Jahon

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston va Pokistonni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

pic
Foto: Worldview.stratfor.com

Loading

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara hududida vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda O‘zbekiston rasmiy bayonot bilan chiqdi. Tashqi ishlar vazirligi 27-fevral kuni e’lon qilgan munosabatida rasmiy Toshkent mintaqadagi taranglikdan chuqur xavotirda ekanini bildirdi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, yuzaga kelayotgan barcha kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan — siyosiy va diplomatik muloqotlar orqali hal etilishi lozim. O‘zbekiston davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va o‘zaro hurmat tamoyillari asosiy mezon bo‘lishi kerakligini yana bir bor urg‘uladi.

“Biz tomonlarni darhol o‘t ochishni to‘xtatishga, vazminlik ko‘rsatishga hamda keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Rasmiy Toshkent mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni saqlash ustuvor vazifa ekanini eslatdi.

Vaziyat 26-fevral kuni yanada taranglashdi. Afg‘oniston tomoni Pokiston kuchlarining zarbalariga javoban chegara hududlarida maxsus amaliyot boshlaganini ma’lum qildi. Bungacha Pokiston “Tahriki-Tolibon Pokiston” va “IShID — Xuroson viloyati” guruhlarining Afg‘oniston sharqidagi lagerlariga zarbalar yo‘llaganini bildirgan edi. Islomobod bu harakatni o‘z hududida sodir etilgan ketma-ket teraktlarga javob chorasi sifatida izohladi. Pokiston rasmiylariga ko‘ra, ushbu guruhlar yetakchilari Afg‘oniston hududida yashiringan va u yerdan turib hujumlarni rejalashtirib kelmoqda.

Pokiston mudofaa vaziri Havaj Asif esa vaziyatni yanada keskin baholab, Afg‘oniston boshqaruvidagi “Tolibon” harakati bilan “ochiq urush” boshlanganini e’lon qildi. U o‘z chiqishida toliblar hukumatini keskin tanqid qilib, Afg‘oniston hududidan terrorizm eksport qilinayotgani hamda inson huquqlari cheklanayotgani haqida bayonot berdi.

Mintaqadagi vaziyat xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortayotgan bir vaqtda, O‘zbekistonning tinchlik va diplomatiyaga chaqiruvi Markaziy Osiyo xavfsizligi nuqtayi nazaridan muhim signal sifatida baholanmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.