Qiziqarli

Sevimli multfilm va filmlardagi ko‘pchilik payqamagan yashirin detallar

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Sevimli film va multfilmlarimizni yoddan biladigandek tuyulsak-da, har safar ularni qayta tomosha qilganda yangi bir tafsilotga ko‘zimiz tushadi. Masalan: Ivan Vasilyevichning kilkani ishtaha bilan yeyishi yoki Buratinoning o‘zgaruvchan burni. Quyida eski kinolentalardan yillar davomida payqalmagan jihatlarni ko‘rib chiqamiz — ularning ba’zilari qo‘shimcha ma’no kasb etar ekan. Daryo maqolasi shu haqida.

“Kavkaz asirasi” filmidagi Ninaning abodogi qahramonning odobidan darak bergan

O‘tgan asrning o‘rtalarigacha xonimlar ko‘chaga chiqishdan oldin shlyapa kiyib, qo‘lqop taqishi kerak, deb hisoblanar edi. Ammo 1960-yillardan boshlab bu qat’iy etiket qoidalari asta-sekin ahamiyatini yo‘qota boshladi. Shunday bo‘lsa-da, ayollar uchun boshyalang yurish hali ham odatiy hol emasdi. Shunda majburiy shlyapalar o‘rnini nafis lentalar yoki plastik abodoklar egalladi. Demak, Nina shunchaki soch aksessuarini emas, balki bosh kiyimining ixcham bir turini taqib yurgan.

“I operatsiyasi” filmidagi kutubxonaning bunchalik sahar-mardonda ochilishi bejiz emasdi

Qaysidir kutubxona tonggi soat uchdan ishlashiga ishonish qiyin: axir, shunday bemavrid paytda u yerga kim ham borardi? Ammo lavhadagi ma’lumot rekvizitlar bilan shug‘ullangan odamlarning xatosi emas, balki rejissyorning ayyorona ishorasi bo‘lsa-chi? Zero, o‘sha filmning boshqa bir novellasida Qo‘rqoq operatsiya boshlanishini ayni shu vaqtga – tungi soat 3 ga belgilaydi.

“Ayoz bobo” ertagidagi to‘nkalar aslida jonli bo‘lgan

“Ayoz bobo” filmida Yalmog‘iz kampir kulbasining ikkinchi nusxasi porolondan yasalgan. Uning mexanizatsiyalashgan birinchi nusxasi faqat oddiy harakatlarni bajara olar, raqsga tusholmasdi. Bundan tashqari, porolon Ivanni quvlagan chirik to‘nkalarni jonlantirishga ham yordam berdi. Ularni maxsus kostyumlar kiygan aktyorlar gavdalantirgan. Libos ustalari va operator mahorati tufayli bu konstruksiyalar ichidagi odamlarni ilg‘ash qiyin.

Film so‘ngida Buratinoning burni butunlay boshqacha bo‘ladi

Agar bolalikda kimlargadir syujet rivojlangan sari Buratinoning burni biroz kichrayib borayotgandek tuyulgan bo‘lsa, aslida ham shunday bo‘lgan. Qahramon yuzining bu qismi vaqt o‘tgan sari rostanam qisqarib borgan. Buning Buratinoning makkorlikka moyilligiga hech qanday aloqasi yo‘q, axir u har safar yolg‘on gapirganida burni o‘smasdi, aksincha, qisqarardi.

Gap shundaki, yosh aktyor uchun penoplast va rezinadan bir necha o‘nlab burunlar yasalgan. Biroq ijodkorlar dastlabki suratga olingan sahnalarni ko‘zdan kechirgach, yasama burun aktyorning his-tuyg‘ularini ifodalashiga xalaqit berayotganini tushunishgan. Shu sababli uning burnini qisqartirishgan.

“Brilliant qo‘l” filmida hatto Alfred Xichkok filmlariga ishoralarni ham uchratish mumkin

“Brilliant qo‘l” filmida Gayday o‘tgan asrning 50–60-yillaridagi ko‘plab mashhur filmlardan olingan sahnalarni havas qilgulik iste’dod va hazil-mutoyiba bilan parodiya qilgan. Qolaversa, bunda faqat Jeyms Bond haqidagi filmlargagina ishora qilmagan: kuzatuv yoki ta’qib bilan bog‘liq deyarli har bir epizodda mashhur maxfiy agentning sarguzashtlari ustidan beozor kulinadi.

Semyon Gorbunkovning gipslangan oyoq bilan kelishi aks etgan “Brilliant qo‘l” filmining yakuni Alfred Xichkokning “Hovliga qaragan deraza” filmiga ishora qiladi. Unda bosh qahramon Jeff oyog‘i gipslangani sababli uyda o‘tirishga majbur bo‘ladi va zerikkanidan tergov o‘tkaza boshlaydi. Film so‘ngida Jeff yovuz qahramonning aybini isbotlaydi, ammo bu jarayonda ikkinchi oyog‘ini ham sindirib oladi.

Leonid Gayday kilkaga bo‘lgan mehrni nozik hazil ostiga olgan

O‘tgan asrning 70-yillarida oziq-ovqat do‘konlarida mahsulotlar unchalik ko‘p bo‘lmagan, biroq turli-tuman kilka konservalari mo‘l-ko‘l edi. Bu mahsulotni xuddi baqlajon ikrasi kabi o‘rtamiyona oila muzlatkichidan ham topish mumkin bo‘lgan.

Rejissyor bu holatni hazilomuz tarzda ko‘rsatish uchun podshoh saroyidagi bazmni olimning Moskvadagi xonadonidagi kamtarona dasturxonga shohning bankadan baliq olayotgan qo‘lining yirik plani orqali bog‘laydi. Turfa noz-ne’matlarga to‘la stol va taomga qo‘l cho‘zayotgan Bunshadan so‘ng, ekranda Ivan Grozniyning ishtaha bilan kilkani paqqos tushirayotgani ko‘rsatiladi.

Puchuqvoy mehmonlarni yoqtirmasdi

Boris Zaxoder tarjimasidagi “Vinni Puh” multfilmidagi Puchuqvoyning eshigidagi “Begona V.!” degan sirli yozuv unga Begona Villi ismli bobosidan meros qolgan. Demak, bu shunchaki sobiq uy egasining ismi va familiyasi, xolos.

Biroq Alan Milnda bunday aniqlik kiritilmagan. Shu sababli lavhani baribir “Begonalarga kirish taqiqlanadi” deb tushuniladi. Shunday ekan, Puchuqvoy va uning ajdodlari chaqirilmagan mehmonlarni haqiqatan ham uncha xush ko‘rishmagan.

“Uchar kema”dagi Zabava biz o‘ylagandek yaxshi farzand emasdi

Bolaligimizda barchamiz hisob-kitob bilan turmush qurishni istamagan va ozodlikka intilgan malikaga achinar edik. Ammo sevimli multfilmingizni katta bo‘lgach, qayta tomosha qilsangiz, malikaga nisbatan savollar paydo bo‘ladi. Beixtiyor sho‘rlik otasiga rahmingiz kela boshlaydi. Axir, ko‘rinishidan bechoraning moliyaviy ahvoli chatoq. Jahli chiqqan Zabava barcha idish-tovoqlarni derazadan uloqtirib yuborgach, podshoh qo‘rqibgina pachoqlangan samovarini ko‘tarib oladi va keyinroq o‘sha samovardan choy ichadi. Aftidan, uning hatto yangisini sotib olishga ham puli bo‘lmagan.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.