Buxoro yangiliklari
Buxorodagi Torob tepa haqida eshitganmisiz?
Qadimgi Buxoro o‘zining bir qancha turli vazifalarni bajargan arxeologik yodgorliklardan iborat. Bulardan biri Torob tepa yodgorligidir. Yodgorlik hozirgi Jondor tumani Tarob qishlog‘ining g‘arbida joylashgan Mahmud Tarobiy (Torob tepa) tepaligidir. Tepalik nomi tarixiy Torob qishlog‘i nomidan olingan. Torob qishlog‘i haqidagi ilk ma’lumotlar Abdulkarim as-Sam’oniyning “al-Ansob” kitobida: “Torob – Buxoro qishloqlaridan bo‘lib, Xunbun (Xumin) qishlog‘i yaqinida joylashgan”- deb tilga olingan. Narshaxiy bu qishloqni Tarovcha deb ataydi. Xalq etimologiyasiga ko‘ra, Torob ariqning kichraygan, toraygan joyi ma’nosiga ega. “Gʻiyos-ul-lug‘ot”da motam paytlarida kiyiladigan rangli chopon deb keltirilgan.
Torob Buxorodan 4 farsaxdagi katta qishloq deya arab geograflari tomonidan zikr qilinadi. Torob tepa 1238-yildagi xalq qo‘zg‘oloni rahbari Mahmud Torobiyning vatani va ushbu harakatning paydo bo‘lgan joyi sifatida alohida shuhrat qozongan. XVI asrda Torob tuman markazi sanalib, Xayrabod tumani, qumli cho‘l va Zarafshon bilan chegaradosh bo‘lgan. Hudud aholi tomondan keng o‘zlashtirilgan.
Yodgorlik 3 qismdan – yirik to‘rtburchak tarxga ega bo‘lgan shimoldan janubga qarab cho‘zilgan qal’a va ikkita alohida-alohida joylashgan turar joy-massivlaridan iborat. Tepalikning asosi 200×125 metr, ustki qismi 170×85 metr va balandligi 10 metrni tashkil etadi. Qal’aning sharqiy qismida masjid joylashgan bo‘lib, atrofi paxsa devor bilan o‘rab olingan. Turar joy-massivi to‘g‘ri burchakli tarxga ega bo‘lib, shimoldan janubga qarab cho‘zilgan. Uzunligi 200 metr, eni esa 60-100 metrni tashkil etadi. Balandligi 4 metrga yetadi. Qal’adan taxminan 80 metr shimolga qarab yana bir turar joy massivi joylashgan. Gʻarbdan sharqqa qarab cho‘zilgan bu joy 270 metr uzunlik, 3 metr balandlikni tashkil etadi. Qadimda Torob qal’a atrofida aholi juda zich joylashgan. Mavjud ma’lumotlarga qaraganda ushbu tarixiy ob’yekt IV-V aslarda qad rostlab, XIX asrga qadar faoliyat ko‘rsatgan.
Yodgorlikning joylashgan o‘rni va tuzilishi dastlab 1937-yilda O‘zSSR Tarix va arxeologiya instituti ekspedisiyasi rahbari V. A. Shishkin e’tiborini tortdi. Uning xulosalariga qaraganda 1937 yilda Torob tepa devorlari qisman paxsadan, qisman xom g‘ishtdan bo‘lib, o‘sha vaqtda ular juda yaxshi saqlangan. Qal’a darvozalari sharqiy tomonda joylashgan. Ulardan uzoq bo‘lmagan joyda ayvonli masjid bo‘lib, nisbatdan yangi (XIX asr). Hozirgi kunda ushbu masjid diniy marosimlar o‘tkazish maqsadida yangidan qurilgan. Masjid oldida ahamiyatsiz yarim vayrona binolar, uning ortida esa “Xodja Torob” mozori bor.
Bu tepalik har tomondan botqoqlik pasttekislik bilan o‘ralgan va sho‘rlangan loy tuproqdan iborat. Qazilgan xandaklarga qaramasdan bu pasttekislikda drenaj kanali hozirda mavjud bo‘lsada yer osti suvlari 1,5-2 metr chuqurlikda joylashgan.
Qo‘rg‘on tuzilishi quyidagidan iborat. Katta to‘g‘riburchakli tepalik qadimda “diz” (ark) – qal’a yoki hukmdor qasri hisoblangan. Boshqa ikki tepalikda qasr oldi turar joylar bo‘lgan. Sun’iy botqoqlashgan pasttekislik qal’a va qishloqchani o‘rab olgan.
