabda ishlab kelaman. Ham davlat ishi, ham mobilograflikka ulgurishga harakat qilaman.

Aktrisaning oʻrtancha qizi Durdona Yunusova:

— Iqtisod yoʻnalishida oʻqishni tugatganman. Hozirgi paytda shaxsiy blog yuritishim bilan birga oyim bilan ham ishlayman.

“Reklama va xizmat narxlarini qizlarim belgilashgan”Oʻzi tengi aktrisalar orasida Vazira Yunusovaning ijtimoiy tarmoqlardagi reklama xizmatining narxlari balandligi aytiladi. “Ushbu narxlarni oʻzingiz belgilaganmisiz”, degan savolga aktrisa quyidagicha javob berdi:

— Menda rahm-shafqat tuygʻusi kuchli. Telefon qilishib, pulimiz yoʻq, lekin mana shunaqa narsa qilayotgandik deyishsa, rahmim kelib, xoʻp, deb ketaveraman. Borgandan keyin u qasrni koʻrib “voy”, deb qolgan vaziyatlarim juda koʻp boʻlgan. Shuning uchun xizmat narxlarini belgilab qoʻyganmiz. U qadar baland yoki past ham emas. Shu vaqtgacha xizmatlarimizni juda chiroyli qilib kelyapmiz. Hali biron marta “bizga yoqmadi xizmatingiz”, degan gaplarni eshitmadik, deydi u.

Qizlar: “Onamiz aktrisa ekanligining plyus taraflari koʻp”

— Onamiz aktrisa ekanligining ijobiy tomonlar koʻp. Misol uchun, litseyda oʻqiyotgan paytlarim u yerdagi oʼqituvchilarim onamni juda yaxshi ko‘rishardi. Bir gal onam hamkasblari bilan borib, bir tadbirni chiroyli oʻtkazib bergandan soʻng ustozim menga besh baho qoʻyib bergan deydi, Durdona Yunusova.

— Qayerdadir ishlarimiz bitmay qolgan vaziyat boʻlsa, men Vazira Yunusovaning qizlariman, desam, ishim tez bitadi, deydi aktrisaning katta qizi Farangiz kulib.

“Bir uyga bir aktrisa yetadi”

Nima sababdan qizlaringiz kasbingizni tanlashmadi, degan savolga Vazira Yunusova shunday javob berdi.

— Qizlarim boshida aktrisa boʻlishmoqchi edi. Lekin rahmatli xoʻjayinim “bitta uyga bir aktrisa yetadi”, degan edi. Chunki u paytlarda koʻp gastrol safarlariga ketardim. Xalq xizmati, syomkalar, teatrdagi ish — hammasini oʻylab dadamiz farzandlarini aktrisa boʻlishini istamadi.

“Qizim uchun serialdan rol olib berdim”

Katta qizim turmushga chiqib, farzandli boʻlgach, bir kuni “meni aktrisa boʻlishimga qoʻymagansizlar”, deb yigʻladi. Shunda “rol oʻynaysanmi, boʻldi, gap yoʻq” deb, “Nomus” serialidan rol olib berdim. Qani, bir koʻrsin, dedim. Suratga olish ishlarida qatnashdi, rejissyor “mahoratiga gap yoʻq, rolini bittada olib ketarkan”, dedi hatto.

Oradan bir necha kundan keyin qoʻngʻiroq qilishib, Farangiz syomkaga bormaganini aytishdi. Qizimga qoʻngʻiroq qilsam, “Oyi, men ishdaman—maktabda. Syomkaga bormayman, yoqmadi” dedi. Shundan soʻng serialdagilarga noiloj “ishidan chaqirib qolibdi. Maktab ishi-da, ming bor uzr” dedim. Uyga borgandan soʻng “ish yaxshi ekan-u, kutish yomon ekan. Rolingiz kelishini 5-6 soatlab kutishga toʻgʻri kelarkan” degan, deydi aktrisa Vazira Yunusova.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.