Buxoro yangiliklari
Buxoro ko‘magida Xo‘jaylida 110 mingdan ortiq fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Buxoro viloyati mutaxassislari ishtirokida Xo‘jayli tumanida 110 690 nafar fuqaro tibbiy, profilaktik va chuqurlashtirilgan ko‘riklar bilan qamrab olindi. Hududlar o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Xo‘jayli tuman tibbiyot birlashmasi rahbari boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda ilg‘or tajribani o‘rganmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Tashrif Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida, Xo‘jayli aholisi uchun tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida tashkil etilgan. Delegatsiya tibbiy xizmatlarni tashkil etish, zamonaviy davolash usullarini joriy qilish va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha amaliy o‘rganishlar olib bormoqda.

Qoraqalpog‘istonlik mutaxassislar Romitan va G‘ijduvon tumanlaridagi birlamchi tibbiy yordam muassasalari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali, Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishmoqda. Kadrlar malakasini oshirish, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni Xo‘jaylida joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ko‘riklarda 2 263 nafar fuqaroda kasalliklar aniqlanib, tegishli davolash tavsiyalari berildi. Tumanda 323 ta jarrohlik amaliyoti, jumladan, 97 ta yuqori texnologik amaliyot bajarildi. Ixtisoslashtirilgan yordamga muhtoj 31 nafar bemor Buxoroga olib kelinib, ularning 26 nafarida operatsiya o‘tkazildi. Shundan 22 tasi yuqori texnologik usulda bajarildi. Davolash va jarrohlik amaliyotlariga 259,8 million so‘m yo‘naltirildi.

Xo‘jayli tumani jarrohi Yerpolat Satullayevich Otekeyev va travmatolog-ortoped Alibek Maratovich Yesbergenov Buxoro viloyati ko‘magida Turkiya Respublikasining Sog‘liq bilimlari universitetida malaka oshirib, tegishli sertifikatlarni oldi. Ushbu tashabbuslar mutaxassislarning kasbiy mahoratini yuksaltirish va zamonaviy davolash usullarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

Xo‘jayli tuman markaziy kasalxonasining tug‘ruq bo‘limi «Buxoroi sharif» jamg‘armasi hisobidan 629 million so‘mlik sakkiz turdagi tibbiy jihoz bilan ta’minlandi. Kasalxona hududidagi 500 kvadrat metr ichki yo‘l asfaltlandi.

Muntazam gemodializ muolajasiga muhtoj 20 nafar bemorni Nukus shahriga olib borish va qaytarish uchun «Damas» avtomobili ajratildi. Yo‘lni asfaltlash va avtomobil xaridiga jami 310 million so‘m sarflandi.
Tumanda mahallabay tibbiy xatlov, xavf guruhlarini aniqlash va manzilli davolash davom etmoqda. Avval Buxoro viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida 38 nafar xo‘jaylilik bola sog‘lomlashtirilgan. Yana 50 nafar bola va o‘smirni davolash-sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida qoraqalpog‘istonlik mehmonlar Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Muxsin Rajabovga ehtirom bildirdi. Bu e’tibor buxorolik tibbiyot xodimlarining Xo‘jayli aholisiga ko‘rsatgan amaliy yordami, hududlararo hamkorlikka qo‘shgan hissasi va inson salomatligi yo‘lidagi mas’uliyatli mehnatiga hurmat ifodasi ekani qayd etildi.
Buxoro viloyati va Xo‘jayli tumani o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish hamda aholiga sifatli va malakali xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish ishlari izchil davom ettiriladi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


