O‘zbekiston

Berlin 2022 forumi: «Oʻzbekistonlik»

photo 1 8

Loading

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida “O‘zbekistonlik” xalqaro forumi va xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz haqida hikoya qiluvchi “O‘zbekistonlik” filmining ikkinchi epizodi premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Forum 200 nafardan ortiq muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz, shuningdek, Yevropa diplomatlari, biznesmenlar, kreativ industriya vakillari va yevropalik ekspertlarni birlashtirdi.

“O‘zbekistonlik” forumi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Orient Group kompaniyasi va Uzbekistan Airways milliy aviatashuvchisi ko‘magida tashkil etilgan. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – chet davlatlarida yashab, faoliyat olib borayotgan va turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklarni birlashtirish hamda ular bilan ona vatan o‘rtasida muloqot o‘rnatib, hamkorlik ko‘prigini yaratishdir. Shuningdek, mamlakatning intellektual hamda iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda hamkorlikdagi loyihalar amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Forumning ochilishida Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Аziz Аbduhakimovning videomurojaati namoyish etildi.

Forum doirasida “Aral Dream” xalqaro PR-dasturi taqdimoti o‘tkazildi. Uning yordamida tadbir mehmonlari o‘z mobil qurilmalarida yangi Araldream.com onlayn-habidan foydalanib, Orolbo‘yi muammolari hamda ularni hal etishning innovatsion yo‘llari haqida to‘liqroq maʼlumotga ega bo‘lishdi.

Bundan tashqari, mehmonlarga Orolbo‘yi muammosiga bagʼishlangan “Sho‘rxok” qisqa metrajli filmi premyerasi hamda O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov va Elektrooko guruhi ijrosidagi “Ertangi kun” videoklipi namoyish etildi. Ushbu musiqiy kompozitsiya “Orol orzusi” loyihasining bir qismi bo‘lib, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov o‘zining videomurojaatida taʼkidlaganidek, bugungi kunda jamoatchilik eʼtiborini ekologik fojia va iqlim o‘zgarishlariga jalb etish o‘ta zarur.

Forumning yakunlovchi qismida “O‘zbekistonlik” filmining ikkinchi epizodi premyerasi namoyish etildi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Аlisher Saʼdullayev g‘oya muallifi sifatida forum qatnashchilari qarshisida videomurojaat orqali so‘zga chiqdi.

Rejissyor Muxlisa Аzizova tomonidan suratga olingan filmda ikki nafar vatandoshimiz bosib o‘tgan murakkab yo‘l va ular erishgan yutuqlar haqida so‘z boradi. Ulardan biri – Dmitriy Bogdanov. Dastlab Toshkentda, keyin esa Berlinda o‘qishni tamomlagan. Xorij taʼlim muassasasida u fazoviy texnologiyalar yo‘nalishini tanlagan va bu qaror uning hayotida hal qiluvchi bo‘lgan. Bugun hamyurtimiz dunyoga mashhur milliarder Ilon Maksning “Space X” kompaniyasi uchun sunʼiy yo‘ldoshlarni yetkazib beruvchi ExoLaunch kompaniyasi asoschisidir. Navoiylik Mushtariy Sharifovaning hikoyasi ham tomoshabinlarni befarq qoldirmasligi aniq. U O‘zbekistonda va xorijning University of Applied Sciences in Europe oliygohida biznes va menejment yo‘nalishida tahsil olgan. Mushtariy Tesla kompaniyasiga ishga kirgan ilk o‘zbekistonlik qiz bo‘ldi.

Video:

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.