O‘zbekiston

Tasavvuf ilmi haqida nimalarni bilasiz? (mualliflik maqolasi)

photo 544

Loading

Istiqlolning dastlabki yillaridan yurtimizda tasavvuf sohasiga doir bir qator yangiliklar va islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq tasavvuf allomalari va ularning merosiga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatildi. 1993-yilda Xoja Bahouddin Naqshbandning 675 yillik yubileyi nishonlangan bo‘lsa, Uvaysiy ustozi hisoblangan Xoja Abduholiq Gʻijduvoniyning 910 yilligi 2003-yilda, Xoja Ahror Valiyning 600 yillik yubileylari 2004-yilda keng nishonlandi.

2008-yildan buyon “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-ma’rifiy jurnali har uch oyda nashr etib kelinmoqda. Allomalarimizning hayoti va ilmiy-ma’rifiy merosiga oid asarlar tarjima qilinib nashr etildi. Jumladan, 1993-yilda Xoja Bahouddin Naqshband hayot yo‘li va ma’rifiy merosini yoritishga bag‘ishlangan Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining “Maqomati Xoja Bahouddin Naqshband” asari, 2004-yilda Xoja Ahror Valiyning to‘rt asari jamlanib “Tabarruk risolalar” to‘plami nomida nashr etildi. 1991-yil Xoja Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar” to‘plami, 2003-yilda Hakim Termiziyning “Manozil ul-ibod min al-iboda” asarlari ham nashr etilib, xalqimizga taqdim etildi. Bugungi kunda ham tasavvuf ta’limoti olimlar, ziyolilar, tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilmoqda va yangi ma’lumotlar xalqimizga taqdim etilmoqda. Shu o‘rinda mustaqillik yillarida tasavvuf tarixi va ijtimoiy-diniy mazmun-mohiyatini o‘rganishga oid ishlarni tasniflashda guruhlarga ajratib olishimiz maqsadga muvofiqdir. Jumladan:

  • 1-guruhda olimlar va ziyolilar tomonidan olib borilgan ishlar bo‘lib, bunda turli ilmiy loyihalar va davlat dasturlari ijrosi nuqtai nazaridan bajarilgan tadqiqot ishlarini kiritishimiz mumkin;
  • 2-guruhda ixtisoslashgan kengashlarda himoya qilingan ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘lib, bunda tadqiqotchilar aniq mavzu va ob’yekt doirasida ilmiy ishlarini himoya qilishgan;
  • 3-guruh tadqiqot ishlariga diniy soha vakillarining olib borgan amaliy ishlarini ko‘rsatishimiz mumkin. Bunda asosan diniy-ma’rifiy va ommabop jihatdan yondashuv ustuvorlik kasb etgan;
  • 4-guruhga tasavvuf ta’limotiga qiziquvchi insonlar tomonidan mustaqil ravishda olib borilgan ishlarni kiritishimiz mumkin;
  • 5-guruhga ta’lim-tarbiya muassasalari uchun pedagogik-didaktik nuqtai-nazaridan yozilgan ishlarni ta’kidlab o‘tishimiz zarur;
  • 6-guruhga jurnalistik talqinda o‘rganilgan va ommaviy axborot vositalarida yoritilgan ilmiy-ma’rifiy, ijtimoiy-ahloqiy yo‘nalishdagi materiallarni ko‘rsatishimiz mumkin.

Shuni ham alohida ta’kidlashimiz zarurki tasavvuf ta’limoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar asosan ijtimoiy-gumanitar fanlar kesimida himoya qilingan tadqiqotlarda aks etadi. Tasavvuf sohasi bo‘yicha ijtimoiy-gumanitar fanlar ixtisosligi kesimi bo‘yicha himoya qilingan dissertasiyalar tasnifi quyidagi yo‘nalishlarda:

  • 00.01 – O‘zbekiston tarixi;
  • 00.03 – Falsafa tarixi;
  • 01.03 – Milliy adabiyot tarixi (o‘zbek adabiyoti);
  • 01.10 – Jurnalistika;
  • 00.01 – Umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixi;
  • 00.05 – Ijtimoiy psixologiya va etnopsixologiya;
  • 00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari bo‘yicha).

