Buxoro yangiliklari

Sho‘r tuproqdan shirin meva: 60 sotixdan 20 tonnadan ortiq uzum

buxoro uzum cover
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Bir paytlar bu yerda beda ekib, ko‘kartirishning o‘zi mushkul edi. Tuproqning sho‘rlanish darajasi yuqori, mehnat esa og‘ir edi. Ammo “Ko‘l Chovdur” mahallasida yashovchi Yaxshimurod Choriyev bu zaminga umid va ishonch bilan qadam qo‘ydi, belini mahkam bog‘lab, mehnatga kirishdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Dastlab 20 sotix maydonga tok ekildi. Keyinchalik uzumzor maydoni 60 sotixga yetkazildi. Bugun esa kecha hech narsa unmaydigandek tuyulgan bu zaminda ming tupga yaqin tok yashnab turibdi.

Ko‘l Chovdur mahallasidagi uzumzor

“Toyipi”, “Husayni”, “Behishti”, “Qora kishmish”, “Ketmosopi”, “Avatar” va boshqa navlar mo‘l hosil bermoqda.

Uzum shingillari

Uzumzor shpaler usulida tashkil etilgan. Ilk hosilning o‘zidayoq 20 tonnadan ortiq uzum yetishtirishga erishildi. Bir kilogramm uzum o‘rtacha 5 ming so‘mdan sotilganda, 60 sotix maydondan qariyb 100 million so‘mlik daromad olish imkoniyati yuzaga keladi.

Shpaler usulidagi tokzor

Eng muhimi, bu natija katta sarmoyadan ko‘ra, avvalo, mehnat, sabr-toqat va yerga bo‘lgan mehr samarasidir.

Uzumzor hosili

— Bag‘rim-dilim yayraydi. Mahallamizda “Uzumchi bobo”, “Bog‘bon” deb atashlarining o‘zi meni ruhlantiradi, — deydi Yaxshimurod Choriyev.

Bog‘bon parvarishlagan uzumlar

Uning uzumzori nafaqat xonadon rizq-ro‘ziga xizmat qilmoqda. Mahalla ahli ham bu bog‘dan bahramand. Kimga qancha kerak bo‘lsa, kelib, uzumdan uzib iste’mol qilishi mumkin. Ayniqsa, kuz faslida daladan hosil yig‘ish bilan band bo‘lgan paxtakorlar 100–200 kilogrammdan uzum olib ketishadi.

Ko‘l Chovdurdagi uzumzor manzarasi

Zotan, uzumning haqiqiy ta’mini uni tokdan uzib, dalaning o‘zida tatib ko‘rgan odam biladi. Quyoshda pishgan, shirinligi tilingizda qoladigan, o‘ziga xos betakror ta’mga ega bu uzumlarni tatib ko‘rgan kishi uning nega qadrlanishini anglaydi.

Joriy yilda Yaxshimurod Choriyev 20 tonnadan ortiq hosil yetishtirishning uddasidan chiqdi. Biroq bu hali boshlanishi. Toklar endi voyaga yetib, hosildorlikning eng sermahsul davriga kirib bormoqda.

— Kelgusi yillarda hosilimizni yanada oshirish niyatidamiz. Endi uzumlarimiz voyaga yetdi, — deydi bog‘bon faxr bilan.

Yaxshimurod Choriyevning tajribasi boshqa yer egalarida ham qiziqish uyg‘otdi. Natijada uzumchilikni yanada rivojlantirish maqsadida 10 nafar yer egasini birlashtirgan kooperatsiya tashkil etildi. Ayni paytda ular tomonidan jami 12 gektar maydonda tokzorlar barpo etilmoqda.

Demak, bir paytlar sho‘rlanishi yuqori, hosildorligi past bo‘lgan yerda boshlangan kichik tashabbus bugun kengroq harakatga aylanmoqda. Bir xonadonning mehnati mahallaga, mahallaning tajribasi esa butun hududga ibrat bo‘lmoqda.

Yaxshimurod Choriyevning uzumzori yana bir haqiqatni isbotlaydi: yerga mehr, mehnatga ishonch va sabr bo‘lsa, eng og‘ir zamindan ham baraka undirish mumkin.

Kecha sho‘r tuproq bilan kurashilgan bu maskanda bugun uzumlar shingil-shingil bo‘lib tovlanmoqda. Bu shunchaki uzumzor emas. Bu — mehnatning mevasi, sabrning hosili va tashabbusning yorqin namunasidir.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.