O‘zbekiston

18 ta bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan Dok-1 Maks siropi tarkibida zaharli modda aniqlandi

photo 1022

Loading

Bundan bir necha kun avval Samarqand shahrida Dok-1 Maks dori vositasini qabul qilish natijasida bolalarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabar bergan edik.

Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan, maxsus ishchi guruh a’zolari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositasi mamlakatimizda 2012-yilda ro‘yxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgan. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. Yurtimizga ushbu preparat “Quramax Medical” MChJ tomonidan import qilingan.

Tekshiruv jarayonida mamlakatimizda o‘tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida o‘lim holati aniqlandi.

Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Bu esa bolaga me’yoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.

Barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo‘lgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.

Vaholanki, paratsetamol faqat tana harorati 38°C darajadan yuqori bo‘lgandagina kuniga 1 yoki 2 marta quyidagi dozada berish mumkin:
1 yoshgacha bolaga: 100-125 milligramm;
1 yoshdan 3 yoshgacha: 200 milligramm;
3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga: 250 milligramm.

Tana harorati me’yorida bo‘lganda ushbu dori vositasini iste’mol qilish qat’iyan man etiladi!

Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator o‘rganishlar Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham ko‘rsatdi. Ushbu modda zaharli bo‘lib, taxminan 1-2 ml/kg 95% konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o‘zgarishlarni, ya’ni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.

Vazirlik ishchi guruhi o‘rganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari e’tiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va bee’tibor munosabatda bo‘lgani, bolalar o‘limi tahlilini o‘z vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni ko‘rmagani uchun 7 nafar mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. To‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari yurtimizdagi barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan. O‘rganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining mas’uliyati masalasi Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida Hay’at yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Shu o‘rinda vazirlik ota-onalardan farzandlari salomatligiga befarq bo‘lmasliklarini, dorixonalardan faqat shifokor retsepti bilangina dori vositalarini xarid qilishlarini so‘rab qoladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.