Buxoro yangiliklari
Vobkent tuman hokimi va “rayono” rahbari rasmlariga SI (sun‘iy intellekt) yordamida ishlov berib, feyk xabarlar tarqatilmoqda
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Vobkent tumani hokimi hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari faoliyatiga oid turli mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan Vobkent tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, xabarga ilova qilingan fototasvirda sun’iy intellekt texnologiyalari, jumladan, deepfake vositalaridan foydalanilgan bo‘lishi ehtimolini ko‘rsatuvchi ayrim belgilar kuzatiladi.
Shuningdek, xabar matnida keltirilgan ma’lumotlar hech qanday dalil yoki isbot bilan tasdiqlanmagan, bir tomonlama yoritilgan hamda uydirma xususiyatiga ega ekani ta’kidlandi.
Hokimlik eslatishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga 2026-yil 26-mart kuni kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalari, jumladan deepfake vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq holatlar alohida huquqiy tartibga solinadi. Bunda javobgarlik sun’iy intellektdan foydalanilganining o‘zi uchun emas, balki uning yordamida sodir etilgan huquqbuzarliklar, jumladan tuhmat, haqorat, yolg‘on axborot tarqatish yoki shaxsiy hayot daxlsizligini buzish kabi holatlar uchun belgilanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan ayni paytda vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Vobkent tumani hokimligi har qanday murojaat, xabar yoki ma’lumot qonuniylik, xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida ko‘rib chiqilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, o‘tkazilayotgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan tegishli huquqiy xulosa berilishi qayd etildi.
Hokimlik yana bir bor eslatishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda axborot va ommaviy axborot vositalariga oid amaldagi qonunchilikka muvofiq, ommaga tarqatilgan axborotning haqqoniyligi uchun uni e’lon qilgan shaxs qonun oldida javobgar hisoblanadi.
Shu munosabat bilan fuqarolar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tekshirilmagan, tasdiqlanmagan yoki bir tomonlama ma’lumotlarni tarqatmaslik, faqat rasmiy manbalarda e’lon qilingan axborotlarga tayanish hamda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish so‘raldi.
So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan birga, soxta foto, video va boshqa manipulyativ materiallar soni ham ortib bormoqda. Shu sababli har qanday axborotni tarqatishdan avval uning manbasi va ishonchliligini tekshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, davlat organlari yoki mansabdor shaxslarga oid xabarlar bo‘yicha faqat rasmiy bayonotlar va vakolatli idoralar bergan ma’lumotlarga tayanish noto‘g‘ri xulosalarning oldini oladi. Axborotdan mas’uliyat bilan foydalanish nafaqat fuqarolik madaniyatining muhim ko‘rsatkichi, balki boshqalarning sha’ni, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ham muhim shartlaridan biridir.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


