Jahon
Meksika tartibsizliklar girdobida: “El Mencho” o‘ldirilgach mamlakatda zo‘ravonlik avj oldi
Meksikada eng qudratli narkokartellardan biri yetakchisi Nemesio Osegara Servantes, ya’ni “El Mencho”ning yo‘q qilinishi ortidan mamlakatning bir qator hududlarida keng ko‘lamli zo‘ravonliklar boshlandi. U boshqargan “Yangi avlod Xalisko” karteli AQShga fentanil kontrabandasini yo‘lga qo‘ygan yirik jinoiy tuzilma sifatida tanilgan edi.
22-fevral, yakshanba kuni Jalisco shtatida Meksika armiyasining maxsus bo‘linmalari o‘tkazgan operatsiya chog‘ida El Mencho o‘ldirildi. U Yangi avlod Xalisko karteli (CJNG) yetakchisi bo‘lgan.
Butun mamlakat bo‘ylab yo‘llar to‘sildi
Rasmiylarga ko‘ra, operatsiyadan so‘ng qurollangan kartel a’zolari bilan huquq-tartibot idoralari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Zo‘ravonliklar boshqa hududlarga ham yoyilgan.
Jinoiy guruhlar 20 ta shtatdagi 250 dan ortiq nuqtada avtomobillarga o‘t qo‘yib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. Guadalajara shahri deyarli huvillab qolgan, aholi uyidan chiqmay qo‘ygan. Dushanba kuni bir necha shtatlarda maktab darslari bekor qilingan.
Michoacán va Guanajuato bilan birga Xalisko rasmiylari kamida 14 kishi halok bo‘lganini, ular orasida Milliy gvardiyaning yetti nafar harbiy xizmatchisi borligini ma’lum qilgan.

El Menchoning so‘nggi operatsiyasi
Meksika Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, El Mencho Tapalpa hududida qo‘lga olish operatsiyasi vaqtida yaralangan. U Mexikoga olib ketilayotgan paytda vafot etgan.
Operatsiya davomida hukumat qo‘shinlari o‘qqa tutilgan va javob zarbalari natijasida to‘rt kishi o‘ldirilgan. Yana uch kishi, jumladan El Mencho ham og‘ir yaralanib, keyinroq hayotdan ko‘z yumgan. Ikki shaxs qo‘lga olingan.
Shuningdek, zirhli texnika, raketa qurilmalari va boshqa og‘ir qurollar musodara qilingan. Uch nafar harbiy jarohat olib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
AQSh hukumati ham operatsiyada razvedka yordamini ko‘rsatganini ma’lum qildi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt El Mencho AQSh va Meksika hukumatlari uchun fentanil savdosidagi asosiy nishon bo‘lganini ta’kidladi.
Avvalroq AQSh Davlat departamenti uni qo‘lga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollargacha mukofot e’lon qilgan edi.

CJNG – Meksikaning eng agressiv kartellaridan biri
Taxminan 2009-yilda shakllangan “Yangi avlod Xalisko” karteli Meksikadagi eng tez o‘sayotgan va shafqatsiz jinoiy tuzilmalardan biri hisoblanadi. U harbiylarga, jumladan vertolyotlarga qarshi hujumlari bilan tanilgan. Kartel portlovchi moslamalarni dronlar orqali tashlash va minalar qo‘yishda ham kashshof bo‘lgan.
2020-yilda ular Mexiko markazida o‘sha paytdagi poytaxt politsiyasi rahbariga, hozirgi federal xavfsizlik vaziriga qarshi granata va yirik kalibrli qurollar bilan suiqasd uyushtirgan.
AQShning DEA ma’lumotiga ko‘ra, CJNG kuch va ta’sir jihatidan Sinaloa karteli bilan tenglashgan. U AQShning barcha 50 shtatida faoliyat yuritadi va kokain, fentanil hamda metamfetamin savdosidan milliardlab dollar daromad oladi.
Biroq Sinaloa karteli yetakchilari — Ismael Zambada va Joaquin Guzman — AQSHda qamoqqa olingach, ichki nizolar sabab zaiflashgan.
2025-yil fevralida AQSh prezidenti Donald Trump ma’muriyati CJNGni xorijiy terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan edi.

Meksika rahbariyatiga bosim kuchaymoqda
Meksika prezidenti Claudia Sheinbaum avvalgi hukumatlarning kartel yetakchilarini yo‘q qilish strategiyasini tanqid qilgan, chunki bu ko‘pincha kartellar parchalanib, zo‘ravonlikning yanada kuchayishiga olib kelgan.
Shunga qaramay, mamlakatda xavfsizlik masalasi dolzarbligicha qolmoqda. AQSh prezidenti Donald Trampning yana hokimiyatga kelishi ortidan Meksika rahbariyatiga narkotrafikka qarshi kurashda aniq natijalar ko‘rsatish bo‘yicha bosim yanada kuchaygan.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


