Islom
Muhammad s. a. v. : “Nikoh – mening sunnatimdir, kim sunnatimdan yuz o‘girsa – u mendan emas”
Oila – jamiyatning asosidir. Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat, mamlakat ham mustahkam bo‘ladi. Alloh taoloning irodasi bilan har bir inson bu dunyoga kelar ekan baxtli yashashga intiladi. Inson hayotining barcha jabhasida tartib-intizom bo‘lsagina, saodatli yashashi mumkin. Alloh odam zurriyotini zaif qilib yaratgan. Toki, Parvardigorning O‘zi foyda nima-yu zarar nimaligini bandalariga bildirmasa ojiz inson bu narsalarni ajrata olmaydi. Nafsiga yoqqan narsani qilib ketaveradi. Shuning uchun Parvardigori olam insonlarga Islom shariatini nozil qilib ularning hayotlari nizomini Qur’oni Karim orqali belgilab qo‘ydi. Allohning amriga itoat etganlar dunyo va oxiratda najot topib saodatli hayot kechirishlari muqarrar. Robbimiz erkak va ayollar o‘rtasida murosa va totuvlik bo‘lishi uchun ularning qalblarida muhabbat, inoqlik va mehribonlik tuyg‘ularini paydo qildi. Odam zurriyoti naslining pokligi, davomiyligini ta’minlash uchun va yer yuzining obod bo‘lishi uchun Alloh taolo insonlarni oila qurishlikka buyurdi. Parvardigor Qur’oni Karimda bu haqiqatni bayon etib jumladan shunday marhamat etadi:
وَاللَّهُ جَعَلَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا وَجَعَلَ لَكُمْ مِنْ أَزْوَاجِكُمْ بَنِينَ وَحَفَدَةً وَرَزَقَكُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ
“Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o‘g‘illar va nevaralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantirdi…” (Nahl surasi, 72-oyat).
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Nikoh – mening sunnatimdir, kim sunnatimdan yuz o‘girsa u mendan emas”, – deganlar. Demak, nikoh asosida oila qurish Alloh taoloning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekan, musulmon kishi oilali bo‘lish yo‘lida harakat qilishi, oilani esa nikoh asosida qurishi lozim. Oila qurib nikoh o‘qilganidan keyin er va xotin zimmalarida bir-birining haqlari tushadi. Turmushi davomida o‘zi va juftining haqqini ado etib yashaydigan er-xotin saodatli hayot kechiradi.
Erning o‘z xotini oldida ijtimoiy, jismoniy, moliyaviy burchlari mavjud. Alloh taolo bu borada marhamat qiladiki:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
“…Ular (ayollaringiz) bilan totuv turmush kechiringiz..” (Niso surasi, 19- oyat).
Dinimizda agar er xotiniga nisbatan yaxshi muomala qilib yashasa, Allohning amriga itoat etgan va ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashgan yaxshi mo‘min sifatida baholanadi. Chunki bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham: “Sizlarning ichingizda eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganingizdir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan ko‘ra yaxshiroq munosabatdaman”, – deb bildirganlar.
Erkak kishining oiladagi eng katta burchlaridan biri qaramog‘idagilarni moddiy ta’minotini qilishdir. Qo‘l ostidagilar o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarining birida: “Kishi o‘z qaramog‘idagilarini nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi”, – deb marhamat qilganlar. Hozirgi kunda ba’zi erkaklar shu masalada o‘z vazifalarini unutib qo‘yganliklari sababidan ba’zi oilalarda er-xotinlar o‘rtasida mojarolar paydo bo‘lmoqda.
Islom ta’limoti ayolni ulug‘lab, uning sharafi, iffati, haq-huquqlarini ta’minlab bergan. Islomda erkaklarga o‘z ayollariga yaxshi, xushmuomalada bo‘lish, ularni xorlamaslik buyurilgan. Ilm olishga sharoit yaratib berish, din-diyonatdan xabardor qilish, taom, kiyim, boshpana va ro‘zg‘or ashyolari bilan ta’minlash kabi ko‘plab majburiyatlar ham erkakka yuklatilgan. Shuningdek ayolni ham eri oldida o‘zining burch va majburiyatlari bordir. Agar ayol oilada bu mas’uliyatni his qilsa, Alloh taolo undan rozi bo‘lib, eri bilan saodatli hayot kechiradi. Ayol bo‘ynidagi erining haqlaridan eng asosiysi erga itoat qilishdir. Ayol gunoh bo‘lmagan barcha ishda eriga itoat qiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat etadilar: “Ayol besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasi (farz ro‘zasi) ni tutsa, o‘z farjini haromdan saqlasa va eriga itoat qilsa, unga jannatning istagan eshigidan kir deyiladi!”, – dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ayol erining roziligisiz ko‘chaga chiqishi dinimiz ko‘rsatmalariga xilof ish sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqida: “Erning xotini ustidagi haqqi ayolning eri ruxsatisiz uydan chiqmasligidir. Agar shunday qilsa, to tavba qilguncha yoki uyga qaytguncha Alloh unday ayolni la’natlaydi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Ammo ayol erining ruxsati bilan shariatimiz ko‘rsatmasiga muvofiq kiyingan holatda, ishlaydigan joyiga, ota-onasini ziyoratiga borishi, zarurat yuzasidan do‘konga chiqishi mumkin bo‘lgan ishdir.
Itoatli ayol erining haqqini o‘z haqqidan va hamma yaqinlaring haqqidan ham ustun qo‘yadi. Eri bergan nasibaga rozi bo‘lishi, unga injiqlik qilmasliigi kerak. Afsuski, ba’zi ayollar boshqa erning o‘z xotiniga sarflagan narsalarini misol qilib, eridan xuddi shunday narsalar bilan ta’min qilishini talab qiladi. Vaholanki, inson dunyoviy ishlarda o‘zidan yuqoriga qarab emas, balki o‘zidan pastroqqa qarab ibrat olishi kerak. Bu holat insonni Alloh unga taqsimlab bergan rizqiga shukr qilishga undaydi. Aks holda esa noshukurlikni keltirib chiqaradi. Ayolning eriga noshukurlik qilishi, qanoatsizligi esa oila mustahkamligiga putur yetkazib, orada sovuqlik paydo qiladi. Bugun aksariyat er-xotinlarning o‘zaro mojarolariga aynan mana shu holatlar ham sabab bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, er oiladiga o‘rnini bilib ayoli haqqini poymol qilmasa, ayol esa erni hurmatini joyiga qo‘yib itoatda yashasa, oila mustahkam bo‘ladi. Er va xotin bo‘ynidagi burch va mas’uliyatlarini Alloh taoloning O‘zi belgilab berdi. Bu buyruqlarga itoat etgan, bu borada Parvardigorning qaytariqlaridan qaytgan er va xotin albatta dunyoda ham oxiratda ham saodatli hayot kechiradi.
Muallif: Orifjon To‘qsanov, Buxoro shahridagi “Abu Bakr As-Siddiq” jome’ masjid imom-xatibi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi