Islom

“Somalaykum”, “Assalom” – bu narsa salom emas. Bu o‘liklarning salomidir…

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Salom – Allohning ismi. Salom bergan kishi Allohning ismini zikr qilgani uchun savob oladi. Ammo keyingi vaqtlarda negadir oramizda salom unut bo‘lib ketayotgandek tuyulib qolmoqda. Birov bilan bevosita yoki bilvosita muloqot qilgan paytimizda salomdan avval mavzuga kirishib ketishga chog‘lanamiz. Salom-alik nari borsa yarim daqiqani oladi xolos. Buning asosiy sababi salomning fazilatini bilmaslik, unga beriladigan savobning qadriga yetmaslik sanaladi. 

Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki xuddi o‘zidek javob bering. Albatta, Alloh har bir narsaning hisobini oluvchi Zotdir” (Niso surasi, 86-oyat).

Bu oyatdan shu narsa bilinadiki, salom berish va alik olish insonning ixtiyoridagi narsa emas. U insonlarning zimmasidagi vojib amallardan ekanini hadisi sharif ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon zimmasiga o‘z birodari uchun besh narsa vojib bo‘ladi: salomga alik olish, aksa urganga sog‘liq tilash, da’vatga ijobat qilish, bemorni ko‘rish va janozaga ergashish”, dedilar (Termiziy rivoyati). 

Musulmon kishining musulmonlarga salom berishi, salom berilganda alik olishi, aksa urganda hamd aytishi, aksa urgan kishiga baraka tilashi, birov chaqirganda unga javob berishi, bemorlar holidan xabar olishi, janoza namozlarida ishtirok etishi, ta’ziya izhor etishi kabi bir qancha zimasidagi vojib amallar bor. Ularga befarq bo‘lish mumkin emas. Bu sunnatga aytilgan ko‘rsatmadir. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysiz. O‘zaro muhabbat qilmaguningizcha mo‘min bo‘lmaysiz. Sizni qachon (amal) qilsangiz o‘zaro muhabbat paydo qiladigan amalga dalolat qilaymi? Orangizda salomni keng tarqating”, dedilar (Abu Dovud, Termiziy va Muslim rivoyat qilishgan).

Alloh taolo bekorga qasam ichmagan. Muhim narsalardagina qasam ichgan. Payg‘ambar alayhis salom ham muhim va zarur narsalarda qasam ichganlar. Bundan ham ko‘rinib turibdiki, muhabbat paydo qilish va jannatga kirish istagida bo‘lganlar salomga nihoyatda e’tibor bersinlar. Payg‘ambar alayhis salomga deyarli hech kim salom bera olmagan. U zotning o‘zlari birinchi bo‘lib salom berishga ulgurganlar. Biz ham sunnatga amal qilgan holda birinchi salom berish payida bo‘lishga intilaylik.

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning Allohga eng yaqini ularga eng avval salom berganidir”, dedilar (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan).

Ko‘rgan yoki uchratgan kishilarga avval salom berishga odatlanmoq lozim. Bu narsa payg‘ambarimizning ko‘rsatmalari ekaniga yanada diqqat qarataylik. Salomni tarqataylik. Uni bolalarimizga o‘rgataylik. Jannatga intilaylik. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Rohmanga ibodat qilinglar! Salomni tarqatinglar! Jannatga salom ila kirursizlar”, dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Bu kabi ishlarga odatlangan kishilar o‘zlari jannatga kirishlari uchun lozim bo‘lgan ikki omilni kasb qilgan bo‘lar ekanlar.

Nafaqat ko‘cha-kuyda balki xonadonga kirayotgan paytda ham salom berib kirmoq kerak. Salom bilan kirilgan xonadonga xayr-baraka yog‘ilishi hadisi shariflarda zikr qilingan. 

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey bolam! Qachon ahling oldiga kirsang salom ber. U senga ham, ahli baytingga ham baraka bo‘ladir”, dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Shu o‘rinda bir narsaga diqqat-e’tibor qaratish lozim. Ba’zan “Somalaykum”, “Assalom” kabi salomlarni ham eshitib qolamiz. Bu narsa salom emas. Bu o‘liklarning salomidir. Shunday ekan, salomga e’tibor beraylik. Uning lafzlarini to‘g‘rilab olaylik. Har qanday vaziyatda ham salomni yoddan chiqarmaylik.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.