Islom

Payg‘ambarimizning Makkada bo‘lganlarida ko‘kraklari singani rostmi?

photo 717

Loading

Siyrat ulamolari Payg‘ambar alayhissalomning ko‘kraklari to‘rt marta yorilganini aytishadi.

Birinchisi Payg‘ambar alayhissalomning yoshlik chog‘larida, Halima onamiz huzurlarida sodir bo‘lgan.

Ikkinchisi Payg‘ambar alayhissalom o‘n yoshga to‘lganlarida bo‘lgan. Buning hikmati shuki, o‘n yosh taklif yoshi, ya’ni balog‘at yoshiga yaqin bo‘lgani sababli sodir etilajak qabih va gunoh ishlardan yiroq bo‘lishlari uchun u zotning qalblari yorilib, musaffo qilinganidir.

Uchinchisi Payg‘ambar bo‘lish davri, ya’ni Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan vaqtda sodir bo‘lgan. Buning hikmati shuki, muhaqqiq olimlar ta’kidlaganlaridek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yanada izzat-ikrom qilish, qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi, nozil bo‘lajak vahiyni musaffo, baquvvat va mustahkam qalb ila qabul qilishga tayyorlashdir.

To‘rtinchisi Isro kechasida sodir bo‘lgan. Bu haqda ikki «Sahih» da ham aytib o‘tilgan. Moʻtabar olimlarning ta’kidlashlaricha, muborak ko‘kslarining bu safargi yorilishining sababi ul zotni yuksak darajada hurmat qilish, e’zozlash, qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi, Alloh taoloning huzurida turishga, U Zot bilan suhbatlashishga tayyorlashdir.

Hofiz Qastaloniy aytadi: «Yana shuni yaxshi bilishimiz lozimki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ko‘kraklari yorilishi, yuraklari chiqarilishi va boshqa shu kabi g‘ayritabiiy ishlarning haqiqatini turlicha ta’vil qilmasdan, shu holida iymon keltirish vojib bo‘ladi. Chunki bunday ishlarni qilish barcha narsaga qodir, ulug‘ Zot – Alloh taologa qiyin emas».

Hofiz Qastaloniy buyuk mufassir Suyutiy rahmatullohi alayhning quyidagi gaplarini naql qiladi: «Hozirgi zamonimizda ayrim kishilarning «Shaqqus-sodr» («Ko‘krak yorilishi») voqeasini inkor etishlari, uni ma’naviy olamda sodir bo‘lgan ish deb ta’vil qilishlari va shu bilan birga, bu voqeaning haqiqatlarini buzib talqin qilishga urinishlari ochiq-oydin ilmsizlik va nodonlikdan boshqa narsa emas. Bu kabi yo‘l tutishlari Alloh taolo ularni tavfiqdan benasib etgani, qalb ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘ygani va falsafa ilmiga chuqur sho‘ng‘ishlari oqibatida yuzaga kelgan. Qolaversa, ularning siyrat ilmining nozik jihatlarini anglamasliklari ham bunday yo‘l tutishlariga sabab bo‘lgan».

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sergak va hushyor qalb ato etilgani sababli u zotning diqqat-e’tiborlari doimo Alloh taologa qaratilgan bo‘lib, qalblari bir lahza bo‘lsa-da, g‘aflatda qolmagan. Shuning uchun ham u zotning ko‘rgan tushlari vahiy turlaridan biri sanalardi. Sahih hadislarda u zotning uyqulari tahoratlarini buzmasligi zikr qilingan. «Sahihul Buxoriy» va boshqa kitoblarda tunni bedor o‘tkazishlari haqidagi bir hadisi sharifda Oisha onamiz roziyallohu anhodan shunday rivoyat qilinadi: «Bir kuni: «– Ey Allohning Rasuli, vitr namozini o‘qishdan oldin uxlaysizmi?», – deb so‘radim. Ul zot: «– Ey Oisha, ko‘zlarim uxlaydi, ammo qalbim uyg‘oq turadi», – dedilar».

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy alayhissalom uxlayotganlarida u zotning huzurlariga farishtalar kelardi» (Imom Buxoriy rivoyati).

.Jobir roziyallohu anhudan naql qilingan boshqa bir rivoyatda shunday deyilgan: «Rasululloh oldimizga keldilar-da, shunday dedilar: «– Tushimda Jabroil alayhissalomning boshim oldida, Mikoil alayhissalomning esa oyog‘im oldida turganlarini ko‘rdim (O‘shanda bu ikki farishtadan boshqa farishtalar ham Payg‘ambar alayhissalomning huzurlarida hozir bo‘lishgan edi). Ularning biri: «– U uxlayapti», dedi. Ikkinchisi esa: «– Ko‘zi uxlayapti, qalbi uyg‘oq», dedi. Keyin farishtalar: «– Muhammadni zarbulmasal qilsa bo‘ladi», deyishdi. Ulardan biri: «– Qani, zarbulmasal qilinglar-chi», dedi. Farishtalar: «– Bir kishi hovli qurib, unda ziyofat beradi. Shu ziyofatiga chaqirish uchun odamlarga bir jarchini yuboradi. Kim jarchining taklifiga ijobat qilsa, hovliga kirib, ziyofatdan yeydi. Kim jarchiga ijobat qilmasa, hovliga kira olmaydi, ziyofatdan ham quruq qoladi», deb zarbulmasal keltirishdi. Keyin: «Endi bu misolni Muhammad tushunishi uchun izohlanglar», deyishdi. Ularning biri yana: «– U uxlayapti», dedi. Boshqasi esa: «– Ko‘zi uxlayapti, qalbi esa uyg‘oq», deb javob qaytardi».

Keyin Payg‘ambarimiz alayhissalom zarbulmasalni shunday izohladilar: «Mazkur hovli – jannat, jarchi esa Muhammaddir. Kim unga itoat qilsa, Alloh taologa itoat qilibdi. Kim unga osiylik qilsa, Alloh taologa osiylik qilibdi» (Imom Termiziy rivoyati). «Sunani Dorimiy» da shunday hadis keltiriladi: «Bir farishta Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «– Ko‘zing uxlasin, qulog‘ing eshitsin, qalbing anglasin», – dedi. O‘sha holat haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari shunday deganlar: «– O‘shanda ko‘zlarim uxladi. Quloqlarim eshitdi va qalbim angladi. Keyin menga: «– Sayyid hovli qurib, unda ziyofat berdi va ziyofatga chaqirish uchun jarchini yubordi. Kim jarchiga ijobat qilsa, hovliga kirib, ziyofatdan yeydi va Sayyid undan rozi bo‘ladi. Kim da’vatchiga ijobat qilmasa, hovliga kirmaydi, ziyofatdan ham quruq qoladi hamda Sayyidning g‘azabiga yo‘liqadi», – deyildi. O‘sha Sayyid – Alloh taolo, jarchi – Muhammad, hovli – Islom, ziyofat esa jannatdir».

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.