Ushbu ixtisosliklarda himoya qilingan ishlarda quyidagi xususiyatlar ustuvorligi aniqlandi. Jumladan, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligida N. Xidirovaning (2006-y.) “Xoja Muhammad Porsoning xojagon-naqshbandiya tariqatining rivojlanishida tutgan o‘rni va roli (XIV asr oxiri – XV asr boshlari)” nomzodlik dissertasiyasi. 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari ixtisosligida M.Ismoilovning (2006-y.) “Shayx Xudoydodning “Baxr al-ulum” asari Markaziy Osiyoda tasavvuf tarixiga oid muhim manba ( XVIII asrning ikkinchi yarmi)”, K. Rahimovning (2018-y.) “Mustamliy Buxoriyning “Sharh at-Ta’arruf” asari hamda uning XI-XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga ta’siri” mavzusidagi nomzodlik dissertasiyalari Vatanimiz tarixi, tarixshunoslik, manbashunoslik nuqtai-nazaridan o‘rganilgan bo‘lib, bu tadqiqotlarda ko‘plab yangi ma’lumotlar ilmiy jamoatchilikka taqdim etilgan.

09.00.03 – Falsafa tarixi ixtisosligida M. Jakbarovning (2000-y.) “IX-XII asr Movarounnahr falsafiy fikrida ijtimoiy ideal va komil inson muammosi”, G. Navruzovaning (2002-y.) “Naqshbandiya tasavvufiy ta’limoti va barkamol inson tarbiyasi”, M. Mamatovning (2018-y.) “Tasavvuf ta’limotining tarixiy-falsafiy mohiyati” mavzularida falsafa fanlari doktorligi bo‘yicha himoya qilingan dissertasiyalar bo‘lib, ushbu tadqiqot ishlarida mavzuni konseptual jihatdan ochib berishga e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, O. Tursunovaning (2002-y.) “Xo‘ja Abduxoliq Gʻijduvoniy tasavvuf ta’limotida axloqiy qadriyatlar”, N. Safarovaning (2002-y.) “Xojagon tasavvufiy ta’limotida ma’naviy – axloqiy qadriyatlar masalasi”, J.Xolmo‘minovning (2003) “Mavlono Abdurahmon Jomiyning tasavvufiy-irfoniy qarashlari (“Sharhi ruboiyot” asari asosida), Z. Isaqovaning (2007-y.) “Tasavvuf ta’limotida valiylik tushunchasining diniy-falsafiy talqini (Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asari asosida), S. Ismoilovning (2008-y.) “Naqshbandiya tariqatining tasavvuf taraqqiyotidagi o‘rni”, B. Namozovning (2011-y.) “Abu Bakr Kalobodiy tasavvufiy qarashlarining falsafiy asoslari”, O. Safarboyevning (2011-y.) “Najmiddin Kubroning tasavvufiy ta’limotida insonparvarlik va vatanparvarlik g‘oyalari” falsafa fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertasiyalarida tasavvuf ta’limotini falsafiy tahlil etish orqali ochib berilgan.

10.01.03 – Milliy adabiyot tarixi (o‘zbek adabiyoti) ixtisosligida I. Haqqulovning (1995-y.) “O‘zbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti (g‘oyaviylik, izdoshlik, obrazlar olami)”, A. Abduqodirovning (1998-y.) “Tasavvuf va Alisher Navoiy ijodiyoti (Vahdat ul-vujud promlemasi bo‘yicha)”, K. Mullaxo‘jayevaning (2005-y.) “Alisher Navoiy g‘azaliyotida tasavvufiy timsol va badiiy san’atlar uyg‘unligi (“Badoye’ ul-bidoya” asosida)” doktorlik va nomzodlik dissertasiyalarida tasavvuf ta’limotidagi badiiy nafosat, she’riy san’at, ramz va ishoralar xalqimiz uchun ilmiy asosda sharhlanib, soddalashtirilgan tarzda taqdim etilgan.

