O‘zbekiston

AT «Infinbank» mijoz uchun emasmi?

photo

Loading

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 22-sentabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida Identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6065-sonli farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, eski fuqarolik pasporti o‘rniga mamlakatimizda axborot tizimini jadal rivojlantirish, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, turli axborot tizimlarida va masofaviy xizmat ko‘rsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti o‘rniga 2021-yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimi joriy qilindi.

Ushbu qarorda yozilganlarni chuqur tahlil qilmasdan ham bilsak bo‘ladi-ki, eski namunadagi biometrik pasport o‘rnidagi yangi ID-karta respublika hududida barcha amaliyotlar, shu jumladan, fuqarolikni tasdiqlash va/yoki bank xizmatlaridan foydalanishda ham qabul qilinishi kerak.

Ammo bizga kelib tushgan murojaatda, joriy yilning 15-mart kuni fuqaro A. A. (ismi va familiyasi o‘zgartirilgan, haqiqiy ismi tahririyatda mavjud) AT «Infinbank»ning Buxoro viloyat filialiga yangi namunadagi ID-karta bilan bank xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat qilganida unga shaxsni tasdiqlovchi hujjatni qabul qilmasliklarini va unda “propiska” joyi yozilmaganligi iddao qilindi. Vaholanki, 4-yanvardan buyon fuqarolarga berilishi boshlangan ushbu ID-kartada barcha ma’lumotlar elektron shaklda joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi shaxs guvohnomasining namunaviy shakli

Nahotki, ID-kartalar joriy qilinganiga qariyb 3 kalendar oy bo‘lgan bo‘lsa-da, AT «InfinBank» ma’muriyati o‘z mijozlari uchun shaxsni tasdiqlovchi ID-kartalar ma’lumotlarini avtomatik o‘qiydigan qurilma sotib olmagan?

Bu yerda mijozga nisbatan majburiyatlarini bank tomonidan buzilish holatlari uchramoqda, bizningcha.

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident chiqargan farmonlarga davlat va xo‘jalik yurituvchi subyektlar, xususan, banklar rioya etmas ekan, “Mijoz – bank uchun emas, bank – mijoz uchun” tamoyili hali ancha yillargacha qog‘oz va plakatlarda qolaveradi.

O‘ylaymizki, Prezident farmonlari ijrosini nazorat qiluvchi organlar hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritishadi va huquqqiy baho berishadi.

www.buxoroisharif.uz Axborot xizmati

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.