Jahon
Ispaniyada dahshatli temiryo‘l fojiasi: o‘nlab qurbonlar, yuzlab jabrlanganlar
Ispaniya janubida, Kordova yaqinida ikki tezyurar poyezd to‘qnashib ketdi. Oqibatda kamida 40 kishi halok bo‘ldi, 170 nafar yo‘lovchi yengil jarohat oldi, 75 kishi shifoxonaga yotqizildi. Qurbonlar orasida poyezdlardan birining mashinisti ham bor.
Fojea Adamuz aholi punktida, Kordovadan 37 km shimoli-sharqda sodir bo‘lgan. Hodisa joyidan tarqalgan video va suratlarda bir nechta vagonlar jiddiy shikastlangani, ayrim yo‘lovchilar esa vagon ichida qisilib qolgani ko‘rinadi.
To‘qnashuv qanday yuz berdi?
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Iryo 6189 poyezdi Malagadan 19-yanvar kuni soat 18:40 da chiqib, Madrid-Puerta de Atocha tomon yo‘l olgan. Soat 19:38 atrofida u Adamuz bekati oldidagi o‘tkazgichda relsdan chiqib, qo‘shni yo‘lga o‘tib ketgan.
Aynan shu vaqtda qarama-qarshi yo‘nalishda Renfe kompaniyasiga qarashli Alvia 2384 poyezdi Madrid–Uelva marshruti bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan. U relsdan chiqib ketgan Iryo poyezdi turgan yo‘lga kelib, katta tezlikda to‘qnashgan.
Har ikkala poyezd tezligi maksimal bo‘lmagani taxmin qilinmoqda — mutaxassislar aynan shu holat yanada yirik talofatlarning oldini olganini aytmoqda. Chunki Iryo poyezdida 300 dan ortiq, qarshi poyezdda esa qariyb 200 yo‘lovchi bo‘lgan.
Eng ko‘p zarar Iryo poyezdining 6, 7 va 8-vagonlariga yetgan — Alvia poyezdining zarbasi aynan shu joyga to‘g‘ri kelgan. Renfe manbalari Alvia mashinisti halok bo‘lganini tasdiqladi.
Qutqaruv ishlari: murakkab va xavfli
Dastlabki xabarlarning o‘zidayoq qutqaruv operatsiyasi nihoyatda murakkab ekani aytildi. 061 xizmati 5 ta reanimobil, logistika mashinasi va 4 ta mobil reanimatsiya brigadasini safarbar etdi, dala gospitali tashkil qilindi.
Soat 21:30 ga kelib halok bo‘lganlar soni 5 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqlarda esa vagon ichida qamalib qolgan yo‘lovchilar videosi tarqaldi. Keyinchalik qurbonlar soni keskin oshdi.
Harakat to‘xtatildi
Adif Madrid–Andalusiya yo‘nalishida poyezdlar qatnovini noma’lum muddatga to‘xtatdi. Qutqaruvchilar tun bo‘yi Renfe va Iryo rahbariyati bilan birga ishladi.
Guvohlar nima deydi?
Yo‘lovchilar zarbani “zilziladek” deb tasvirlamoqda. Ayrimlar oynalarni sindirib chiqishga majbur bo‘lgan, natijada kesilishdan jarohatlar olgan.
RTVE jurnalisti Salvador Ximenesning aytishicha, oxirgi ikki vagon relsdan chiqib, ulardan biri to‘liq ag‘darilib ketgan. “Odamlar ichkarida tibbiyot xodimlari bormi, deb qichqirishdi, keyin oynalarni sindirib evakuatsiya qilindik”, — dedi u.
Favqulodda xizmatlar safarbar
Qizil Xoch jamiyati Kordovadan tibbiy tez yordam mashinasini, Xaendan esa yana uchta brigadani yubordi. Psixologik yordam guruhlari ham shay holatga keltirildi.
Rasmiylar reaksiyasi
Ispaniya transport vaziri Óscar Puente Adif operativ markaziga kelib, qutqaruv ishlarini shaxsan muvofiqlashtirdi. “Bu juda g‘alati avariya”, — dedi u, may oyida yangilangan to‘g‘ri uchastkada sodir bo‘lganini ta’kidlab.
Madrid hamjamiyati Atocha vokzalida yo‘lovchilar qarindoshlari uchun yordam punktlari ochdi. Madrid mintaqasi rahbari Isabel Díaz Ayuso Andalusiyaga shifoxonalar yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Bosh vazir Pedro Sánchez hukumat vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va barcha xizmatlar bilan hamkorlikda ishlayotganini ma’lum qildi.
Tergov boshlandi
Iryo poyezdining nega relsdan chiqqani hozircha noma’lum. Adif va Transport vazirligi jabrlanganlar sonini aniqlashtirmoqda. Tergov allaqachon boshlangan va kamida 1 oy davom etishi mumkin.

Madrid–Andalusiya yo‘nalishidagi tezyurar qatnov kamida chorshanbagacha yopiq qoladi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


