O‘zbekiston
O‘zbekistonda milliy navigatsiya tizimi yaratiladi, Buxoroda 20 ga yaqin akseleratsiya dasturlari ishga tushadi
O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani yangi bosqichga olib chiqish maqsadida milliy navigatsiya tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Hozirda mamlakatda asosan xorijiy navigatsiya platformalaridan foydalanilayotgan bo‘lsa, yangi tizim geoma’lumotlarni yagona standart asosida shakllantirish va turli sohalarda raqamli boshqaruvni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Kuni kecha mazkur masala Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida raqamlashtirish va telekommunikatsiya sohalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimotda muhokama qilindi.
Davlat boshqaruvi yagona raqamli platformaga o‘tadi
Taqdimotda ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlat idoralarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari alohida-alohida shakllangan. Bu esa ma’lumotlarni tahlil qilish, ularni o‘zaro uyg‘unlashtirish hamda samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilishda qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Shu bois davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi. Ushbu platformada hududlar iqtisodiyoti, investitsiyalar, ekologik holat, xavfsizlik, aholini qiynayotgan muammolar, mahallalarning rivojlanish darajasi, geoma’lumotlar va xaritalar yagona tizimda jamlanadi.
Platforma sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ma’lumotlarni tahlil qiladi, hududlardagi muammolarni erta aniqlash, qarorlar ijrosini nazorat qilish, resurslarni samarali taqsimlash hamda boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Prezident ushbu tizimni joriy yilning o‘zida Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirish, kelgusi yildan esa barcha hududlarga bosqichma-bosqich tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
Tovar va xizmatlar yagona tizim asosida tasniflanadi
Taqdimot davomida tovar va xizmatlarni yagona milliy tasniflash tizimini yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Hozirda bojxona, soliq, statistika va boshqa idoralar turli klassifikatorlardan foydalanayotgani sababli tadbirkorlar uchun ortiqcha xarajatlar yuzaga kelmoqda, statistik ma’lumotlarning aniqligi pasaymoqda hamda idoralar o‘rtasidagi axborot almashinuvi murakkablashmoqda.
Yagona tasniflash tizimi joriy etilgach, byurokratik jarayonlar qisqaradi, davlat idoralari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi soddalashadi va hisobotlar sifati yanada yaxshilanadi.
Milliy navigatsiya tizimi yaratiladi
Mas’ullar tomonidan milliy navigatsiya tizimini yaratish bo‘yicha alohida taklif ham bildirildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda navigatsiya xizmatlarining asosiy qismi xorijiy platformalar orqali amalga oshirilmoqda. Milliy tizim esa geoma’lumotlarni yagona standart asosida shakllantirib, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlari faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
IT eksporti va startaplar rivojiga yangi turtki
Mamlakatda 2030-yilgacha axborot texnologiyalari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 5 mingta faol startap tashkil etish hamda 2 milliard dollar investitsiya jalb qilish maqsadi belgilangan.
Taqdimotda qayd etilishicha, xalqaro StartupBlink reytingida O‘zbekiston 31 pog‘onaga yuqorilab, dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Toshkent Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Samarqand va Farg‘ona ilk bor dunyoning TOP-1000 startap shaharlari qatoridan joy oldi.
Shuningdek, xorijiy mutaxassislar va investorlar uchun Talent Hub dasturini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Dastur orqali ular masofadan turib kompaniya, bank hisobraqami va xalqaro bank kartasini rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, IT Park rezidentlari xodimlari uchun amaldagi soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, IT Visa va Zero Risk dasturlarini kengaytirish taklif etildi.
Axborot texnologiyalari eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplash, xalqaro sertifikat olish xarajatlarini kompensatsiya qilish hamda xorijiy mutaxassislar va buyurtmachilarni jalb etish uchun relokatsiya xarajatlarini qisman moliyalashtirish mexanizmlari ham nazarda tutilmoqda.
Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida 20 dan ortiq akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha ham qator tashabbuslar ilgari surildi.

Telekommunikatsiya sohasi soddalashtiriladi
Yig‘ilishda telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
So‘nggi yillarda aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 41 foizdan 98 foizga yetgani, internet tarmoqlarining umumiy o‘tkazish quvvati esa 65 barobar oshgani qayd etildi.
Shu bilan birga, olis hududlarda simli internetdan foydalanish darajasi hali ham past ekani hamda mahalliy tadbirkorlar uchun telekommunikatsiya xizmatlari bozori yetarlicha jozibador emasligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish bo‘yicha mavjud ikki turdagi litsenziyani bittaga birlashtirish, litsenziya berish muddatini 25 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartirish taklif qilindi.
Yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni yuqori tezlikdagi internet texnologiyalarini hisobga olgan holda loyihalash majburiy etib belgilanadi. Bu esa yangi turar joylarda optik tolali internet infratuzilmasini avvaldan shakllantirish imkonini beradi.
Telekommunikatsiya sohasida faoliyat boshlamoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Kelajak tadbirkori» dasturi doirasida 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga, yillik 15 foiz stavkada 530 million so‘mgacha kreditlar ajratish rejalashtirilgan. Shuningdek, chekka hududlarda ishlayotgan tadbirkorlar uchun alohida imtiyozli tarif rejalari ishlab chiqiladi.
Yig‘ilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha takliflarni ma’qullab, davlat idoralari o‘rtasida ma’lumotlar integratsiyasini kuchaytirish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlash hamda xususiy sektor uchun yanada qulay sharoit yaratish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat boshqaruvini yanada zamonaviy, shaffof va samarali tizimga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, milliy navigatsiya tizimining yaratilishi geoma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, strategik infratuzilmalarni boshqarish hamda transport va logistika sohalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Yagona raqamli platformalar orqali idoralar o‘rtasidagi hamkorlik kuchayadi, fuqarolar va tadbirkorlar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish yanada qulaylashadi. Shu bilan birga, IT sohasi, startaplar va telekommunikatsiya infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekistonning mintaqadagi raqamli markazlardan biriga aylanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
-
20.08.2022Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


