Islom
Ibo va hayo – iymondandur
Albatta, hayo barcha yoqimli ishni qilishga va barcha yoqimsiz, amalni qilmaslikka undovchi xulqdir. Hayo nafsdagi maqtalgan sifatlardan biridir. U karamli xulqlarning boshi, iymonning ziynati, Islomning shioridir.
Hadislardan birida hayo haqida shunday deyilgan: «Albatta, har bir dinning xulqi bo‘ladi. Islomning xulqi hayodir».
Hayo yaxshilikka dalolat qiluvchi xulqdir. Hayo kishining salomat ekanidan xabar beruvchi va mazammatdan saqlanishiga sabab bo‘luvchi xulqdir.
Vahb ibn Munabbah rohimahulloh: «Iymon yalang‘ochdir. Uning libosi taqvo va ziynati hayodir», degan ekanlar.
Ba’zilar bunday deyishgan ekan: «Kimga hayo o‘z kiyimidan kiydirsa, odamlar uning aybini ko‘rmaydilar».
Hayoda ko‘plab fazilatlar va foydalar bor. Shariat bizni hayo bilan xulqlanishga buyurgan va unga targ‘ib qilgan. Shariat hayoni iymondan deb e’lon qildi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Iymon yetmish nechta shoʻbadan iboratdir. Uning eng afzali “Laa Ilaha Illalloh” demoqlik va eng kichigi, yo‘ldagi ozor beradigan narsani olib tashlash. Hayo, iymonning shoʻbasidir», – dedilar.
Yana bir hadisda bunday deyilgan: «Hayo va iymon bir-biriga yaqin narsalardir. Agar ulardan biri ko‘tarilsa, boshqasi ham ko‘tariladi».
Hayo iymondanligining siri – ularning har ikkisi yaxshilikka chorlovchi, yaxshilikka yaqinlashtiruvchi, yomonlikdan buruvchi, yomonlikdan uzoqlashtiruvchidir. Agar odamlarda jur’at, fahshni ko‘rsang, bilgingki, buning eng katta sabablaridan biri hayoning yo‘qolganligidir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan idrok qilgan narsalardan biri «agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver»dir, dedilar.
Albatta, ba’zi odamlar ba’zi yaxshi ishlardan, haqni gapirishdan, amru ma’ruf, nahiy munkar qilishdan hayoning da’vosi bilan tiyiladi. Shubhasiz bu – hayoning ma’nosini xato tushunishdir. Bashariyatning eng yaxshisi bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng hayolisi, hayosi eng kuchlisi edilar. U zot chimildiqdagi kelinchakdan ham hayoliroq edilar. Ammo u kishining hayolari haqni aytishdan, amru ma’ruf, nahiy munkar qilishdan to‘smas edi. Agar Allohning harom qilgan narsalari toptalsa, u kishi sollallohu alayhi vasallam Alloh uchun g‘azab qilardilar.
Shuningdek, hayo kishini ilm talab qilishdan, diniy masalalarni so‘rashdan to‘smasligi kerak.
Ummu Sulaym roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Ey Allohning Rasuli! Albatta, Alloh haqdan hayo qilmaydi. Agar ayol kishi ehtilom bo‘lsa, g‘usl qiladimi?», deb so‘raganlar. U ansoriyani hayo mazkur savolni berishdan to‘smadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni hayo mazkur savolga javob berishdan to‘smadi. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Ha, agar suvni ko‘rsa», deb javob berganlar.
Hayoning turlari: Allohdan hayo qilish; farishtalardan hayo qilish; odamlardan hayo qilish; nafsdan (o‘zidan) hayo qilish;
Allohdan hayo qilish: Bandaning nafsida «Albatta, Alloh meni ko‘rib turibdi. Albatta, U Zot har doim men bilan birga», degan e’tiqod o‘rnashsa, u banda Alloh uni biror farzda kamchilikka yo‘l qo‘ygan yoki biror gunohni sodir etgan holda ko‘rishidan hayo qiladi.
Alloh taolo Qur’onda bunday marhamat qilgan: «Albatta, Alloh uning bu qilmishlarini ko‘rib turishini bilmaganmidi?» (Alaq surasi, 14-oyat).
Alloh taolo bandalarini ko‘rib, ularning qilayotgan ishlarini bilib turganiga dalolat qiluvchi yana ko‘plab oyatlar bor.
Bir odam bir ayol bilan xoli qolganda, fahsh ishga qo‘l urmoqchi bo‘ldi va u ayolga: «Bizni faqat yulduzlar ko‘rib turibdi», dedi. Shunda ayol: «Yulduzlarni Yaratuvchisichi», dedi.
Farishtalardan hayo qilish: Ba’zi sahobalar: «Albatta, sizlardan hech ajramaydiganlar farishtalar sizlar bilan birga yuradilar. Bas, ulardan hayo qilinglar va ularni ikrom qilinglar», deyishgan.
Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: «Holbuki, sizlarning ustingizda barcha so‘zingiz va ishingizni yodlab turuvchi farishtalar bor. Ular nomai a’molga yozuvchi ulug‘ zotlardir. Ular siz qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi, 10-12-oyatlar).
Odamlardan hayo qilish: Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u kishi shunday deganlar: «Odamlardan hayo qilmaydigan kishida yaxshilik yo‘q».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayoni kishining qiladigan ishlariga hukm qilish omili qilganlar va hayoni o‘lchov, mezon etib belgilab shunday deganlar: «Odamlar ko‘rishni yoqtirmagan narsangni xoli qolganingda ham qilma».
Nafsdan (o‘zidan) hayo qilish: Kim odamlardan hayo qilib, o‘z nafsidan hayo qilmasa, nafsi uning nazdida boshqalardan ko‘ra pastroq ekan. Agar inson bir qabih ishni qilmoqchi bo‘lsa, nafsini uni kuzatib turgan bir kishi deb tasavvur qilsin. Bu turdagi hayo iffat bilan, xoli qolgan kezlarda o‘zini saqlash bilan, ichni go‘zal qilish bilan bo‘ladi. Agar bandaning nazdida o‘z nafsi kattalashsa, o‘z nafsidan qiladigan hayosi boshqalardan qiladigan hayosidan ko‘ra kattaroq bo‘ladi.
Ba’zi salafi solihlar: «Kim oshkora sodir etishdan hayo qilinadigan bir ishni yashirin holda qilsa, uning uchun nafsining qadri yo‘q ekan», deyishgan ekan.
Alloh taolo barchamizni mukammal hayo, qo‘rquv va go‘zal xotima bilan rizqlantirsin!
Karimov Olimjon, Peshko‘ tumani «Xo‘ja Peshko‘» jome’ masjidi imom xatibi
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi