Islom

Janoza namozini qabristonda o‘qish mumkinmi?

picture 16

Loading

Biz bilamizki, janoza namozi ham ibodat turiga kiradi va uning shar’iy hukmi farzi kifoya ya’ni, ba’zilar uni ado etishi bilan boshqalardan ham bu ibodat ado etilganlik hukmida bo‘ladi. Janozaga oid ko‘plab hukm va masalalar bor. Mana shunday masalalardan biri “Janoza namozi qayerda o‘qiladi?” degan masala. Bu borada ham mazhablar orasida ba’zi bir ixtiloflar bor. Bunga oid eng asosiy ixtiloflardan janoza namozini qabriston va masjidlarda o‘qishlik joiz yoki nojoizligi borasida ixtiloflar bor. Insha Alloh bu boradagi hadis va fatvolarni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetti o‘rinda: qabriston, kushxona, axlatxona, hammom, yo‘lning o‘rtasi, Alloh taoloning uyi ustida va tuyaxonada namoz o‘qishlikdan qaytardilar”.

قال: من صلّى على جنازةٍ في مسجدٍ فلا شيء له. عن أبي هريرة، عن النّبيّ صلى الله عليه و سلّم

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim masjidda janoza o‘qisa, unga ajrdan hech narsa yo‘q”, – dedilar.

Yuqoridagi ikki hadisga nazar soladigan bo‘lsak, bugungi kunda janoza namozlarni go‘yoki nojoiz maskanlarda o‘qiyotgandek bo‘lamiz. Zotan, hadisda qabristonda namoz o‘qish mumkin emas, masjidda o‘qilgan janozada esa ajr yo‘q deyilmoqda. Vaholanki, boshqa hadisda jazona namoziga ishtirok etgan insonga Uhud tog‘ichalik ajr, savob beriladi deyilgan. Demak, bu holatlardan kelib chiqib hozirda masjidlarda ado etilayotgan janoza namozlarda bizga hech bir ajr yo‘qmi, degan savol tug‘iladi va shu bilan birgalikda qabristonlarda ado etilayotgan namozlarning hukmi qandan bo‘ladi, ado bo‘ladimi yoki yo‘qmi degan savollar kelib chiqadi. Insha Alloh olimlarimizning yuqoridagi hadislarga yozgan sharhlari orqali qiziqtirgan savollarga javob topamiz.

Ulug‘ ulamolar qabristonlarda maxsus janoza namozi uchun tayyorlangan joylarga janoza namozini ado etishlik joizligiga fatvo berganlar. Hanafiy mazhabining yirik allomalaridan Ahmad ibn Muhammad ibn Ismoil Tahtoviy bu masala haqida shunday deydilar: “Qabristonda namoz o‘qish makruhdir. Lekin, qabristonda namoz o‘qishga tayyorlangan joy bo‘lsa, u yerda najosat bo‘lmasa makruh emas”. Demak, bu fatvodan kelib chiqadigan eng asosiy hukm qabristonda o‘qilgan namozning makruhligi. Qat’iy harom yoki qabul bo‘lmaydigan darajadagi holat emasligidir. Qolaversa, maxsus ajratilgan joy bo‘lsa va o‘sha joy najosatdan holi bo‘lsa makruhlik hukmi ham bundan ko‘tarilishligi ma’lum bo‘ladi. Demak, qabristonda namozni asosiy man qiladigan sabab najosat va nopoklik ekan.

Ulamolar qabristonlardagi maxsus joylarga namoz o‘qishlikka ruxsat borligiga dalil sifatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Habashiston podshosi Najoshiyga janoza namozini o‘qish uchun namozgohga chiqqanlarini aytadilar. Ya’ni, qabristonda maxsus namozgohlar bor o‘sha namozgohlar ayni namozlarni ado etishlik uchun hozirlangan va u joylar najosat va nopokliklardan holidir, shu boisdan janoza yoki boshqa namozlar o‘sha joylarda ado etilishligida hech qanday karohiyat yo‘q dedilar.

Ana endi, masjidlarda ado etilayotgan janoza namozlariga va yuqorida keltirilgan hadisga to‘xtaladigan bo‘lsak. Avvalo, buning sababiga to‘xtalamiz. Nima sababdan ajr yo‘q deyilsa, ulamolar chunki masjidlar ibodat va zikrlar uchun qurilgani bois, janoza namozi unda o‘qilsa, uni iflos bo‘lishi ehtimoli bor. Shuning uchun hanafiylarda bu makruhi tahrimiy, molikiylarda esa, makruhi tanzihiydir.

Lekin, shofeiy va hanbaliylarda esa janoza namozini masjid tashqarisi bo‘lsin yoki ichkarisi bo‘lsin joizlik hukmi berilgan. Bunga sabab Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, Suhayl ibn Bayzo roziyallohu anhuning janozalarini masjid ichida o‘qiganliklarini dalil qilib keltiradilar. Bundan tashqari Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularning janozalari ham masjidda o‘qilganligi haqida sahih rivoyatlar bor.
Yuqoridagi hanafiylarning dalili bo‘lgan hadisga to‘xtaladigan bo‘lsak, Ahmad ibn Hanbal va Imom Navaviylar bu hadis zaif hadis deydilar. Qo‘shimchasiga Imom Navaviy bu hadisni hujjat sifatida keltirish durust emas deydilar.

Xulosa qilib aytganda, mazhabimizdagi makruh deyilishligining sababi, o‘sha davrdagi holatdan kelib chiqib aytilgan. Chunki, har bir kishi oyoq kiyimi bilan masjidga kiradigan bo‘lsa, albatta uni iflos qilishi tabiiy hol. Chunki o‘sha vaqtlarda ko‘chalar ham, masjidlar ham hozirgi holatda bo‘lmagan. Ammo, bizning davrimizga kelib bu holat o‘zgarganini hisobga olsak, fatvo nazaridan makruh emasligi, aksincha, joiz ekanligiga ko‘plab dalil va fatvo borligi kelib chiqadi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.