Islom

Betobut-u bekafan “manzil”iga ketganlar…

photo 633

Loading

Alloh taolo insoniyatga bebaho ne’mat o‘laroq shirin jon ato etdi. Oqni qoradan ajratishi uchun ong-tafakkur, aql farosat berdi. Afsuski, Alloh ato etgan g‘animat umrini xazon qilayotgan bir qancha manqurtlar bir necha yillardan buyon yer yuzining turli mintaqalarida o‘z tanalariga kuchli portlovchi moddalarni bog‘lab olib, ularni tinch aholi yashaydigan jamoat joylarida portlatib, nafaqat o‘zlarining, balki yuzlab insonlarning hayotiga zomin bo‘lmoqdalar. Eng ayanchlisi, ular va ularning tarafdorlari bu johilona ishlarini “shahidlik” maqomi deb bilib, ikki dunyo azobini zimmasiga ortmoqlab ketmoqdalar…

Alloh bergan shirin jonin arzon-garov sotganlar,
Gumrohlikning botqog‘iga xo‘p ayovsiz botganlar.
O‘zlarini jahannamning otashiga otganlar[1],
Asl shahid maqomin neligin unutganlar.
Betobut-u bekafan “manzil”iga ketganlar…
Kimlarning aldoviga, nayrangiga ishondi?
Insoniylik maqomidan naqadar oson tondi!
Jahannamga yetmay turib jasadi kuyib yondi!
Asl shahid maqomin neligin unutganlar,
Betobut-u bekafan “manzil”iga ketganlar…
Faqat chirkin nafsi aro o‘lim topsa mayliga,
Zomin bo‘ldi bir necha ming insonlarning joniga.
Sovuq temir parchasini bog‘lab olib qo‘yniga,
Asl shahid maqomin neligin unutganlar.
Betobut-u bekafan “manzil”iga ketganlar…
Ular bois yetim qoldi yuzlab go‘dak bolalar.
Dilbandidan ayrildi qancha-qancha onalar,
Majruhlarning faryodi samolarga o‘ralar.
Asl shahid maqomin neligin unutganlar,
Betobut-u bekafan “manzil”iga ketganlar…
Zero, o‘zin o‘ldirganga ko‘p alamli azob bor,
Har ajalga bitilgan muayyan bir kitob bor[2].
Allohning huzurida hali savol-javob bor,
Ikki dunyo shaqovatin[3] yelkasiga ortganlar,
Betobut-u bekafan “manzil”iga ketganlar.

Ohunjon Ahmedov, Ko‘kaldosh o‘rta-maxsus islom bilim yurti mudarrisi.


[1] Alloh taolo Niso surasining 29-oyatida shunday marhamat qiladi:

وَلَا تَقْتُلُوا أَنفُسَكُمْ

“O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang”. Barcha mufassir ulamolar ittifoqan ushbu oyatdan insonning o‘zini-o‘zi o‘ldirishi va o‘zgalar joniga qasd qilishi harom ekani tushuniladi, deganlar.

Va yana Niso surasi 93-oyatda:

و من يقتل مؤمنا متعمدا فجزآؤه جهنم خالدا فيها

“Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi abadiy jahannamdir”, – deya marhamat qilgan.

[2] Alloh taolo Ra’d surasining 38-oyatida :

لكل أجل كتاب

“Har bir ajalning o‘z kitobi bordir” – deb marhamat qiladi. Har bir insonga Alloh taolo yashash uchun ma’lum muddat umr ato etgan. Kishi o‘zining va o‘zgalarning joniga qasd qilishi bilan ajalini tezlatgan hisoblanadi va bu ochiq-oydin zalolatdir.

[3] Shaqovat – baxtsizlik, baxtiqarolik degan ma’nolarni bildiradi.

Manba: Ko‘kaldosh o‘rta-maxsus islom bilim yurti.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.