Buxoro yangiliklari

Buxoroda “Lihua Group” bilan 29 ming gektarda paxta klasteri tashkil etiladi

cover
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoyning “Lihua Group” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Teng She I va kompaniya vakili Van Xun Tu bilan uchrashdi. Tomonlar yirik paxta-to‘qimachilik klasteri loyihasining amalga oshirilishini muhokama qildi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Viloyatda investitsiya muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish va erishilgan kelishuvlarni amaliy natijaga aylantirish maqsadida 2025-yil 12–19-iyun kunlari viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lgan edi.

Buxoro viloyati hokimi va Lihua Group vakillari uchrashuvi

 

Tashrif davomida Xitoyning qator shaharlari rahbariyati, tegishli idoralar va yirik kompaniyalar vakillari bilan investitsiya hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilgan. Delegatsiya “Lihua Group” faoliyati bilan tanishib, to‘qimachilik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgan.

Lihua Group kompaniyasi vakillari

 

Kelishuvga ko‘ra, Shofirkon tumanidagi 20 ming gektar va Romitan tumanidagi 9 ming gektar cho‘l yerini o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Jami 29 ming gektar maydonda paxta sanoatining to‘liq zanjirini qamrab oladigan yirik klaster tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha bo‘yicha muzokarada Buxoro viloyati vakillari

 

Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda “Jemchujina Romitan” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Hozirgacha “Qoqishtuvon” hududidagi “Ernafas Xo‘jayev” massivida 2 ming gektar yer o‘zlashtirilib, uning 300 gektariga paxta ekildi.

Buxoro va Xitoy vakillari investitsiya loyihasini muhokama qilmoqda

 

Yil yakuniga qadar o‘zlashtirilgan yer maydonini 5 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda esa o‘zlashtirilgan barcha maydonlarda paxta ekish ishlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Hozirda Shinjon texnologiyalari asosida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tajribalar olib borilmoqda. Jumladan, paxtani plyonka ostida yetishtirish usulini mahalliy sharoitda qo‘llash imkoniyatlari sinovdan o‘tkazilmoqda.

Uchrashuvda belgilangan vazifalarning ijrosi, mavjud muammolarni bartaraf etish va loyihani keyingi bosqichga olib chiqish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida cho‘l hududlaridagi yangi yerlarni iqtisodiy muomalaga kiritish, paxtachilikda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini oshirish maqsad qilingan. Kelgusida paxtani chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini kengaytirish ham rejalashtirilgan.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.