Buxoro yangiliklari
Anvar Hamroyev Peshku tumani hokimi etib tayinlandi
Peshku tumanida yangi hokim ish boshlaydi. Xalq deputatlari Peshku tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Anvar Ashurovich Hamroyev tuman hokimi etib tasdiqlandi.
Sessiyada tuman Kengashi deputatlari, hokim o‘rinbosarlari, hudud faollari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi. Yig‘ilishda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov nutq so‘zlab, Peshku tumanining bugungi imkoniyatlari va kelgusidagi rivojlanish istiqbollariga alohida to‘xtaldi.
Viloyat rahbarining ta’kidlashicha, Peshku ko‘pchilik nazarida chekka hududdek ko‘rinsa-da, tumanda iqtisodiyot va sanoatni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Xususan, yer va suv resurslari, foydali qazilma konlari hamda yangidan ishga tushadigan yirik energiya stansiyasi hudud taraqqiyoti uchun muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
— Bu hududda muvaffaqiyatli ishlash uchun birgina talab bor, xolos. U ham bo‘lsa Prezidentimizga va xalqimizga sadoqat va fidokorlik bilan ishlashdir, — dedi Botir Zaripov.
Sessiyaning asosiy masalalaridan biri tashkiliy o‘zgarishlar bo‘ldi. Viloyat hokimi Hayot Hasanovich Davlatov Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani munosabati bilan uni Peshku tumani hokimi lavozimidan ozod etish haqidagi qarorni o‘qib eshittirdi.
Mazkur masala ovozga qo‘yilib, tuman Kengashi deputatlari tomonidan tasdiqlandi.
Shundan so‘ng Peshku tumani hokimi lavozimiga Anvar Ashurovich Hamroyev nomzodi ilgari surildi. U 2020-yildan buyon Buxoro viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Anvar Hamroyev 1978-yilda Buxoro tumanida tug‘ilgan. U 1997-yilda Buxoro kooperativ texnikumini, 2003-yilda esa Buxoro davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — moliyachi va iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini Buxoro tumani statistika bo‘limida mutaxassis sifatida boshlagan Anvar Hamroyev keyingi yillarda turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. Jumladan, Buxoro tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, Kogon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari hamda Buxoro viloyati hokimligi boshqaruv apparati kotibiyat mudiri vazifalarida faoliyat yuritgan.
Sessiyada deputatlar va hudud faollari yangi hokim nomzodi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Muhokamalardan so‘ng Anvar Hamroyev Peshku tumani hokimi etib tasdiqlandi.
Endilikda yangi rahbar oldida tumanning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish kabi muhim vazifalar turibdi.
Peshkuning tabiiy resurslari va energetika sohasidagi yangi imkoniyatlari tumanning iqtisodiy qiyofasini sezilarli o‘zgartirishi mumkin. Buning uchun yangi loyihalarni hududga jalb qilish, mavjud salohiyatni real ish o‘rinlari va daromad manbalariga aylantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sessiya yakunida Peshku tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarni ishga solish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Buxoroisharif.uz jamoasi Anvar Hamroyevni yangi lavozim bilan tabriklaydi va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar hamda mas’uliyatli vazifalarini amalga oshirishda omad tilaydi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


