Buxoro yangiliklari

Buxoro tibbiyotida 60 kunlik strategik o‘zgarishlar boshlandi

buxoro tibbiyot 60 kun 21
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish, birlamchi tibbiy yordam samaradorligini oshirish hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan “Dolzarb 60 kunlik strategik o‘zgarishlar” dasturi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Dasturda aholi salomatligini muhofaza qilish, raqamlashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan. Avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish kuchaytiriladi.

Buxoro tibbiyotida 60 kunlik strategik o‘zgarishlar

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” tizimi asosida “og‘ir” toifadagi mahallalarda yashovchi fuqarolarning tibbiy muammolari manzilli o‘rganiladi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan va murakkab jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlar alohida nazoratga olinadi. Davlat tomonidan ajratilgan 671 ta maxsus kvota hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan yuqori texnologiyali tibbiy yordam imkoniyatlari kengaytiriladi.

Shoshilinch yordam bo‘limlari va shok palatalari zarur dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan ta’minlanadi. Ularning zaxirasi har kuni soat 08:00 va 17:00 da monitoring qilinadi. Kafolatlangan paket doirasidagi bepul dori-darmonlarni ambulator va statsionar bemorlarga adolatli yetkazish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.

Tibbiyot muassasalari 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlanib, qozonxona va isitish tizimlari ta’mirlanadi hamda zarur ko‘mir zaxirasi yaratiladi. Viloyatdagi 80 ta tibbiyot muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanib, ular zamonaviy jihozlar va zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanadi.

Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 40 yoshdan oshgan aholi orasida gipertoniya, qandli diabet va yurak ishemik kasalligi xavf omillari bo‘yicha muntazam skrininglar o‘tkaziladi. Sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘ib qilinib, “Besh ming qadam” marafonlari tashkil etiladi. Infarkt va insult holatlarida bemorlarni ixtisoslashgan muassasalarga tezkor yetkazishning aniq yo‘nalishlari joriy qilinadi.

Ochiqlikni ta’minlash uchun bemorlar uchun QR-kodlar, ishonch telefonlari va murojaat qutilari joriy etilib, tibbiy xizmat sifati bo‘yicha murojaatlar muntazam tahlil qilinadi. Muassasalardagi kadrlar masalasi qayta xatlovdan o‘tkazilib, xodimlar uchun qulayliklar yaratish orqali kadrlar qo‘nimsizligini kamaytirish rejalashtirilgan.

Yuqori texnologiyali tibbiy yordamni hududlarda ko‘rsatish uchun har bir tuman va shaharda kamida 10 tadan murakkab operatsiya o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Neyroxirurgiya, kardiojarrohlik, endoprotezlash va laparoskopiya yo‘nalishlarida xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi.

Politravma markazlarida travmatolog, neyroxirurg, reanimatolog va jarrohlardan iborat doimiy tayyor brigadalar 24/7 rejimida faoliyat yuritadi. Dastur ijrosi har hafta nazorat qilinib, yakunda tibbiyot muassasalari rahbarlari faoliyati KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.