V. A. Shishkin 1937-yilda qo‘rg‘onning tepa qismi qalin qatlamining yo‘qligi sababli uning hattoki taxminan qadimiylik darajasini aniqlash mushkulligini ta’kidlaydi. Arxeologik qazishmalar jarayonida keramika kam uchraydi va xronologiyasi VI – VIII asrlarga to‘g‘ri kelishi mumkin degan xulosaga keladi. Saqlanib qolingan darajasi va oson kuzatiladigan ko‘chalarni inobatga olgan holda aytishimiz mumkinki, qal’a bir – ikki asrlar oldin tark etilgan.
Hududda tadqiqotlar 1964-yil O‘zSSR FA haqiqiy a’zosi Y. Gʻulomov tomonidan davom ettirildi. 1964-yil kuzida O‘zSSR FA haqiqiy a’zosi Y. Gʻulomov boshchiligida “Mashhur kishilar qabri izidan” rukni ostida tarixiy joylarga ekspedisiya uyushtiriladi. Tepalik tarixi va mavjud loy suvoqli beshta qabrlar ko‘zdan kechirilib o‘rganiladi. Taniqli olimning guvohlik berishicha, o‘sha paytda tepada besh qabr va har bir sag‘ana yonida bittadan tug‘ mavjud bo‘lgan. Bular – Mahmud Torobiy, Shamsuddin Mahbubiy, Xomush, Muhammad va Ali Torobiylarning qabridir, degan fikrni ilgari surgan.
Yodgorlik mustaqillik yillarida ham O‘zbekiston FA Arxeologiya instituti (Hozirgi O‘zbekiston FA Milliy arxeologiya markazi) xodimlari tomonidan bir necha bor tadqiq etilgan.
Tarob tepalik haqida bir qancha adabiyotlarda ham ma’lumotlar uchraydi. Xususan, 1988-yili BDU professori R. Vohidov Mahmud Torobiyga bag‘ishlab yozgan risolasida tepa tarixiga to‘xtalgan. Jumladan: “… Jasur avlodlarimiz xotirasini yodga olaylik! Ular nomini abadiylashtirish, oromgohini obod etish, muzey barpo qilish, darslarimizda ularning jasorati haqida so‘zlash burchimizdir”, – deb yaxshi niyat qilgan edi.
2021-yil oktabr oyida Torob tepa ushbu kitob mualliflari tomonidan borib o‘rganildi. Qabriston sifatida foydalanib kelinayotgan tepa va tepa atrofi tarix uchun suratga muhrlandi. Torob tepa bugungi kunda to‘liq qabriston sifatida atrofi o‘rab olingan. Torob qo‘rg‘oniga shimol tomonidan darvoza orqali kirib boriladi.
To‘g‘ringizda zamonaviy masjid va o‘ng tomonda mozor bilan qurshab olingan Torob tepa xarobalari tomon yo‘lak boshlab boradi. Yuqoriga qarab olib boruvchi yo‘lak tepa ustiga olib boradi va loy shuvoq bilan alohida ajralib turgan qabr va yana bir necha qabr izlari yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Tepa atrofida qo‘riqchi devor izlari va qoldiqlari ham saqlab qolingan.
Tepaga chiqish oldida tashlandiq tosh quduq xarobasi va unga yaqinroq joyda yangi quduq bor. Quduq oldida yog‘ochdan qilingan 3×3 metr o‘lchamli kichik uy ham qurilgan. U ham ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida qurilgan bo‘lsa kerak.
O‘rganilgan manbalarni tahlil qilgan holda shunday xulosalar chiqarildi:
- Torob tepa ushbu nom bilan tarixiy manbalarga tilga olinishidan ancha oldinroq milodiy IV-VI asrlarda qo‘riqchi tepa sifatida mavjud bo‘lgan.
- XI, XIII asrlarda savdo markaz sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
- 1238 yil mo‘g‘ullarga qarshi kurashdan so‘ng mahalliy qahramon Mahmud Tarobiyning harbiy istehkomi sifatida tarixda nom qoldirgan.
- XVI asrga kelib yana savdo va ma’muriy markaz sifatidagi ahamiyatini tiklagan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi №849 sonli “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” qarorida Torob qo‘rg‘oni madaniy meros ob’yekti sifatida ro‘yxatga olingan.
Ushbu tadqiqotdan maqsad yurt ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan Mahmud Torobiy va uning safdoshlari tarixiga yangi chizgilar kiritish va ushbu tabarruk joylarni obod qilib, kelgusi avlodga yetkazishdek xolis niyatimizni jamoatchilikka ma’lum qilishdan iborat.
Azalshoh Hamroyev, BDU Jahon tarixi kafedrasi dotsenti
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi