Islom

Qur’on va asal – har qanday dardning davosi

photo 725

Loading

Alloh taolo bandalariga juda ko‘p ne’matlar bergan. Ana shunday ne’matlardan biri asaldir. Qur’oni karimda shunday deyilgan: «(Ey Muhammad,) Parvardigoringiz asalariga vahiy (amr yoki ilhom) qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga, (odamlar) quradigan inlarga uya sol. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoring (sen uchun) oson-qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yur!”. Uning qornidan alvon rangli ichimlik-asal chiqadi. Unda odamlar uchun shifo bor. Albatta, bu ishda (ya’ni, mitti jonivorning odamlar uchun xizmatkor qilib qo‘yilishida) tafakkur qiladiganlar uchun oyat-ibrat bordir» (Nahl surasi, 68-69-oyatlar).

Asalarining hayot tarzi insonlar uchun beqiyos ibrat namunasidir. Asalarining tirikligi chamanzorlar, yaylovlar ichida o‘tadi. Gul shiralari bu moʻjaz jonivorning taomidir. Ma’lum bo‘lishicha, asalari kamida 3000 xil o‘simlik gulidan shira (nektar) yig‘adi. Bir kilogramm asal yig‘ish uchun 10 million dona gulga qo‘nadi. Bu vaqt ichida har bir asalari uyasiga 120-150 marta qatnaydi, 450 000 chaqirim yo‘lni bosib o‘tadi.

Yana bir hayratlanarli jihati shunda, asalari o‘z jussasidan 20 baravar og‘irlikdagi yukni yerda sudrab yura oladi. Asalarining beshta ko‘zi bo‘ladi. Hid bilish, sezish tuyg‘usi odamnikiga qaraganda 25 marta kuchliroq. Shuning uchun asalari bir necha chaqirim masofadan hidni seza oladi. Asalarilar o‘z uyasidan 14 kilometrgacha masofaga uchib boradi. Uchish tezligi soatiga 65 kilometrgacha yetadi. Shira olib qaytishida bu tezlik 35 kilometrni tashkil etadi. Eng qizig‘i, asalari o‘zi yiqqan asalning yuzdan bir qisminigina iste’mol qiladi, qolgani insonlarga tuhfa etiladi. Asalari buni, shubhasiz, Allohning ilhomi bilan qiladi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qur’onda ikki shifo bor: Qur’on va asal. Qur’on qalblardagi kasalliklarga shifo, asal har bir dardga davodir”.

Oysha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shirinlik bilan asalni yaxshi ko‘rardilar. Payg‘ambarimiz asalni yaxshi ko‘rar, boshqalarni ham bu totli ne’matdan yeyishga, u bilan davolanishga chaqirardilar.

Bir kishi Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib:
– Birodarim qorni og‘riyapti, – dedi.
Rasululloh unga:
– Birodaringga asal ichir, – deb tavsiya qildilar.
Haligi odam unga asal ichirdi. Keyin kelib aytdi:
– Men unga asal ichirdim. Ammo battar ichini ketkizib yubordi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
– Allohning gapi rost, birodaring qorni aldagan! – dedilar.

Mutaxassislar iliq suvda eritilgan asalga Qur’on oyatlarini o‘qib dam solib ichishni tavsiya etishgan. Ayniqsa, erta tongda ichilsa, natijasi yaxshi bo‘ladi.

Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Kimda-kim har oyda uch marta, nahorda (och qoringa) asal yalasa, kasallikning kattasi unga yaqin yo‘lamaydi”.

Xalq tabobatida asalning quyidagi foydalari zikr etilgan:
– asal turli kasalliklarni davolaydi, odamni bardam-baquvvat qiladi;
– mijozni tozalaydi, qonning tomirlarda yurishini ravonlashtiradi, go‘shtni buzilishdan saqlaydi;
– ko‘z xiraligidan xalos etadi;
– navqironlikni saqlab qolish, uzoq umr ko‘rish uchun muttasil asal iste’mol qilish tavsiya etiladi;
– qonga juda tez so‘riladi, uni tozalaydi;
– mikroblarni o‘ldiradi;
– asal suvi me’dani kuchli qiladi, ishtahani ochadi, ovqat hazmini yaxshilaydi;
– shamollash, holsizlik, asab to‘qimalari kasalliklarini davolaydi;
– tanasida modda almashinuvi buzilgan kishilarga asal juda foydali;
– oshqozon-ichak yaralari kasalliklarini davolaydi, miyani oziqlantiradi;
– yuqori nafas yo‘llari, o‘pka kasalliklari, yurak, jigar, buyrak, asab to‘qimalari, teri, ko‘z kasalliklari ham asal yordamida muolaja qilinadi;
– kamqonlikda asalni malina bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi;
– revmatizmga qarshi eng yaxshi dori;
– qon bosimini tushiradi; teriga surtilsa, terining holatini yaxshilaydi;
– xotirani, aqliy qobiliyatni kuchaytiradi;
– yurakka quvvat beradi;
– ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi;
– gripp kasalligi oldini olishda, uni davolashda ham asal tengi yo‘q malhamdir;
– asal sharbati kishini tetik qiladi, miya faoliyatini yaxshilaydi.

Foydalanilgan adabiyot: “Qur’on – qalblar shifosi” kitobi.
Muallif: Gʻolib Murodov, Buxoro viloyati, Romitan tumani “Hokimullomir” jome’ masjid imom-xatibi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.