Buxoro yangiliklari

Jondor tumani tibbiyot birlashmasi va “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK ga qarashli korxona davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganmi?

photo 1235

Loading

2023-yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida bir qator shubhali tenderlar amalga oshirildi. “Daryo” internet nashri muxbiri Abduqahhor Qosimov hujjatlarni monitoring qilib, Buxorodagi eng e’tiborga molik savdolar haqida ma’lumot beradi.

1-holat

Buxoro viloyati Jondor tumani Tibbiyot birlashmasi ovqat yetkazib berish bo‘yicha autsorsing xizmati uchun 190 mln so‘mlik tender o‘tkazgan. Unda “BTT Halol Baraka Ta’minot” va “Universal Ulgurji Savdo Qurilish Invest” MChJ lar g‘oliblik uchun kurashgan va yakunda “BTT Halol Baraka Ta’minot” korxonasi 189 million so‘m bilan tenderni yutib olgan.

G‘olib korxona ta’sischisi va rahbari Bozorov Tojiddin To‘xtamurodovich hisoblanadi.

E’tiborlisi va shubhalisi shundaki, ushbu lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender komissiyasi a’zolaridan birining ismi — Xudoyev To‘xtamurod Bozorovich.

photo 01 200

Muxbir holat yuzasidan tadbirkor hamda komissiya a’zosidan izoh oldi. Ularning ikkisi ham ism-familiyalardagi o‘xshashliklar tasodif ekanini aytib, ular o‘rtasida qarindoshlik aloqalari yo‘qligini ma’lum qildi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi aniqlashicha, haqiqatdan ham Jondor tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan birlashmada issiq ovqat yetkazib berish, autsorsing xizmati bo‘yicha Uzex.uz da 16.01.2023-yilda boshlang‘ich narxi 190 000 000 so‘m etib, 223577–lot raqami orqali e’lon joylashtirilgan.

Ushbu tanlash savdosida xarid komissiyasi 5 kishi etib belgilangan bo‘lib, komissiya a’zolari hamda ishtirokchilar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari qayd etilmadi. Ya’ni, “BTT Halol Baraka Ta’minot” MChJ ta’sischisi va rahbari Bozorov Tojiddin To‘xtamurodovich hamda buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan komissiya tarkibida bo‘lgan Xudoyev To‘xtamurod Bozorovich o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari mavjud emas.

2-holat

“Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK ga qarashli Buxoro elektr bilan ta’minlash distansiyasi korxonasi avtomototransportlarni ulgurji hamda chakana savdo va ta’mirlash xizmatlari bilan ta’minlash uchun 135 million so‘mlik tender o‘tkazgan. Unda “Buxara Auto Leader” MChJ va “Pit Stop Avto” MChJ raqobat uyushtirgan, yakunda birinchi tadbirkorlik subyekti 128 million 250 ming so‘m bilan tenderni yutib olgan.

Ammo mana shu MChJ lar bir tadbirkorga tegishli, hujjatlar shunaqa ko‘rsatyapti:

photo 02 373

Bunisi endi aniq tasodif emas. Ergashev Shahriyor Baxtiyorovich o‘ziga tegishli ikkita korxona bilan maskarad uyushtirgan va g‘irrom tarzda tenderni yutib olgan. 3 nafar komissiya a’zosi esa bir og‘iz e’tirozsiz, savdoga rozilik bildirgan.

Mazkur tanlash savdosiga “Buxara Auto Leader” MChJ va “Pit Stop Avto” MChJ tomonidan elektron taqdim etilgan oferta hujjatlari hududiy raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganilganda, “Buxara Auto Leader” MChJ ning yagona ta’sischisi va rahbari Ergashev Shahriyor Baxtiyorovich ekanligi, ushbu jamiyatga raqobatchi sifatida ishtirok etgan “Pit Stop Avto” MChJ ning ta’sischilaridan biri (50% ulush) ham Ergashev Shahriyor Baxtiyorovich bo‘lishiga qaramasdan komissiya tomonidan mazkur oferentlarning savdolarga qatnashishiga yo‘l qo‘yib berilganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan buyurtmachidan so‘rov orqali tushuntirish berish so‘ralganda, xarid komissiyasi tomonidan ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, qonun buzishlarni oldini olish maqsadida mazkur e’longa berilgan lot bo‘yicha o‘tkazilgan tanlash natijalari buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy bekor qilinganligi ma’lum qilindi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.