Jahon
Vengriyada davlat radio va televideniyesining yangiliklar dasturlari vaqtincha efirdan olindi
Mamlakat jamoat OAVlarini boshqaruvchi MTVA bayonotiga ko‘ra, ular yaqin vaqt ichida hukumat targ‘ibotidan holi, mustaqil va xolis formatda faoliyatini qayta boshlaydi.
Yangi media tuzilmasi tashkil etiladi
Rejaga ko‘ra, amaldagi MTVA va Duna Media Service o‘rnida yangi jamoat media jamg‘armasi hamda “Vengriya radiosi va televideniyesi” nomli notijorat tashkiloti tashkil etiladi. O‘tish davri yakunlangach, tashkilotning doimiy rahbari fuqarolar va media sohasi vakillari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng ochiq tanlov asosida saylanadi.
Vengriya bosh vaziri Peter Madyar saylovoldi kampaniyasi davrida davlat OAVdagi hukumat targ‘ibotiga barham berish va tahririyat mustaqilligini ta’minlashga va’da bergan edi. Iyun oyida parlament davlat OAVni tubdan isloh qilishga qaratilgan qonunni qabul qildi.
Yangiliklar o‘rniga filmlar va ko‘ngilochar dasturlar efirga uzatilmoqda
Islohotlar boshlanishi bilan M1 telekanali yangiliklar efirini to‘xtatdi, Kossuth radiosi esa vaqtincha boshqa dasturlarni uzata boshladi.
Telekanal ekranida quyidagi mazmundagi murojaat paydo bo‘ldi:
“Jamoat OAV yolg‘on gapirishga haqli emas. Biz buni uzoq yillar davomida qilganimiz uchun uzr so‘raymiz”
Bayonotda qora ekran butun bir davr yakunlanganining ramzi ekani, jamoat OAV bundan buyon ishonchli va xolis axborot yetkazishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Rahbariyat almashmoqda
Vaqtincha tayinlangan rahbar Andrash Horvat moliyaviy va tashkiliy audit boshlanganini ma’lum qilgan. Shuningdek, televideniye, radio va onlayn platformalar uchun vaqtinchalik rahbarlar tayinlangan, ayrim yuqori lavozimli xodimlar esa lavozimidan chetlatilgan yoki ishdan bo‘shatilgan.
Islohotlarning asosiy sabablari
Ma’lum qilinishicha, islohotlarga so‘nggi yillarda davlat OAVda siyosiy xolislikning buzilgani, muxolifat vakillarining ovozi cheklangani hamda yangiliklar siyosatiga tashqi targ‘ibot elementlari singdirilgani sabab bo‘lgan.
Aprel oyidagi parlament saylovlarini kuzatgan YXHT missiyasi ham davlat OAV faoliyatini tanqid qilib, yangiliklar dasturlari hukmron siyosiy kuchlar manfaatlarini nomutanosib darajada yoritgani, muxolifat vakillariga esa yetarli efir vaqti berilmagani hamda saylovchilarga muvozanatli va xolis axborot taqdim etilmaganini qayd etgan.
-
20.08.2022Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


