Buxoro yangiliklari

Noqonuniy reklama edi…mi?

photo 78

Loading

Buxoro shahrida joylashgan do‘kon va ofislarning tashqi reklama jihozlari hech bir ogohlantirishsiz yoki ruxsatsiz olib tashlanayotganligi bilan bog‘liq holatga Buxoro shahar hokimligi Axborot xizmati munosabat bildirdi

– Demontaj qilingan tashqi reklama vositalari qonun talablariga mos emas!

Bugun, 16 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida joylashgan do‘kon va ofislarning tashqi reklama jihozlari hech bir ogohlantirishsiz yoki ruxsatsiz olib tashlanayotganligi bilan bog‘liq videolavhalar tarqaldi. Bu o‘z navbatida tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida turli bahs-munozalarga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 104-sonli qarori asosida Buxoro shahar hokimligi huzurida maxsus ishchi guruh tuzilib, hokimning birinchi o‘rinbosari bevosita guruh rahbari etib belgilangan.

Qarorga asosan tuman (shahar) hokimliklarida tashkil etilgan ishchi guruhlar zimmasiga tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) tizimli monitoring qilish va ularni noqonuniy joylashtirish holatlarini aniqlash, tashqi reklama ob’yektlarida (konstruksiyalarida) joylashtirilgan reklamalar, shu jumladan, ijtimoy reklamalar hisobini yuritish, yo‘lning qatnov qismida joylashgan aholi turar-joy binolarining tashqi qismida (balkon, lodjiya, deraza, eshik va boshqa tarafiga) har qanday turdagi shaxsiy e’lonlarni joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish kabi vazifalar yuklatilgan.

Ta’kidlash joizki, mazkur qaror talablariga muvofiq tashqi reklamalarni moslashtirishning oxirgi muddati 2020 yilning 20 avgust kuni etib belgilangan edi.

Shuningdek, maxsus ishchi guruhning 2020 yilning avgust va sentyabr oylaridagi o‘rganishlarida Buxoro shahar hududidagi barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga eslatmalar tarqatilib, ogohlantirilgan.

Lekin shunga qaramay, aksariyat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan bugungi kunda qaror talablari bajarilmasdan kelmoqda.

«Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorning 7-bandida tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun pasportlari, guvohnomalari, sertifikatlari, ruxsatnomalari va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlari bekor qilingan yoki ushbu hujjatlar mavjud bo‘lmagan (ruxsatsiz o‘rnatilgan) tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) o‘ttiz kalendar kun ichida demontaj qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriq berilgan.

“Tashqi reklama ob’yektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamenti”ning 39-bandida esa tashqi reklama ob’yektlari o‘rnatilishi yo‘l qo‘yilmaydigan holatlar ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, past balandlikdagi devorlarda, daraxtlarda, tungi ko‘cha yoritish ustunlarida, yo‘l belgilari va svetoforlarda, ularning ustunlarida tashqi reklama jihozlarini o‘rnatish mumkin emas.

Bundan tashqari, qarorning 4-ilovasiga asosan, har bir joy uchun yig‘im tashqi reklama ob’yekti (konstruksiyasi) maydonidan kelib chiqib, unda reklama joylashganidan qat’iy nazar, reklama joyining pasportida ko‘rsatib o‘tilgan joy uchun belgilangan tariflar bo‘yicha hisobot oyining 25-kuniga qadar to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Agar tashqi reklama — tashqi reklama ob’yekti (konstruksiyasi) axborot maydoni o‘lchamlaridan 1 kv. metrdan ortiq chetga chiqsa, qo‘shimcha haq olinadi.

Yig‘im tariflari yiliga ko‘pi bilan bir marta Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Reklama joyining pasportini va shartnomasini bekor qilish to‘lovchini yig‘im va penyani to‘lashdan ozod qilmaydi.

Holbuki, shahar hokimligi huzurida tashkil etilgan maxsus ishchi guruh xulosasiga asosan Buxoro shahridagi tashqi reklama vositalari demontaj qilingan birorta tadbirkorlik sub’yekti haq to‘lash tartibi talablariga rioya qilmagan.

Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida” gi Qonunning 23-moddasiga asosan, tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar reklamasi taqiqlanadi. Videomurojaatda esa demontaj qilingan reklama vositalari orasida yuqoridagi ko‘rsatilgan mahsulotlar mavjudligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

Qolaversa, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 20-moddasida “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin” deyilgan bo‘lsada, muayyan tashqi yozuvlar hanuzgacha davlat tilida rasmiylashtirilmagan.

Xulosa o‘rnida, reklama bozorining barcha sub’yektlaridan qonunchilik talablariga muvofiq tashqi yozuvlarni rasmiylashtirishda reklama tili, joylashuvi, reklamaga oid cheklashlar va reklamaga bo‘lgan mualliflik huquqi bilan bog‘liq tartibga rioya etishlarini so‘rardik.

Darvoqe, videomurojaatda tashqi reklama jihozlari olib tashlanishi Buxoroga Prezident tashrifiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari fonida bo‘layotganligiga urug‘ berilgan. Bu hech qanday asosga ega emas. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, blogerlardan yolg‘on xabarlar tarqatmaslikni so‘raymiz.

Manba

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.