10.01.10 – Jurnalistika ixtisosligida G. Tog‘ayevaning (2007-y.) “O‘zbek matbuotida tasavvuf ta’limotining yoritilishi: muammolari, tamoyillari va shakllari” nomzodlik dissertasiyasida yurtimiz ommaviy axborot vositalarida tasavvuf ta’limotiga doir maqolalar va ularning mazmun mohiyatini yoritishga qaratilgan ko‘plab masalalar ilmiy jihatdan tahlil etilgan.

13.00.01 – Umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixi ixtisosligida K. Qilichevaning (2009-y.) “Oliy ta’lim tizimida tasavvuf ta’limoti vositasida talabalar ma’naviyatini shakllantirish” mavzusidagi pedagogika fanlari bo‘yicha doktorlik ishida yoshlar tarbiyasida komil insonni tarbiyalashdagi yangi uslublar tasavvuf g‘oyalari asosida tadqiq etilib, tegishli taklif va tavsiyalar taqdim etilgan.

19.00.05 – Ijtimoiy psixologiya va etnopsixologiya ixtisosligida U. Qosimovning (2004-y.) “Komil inson ijtimoiy psixologik – xususiyatlari (A. Gʻijduvoniy ta’limoti asosida)” mavzusidagi himoya qilingan nomzodlik dissertasiyasida barkamol insonni tarbiyalashdagi psixologik xususiyatlarga asosiy e’tibor qaratilgan.

24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari bo‘yicha) I. Usmonovning “Al-Hakim at-Termiziyning “Navodir al-usul” asari hadis va tasavvuf ilmiga oid muhim manba” (2005-y.) tarix fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertasiyasi ushbu ixtisoslikdagi tasavvuf ta’limoti va manbashunosligi bo‘yicha bajarilgan dastlabki tadqiqotlardan biri hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash zarurki, yurtimizda tasavvuf tarixi va ilmiy-ma’rifiy merosiga doir ko‘plab tadqiqotlar olib borilmoqda va bugungi kunga kelib bu tadqiqotlar o‘zining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Xususan, yaqin tariximizda amalga oshirilgan tadqiqot ishlari tahlilida ham bu holatni kuzatishimiz mumkin. Jumladan, Mustaqillikning dastlabki yillaridagi tadqiqot ishlari bilan bugungi kundagi ilmiy tadqiqot ishlari qiyosiy tahliliga e’tibor qaratsak ijobiy ma’noda takomillashuvni kuzatamiz, ilmiy iste’molga yangi tarixiy ma’lumotlar va ilmiy g‘oyalarning kirib kelganini ham ko‘rishimiz mumkin, ilmiy yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar tahlil qilinganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, tadqiqot ishlarida asosan Naqshbandiylik tariqatini o‘rganish ustuvorlik qilmoqda.

Vatanimiz tarixida ko‘plab buyuk allomalarimiz va ulkan ilmiy merosimiz borligi bizga faxr tuyg‘usini beradi, ammo shu bilan bilan birgalikda bu faxr tuyg‘usi bizga katta mas’uliyatni ham yuklaydi. Ushbu mas’uliyat yuki o‘z navbatida bizga ajdodlarimizga munosib ravishda yashash, rivojlanish, bir necha ming yillik tarixiy merosni o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish orqali “Uchinchi renessans” poydevoriga o‘zimizning munosib hissamizni ham qo‘shishni taqozo etadi.

Muallif: Toxir Xatamov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tarix fanlari nomzodi, dotsent

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.