Buxoro yangiliklari

Buxoroda 2025-yilda narkojinoyatlar hajmi keskin oshdi

picture
Foto: IIV

Loading

2025-yilda Buxoro viloyatida narkotik vositalar bilan bog‘liq jinoyatlar soni sezilarli darajada oshgani ma’lum bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 15 412 ta narkojinoyat aniqlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 26 foizga ko‘pdir. Hududlar kesimida aynan Buxoro viloyati ham jinoyatlar oshgan hududlar qatorida tilga olingan. Shuningdek, bunday holatlar Samarqand, Namangan viloyatlarida ham ko‘paygan.

Masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2025-yil 17-dekabr kuni giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotgan paytda ham muhokama markazida bo‘lgan.

Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi sobiq direktori Ravshan Mamatov o‘sha yig‘ilishda noqonuniy aylanmaga ayrim mansabdor shaxslar homiylik qilayotganiga doir holatlar mavjudligini aytgan edi. Biroq keyinchalik agentlik matbuot xizmati ushbu bayonot noto‘g‘ri talqin qilinganini “Daryo” ga ma’lum qildi.

Rasmiy tushuntirishga ko‘ra, 2025-yilda narkojinoyatlar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan davlat idoralarining 17 nafar xodimi javobgarlikka tortilgan. Ular orasida narkojinoyatlarga homiylik qilgan mansabdorlar aniqlanmagan.

Shuningdek, Toshkent viloyati, Olmazor tumanida aniqlangan noqonuniy narkolaboratoriya ishi ham jamoatchilik e’tiborini tortgan. Mazkur holatda profilaktika inspektori homiylik qilmagan, balki o‘zi bevosita jinoyat sodir etib, xizmat uyida sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarish va tarqatish bilan shug‘ullangani uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Deputatlar muhokama qilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga yangi normalar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Unga muvofiq:

  • Narkotiklarning noqonuniy muomalasiga mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib homiylik qilish uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi taklif etilmoqda.
  • Noqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyatini ta’minlash alohida jinoyat sifatida ko‘riladi.
  • Giyohvandlik vositalarini jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Mutaxassislar fikricha, narkojinoyatlar sonining oshishi nazorat va profilaktika choralarini yanada kuchaytirishni talab etadi. Qonunchilikdagi o‘zgarishlar esa bunday jinoyatlarning oldini olish va javobgarlikni qat’iylashtirishga qaratilgan.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.