Islom

Janozada mayit qarzlarini zimmasiga olgan kishi uni to‘lab berishi shartmi?

photo 160 1

Loading

Savol: Janoza namozi o‘qish oldidan imom-domla marhumning yaqinlaridan birini chaqirib: “Mayitning oldi-berdilari bo‘lsa zimmangizga olasizmi?”, – deb so‘raydi. Mayitning egasi marhumning qarzlarini zimmasiga olgandan keyin janoza o‘qiladi. Qarzlarni zimmasiga olgan kishi to‘lab beradimi va u boʻyniga olishi bilan mayit “haqqul abd” (bandaning haqqi) dan xalos bo‘ladimi?

Javob: Vafotidan keyin o‘zidan mol qoldirgan mayitning qarziga kafil bo‘lish joizligi borasida hech qanday ixtilof yo‘q. Qarzlarni zimmasiga olgan mayitning egasi yoki boshqa shaxs bo‘lsin, mayitning meros qoldirgan molidan qarzlarni ado qilib beradi. Qarzlar ado bo‘lishi bilan mayit “haqqul abd” dan xalos bo‘ladi.

Endi qarzlarini to‘lashga mol qoldirmagan yoki tirikligida qarzlarni to‘lashga kafil tayinlamagan mayitga kelsak, uning qarzlarini zimmaga olish durust yoki durust emasligi masalasida mazhabimiz mujtahid ulamolari turlicha yo‘l tutganlar.

Alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bu haqda shunday deydilar:

عِنْدَ أَبِي حَنِيفَةَ فَلَا تَصِحُّ الْكَفَالَةُ بِالدَّيْنِ عَنْ مَيِّتٍ مُفْلِسٍ عِنْدَهُ وَعِنْدَ أَبِي يُوسُفَ وَمُحَمَّدٍ تَصِحُّ

Ya’ni: “Abu Hanifa rahimahulloh nazdlarida mol qoldirmagan mayitning qarzidan kafil bo‘lish durust bo‘lmaydi. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad nazdlarida durust bo‘ladi” (“Badoye’us sanoye’” kitobi).

Lekin agar qarzga kafil bo‘lgan kishi u xoh mayyitning qarindoshi bo‘ladimi, xoh begonami qarzlarni o‘zining hisobidan to‘lab bersa, hamma ulamolarimiz nazdida joiz bo‘ladi, mayyit qarzdan ya’ni “haqqul abd” dan qutiladi. O‘zining hisobidan qarzni ado qilgan kishi katta ajrga erishadi.

Sodda qilib aytsak, Imom Abu Hanifa rahimahullohning nazdlarida qarzlarini to‘lashga mol qoldirmagan mayitning qarzlarini to‘layman, zimmamga olaman deyish shar’an e’tiborga olinmaydi. Shu gapni aytsa ham qarzni to‘lash uning zimmasiga tushmaydi va mayyit “haqqul abd” dan ozod bo‘lmaydi. Lekin qarzlarni zimmasiga olgan kishi o‘zining hisobidan to‘lab bersa, joiz. Bu holatda mayyit ham “haqqul abd”dan xalos bo‘ladi..

Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning (rahmatullohi alayhim) nazdlarida mol qoldirmagan mayyitning qarzlariga kafil bo‘lish durust. Ya’ni, u qarzdor mayitning zimmasi (mas’uliyati) ni o‘z zimmasiga qo‘shgan bo‘ladi va qarzlarni to‘lab berishi shart bo‘lib qoladi.

“Fatovoi hindiya” kitobida bu mavzuda shunday deyilgan:

فَلَا تَصِحُّ الْكَفَالَةُ بِالدَّيْنِ عَنْ مَيِّتٍ مُفْلِسٍ عِنْدَهُ وَعِنْدَ أَبِي يُوسُفَ وَمُحَمَّدٍ رَحِمَهُمَا اللَّهُ تَعَالَى تَصِحُّ كَذَا فِي الْبَدَائِعِ ، وَالصَّحِيحُ قَوْلُ أَبِي حَنِيفَةَ رَحِمَهُ اللَّهُ تَعَالَى كَذَا فِي الزَّادِ وَلَوْ تَرَكَ مَالًا جَازَ بِمِقْدَارِهِ كَذَا فِي مُحِيطِ السَّرَخْسِيِّ

Ya’ni: “Abu Hanifa rahimahulloh nazdida qarzini to‘lashga mol qoldirmagan mayyitning qarziga kafil bo‘lish durust bo‘lmaydi. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning (rahmatullohi alayhim) nazdlarida esa bunday kafillik durust hisoblanadi (“Badoye’” kitobida shunday kelgan). Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlari to‘g‘ri (sahih)dir (“Zodul fuqaho” kitobida shunday deyilgan). Agar mayyit qancha mol qoldirgan bo‘lsa, o‘shancha miqdorida kafil bo‘lish joiz (“Muhiti Saraxsiy” kitobida shunday deyilgan)” (“Fatovoi hindiya” kitobi, “Kafolatning tarifi, rukni va shartlari” bobi).

Ko‘pincha janjalga sabab bo‘ladigan holat: haqdorlar janoza paytida mayitning qarzlariga kafil bo‘lgan kishini ushlab olib, qarzlarni to‘lashga majbur qilishmoqchi bo‘lishadi. Qarzlarni to‘lashga mol qolmagan bo‘lsa, bu masalada Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning so‘zlariga amal qilinadi. Ya’ni, kafil bo‘lgan kishi o‘z hisobidan to‘lab bersa, durust. To‘lab bermasa, uni to‘lashga majbur qilib bo‘lmaydi.

Hozirgi kunda imom-domlalarimiz janozani o‘qish oldidan mayyitning egalari (tartib bilan; o‘g‘il yoki ota yo bobo yo aka-uka, yo amaki yo amakining o‘g‘li) ni chaqirib, mayitning isbotlangan qarzlarini ado qilishni so‘rashlari odatga aylangan va bu joizdir. Chunki, bu amalning shariatda asli bor bo‘lib, ba’zi hadislarda Payg‘ambarimiz alayhissalom mayitning qarzi bor-yo‘qligini surishtirganlari zikr qilingan (Imom Ahmad “Musnad” larida Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Bu odat aslida, mayitning egasini haqdorlarga meros molidan qarzlarni ado qiluvchi sifatida tanishtirishdir. Lekin bu – meros moli qolmagan bo‘lsa ham mayyit egasining bo‘yniga qarzlarni yuklab qo‘yish emas. Chunki meros moli qolmagan bo‘lsa, mayyitning o‘rniga hech kimni qarzni ado qilishga majbur qilinmaydi, hatto farzandini ham.

Shuni ta’kidlash kerakki, janozadan avval mana shunday savol-javoblar bo‘lmasada mayyitga namoz o‘qish durust. Mazkur savol-javoblar janozaning rukni yoki farzi emas. Bu ishlarni imom-domlalarimiz xalqqa qulaylik bo‘lishi uchun qiladilar.

E’tibor qilinishi kerak bo‘lgan nuqta shuki, aksar hollarda mayyit qarzlarini qoplaydigan, hatto undan ortadigan darajada mol qoldirgan bo‘ladi. Lekin gohida qarzdorlik isbotlanib turganda ham mayyitning egalari bu qarzlarni ado etmay, cho‘zadilar va qattiq gunohkor bo‘ladilar. Mayyit ota-ona bo‘lsa, bu gunohkorlik yanada katta bo‘ladi. Bu ularni uzoq yillar mehr bilan tarbiyalab katta qilgan ota-onaga oq bo‘lishning bir ko‘rinishidir. Vallohu a’lam.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.