Buxoro yangiliklari
“Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov haqida ko‘pchilik bilmaydigan faktlar
“Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov 2023-yilning 4-mart kuni 45 yoshni qarshiladi. Ammo quvnoq fe’l-atvori sabab, uni hech kim bu yoshda deb bilmaydi. Quyida “Daryo” nashri muxbirlari hayotda ko‘plab qiyinchiliklarni yengib o‘tgan Jahongir Poziljonov haqida ko‘pchilik bilmaydigan ma’lumotlarni taqdim qilishmoqda.
“Xonam yo‘qligi uchun yo‘lakda uxlardim”
Jahongir Poziljonov san’atdan butunlay yiroq, oshpazlar oilasida dunyoga kelgan. Otasi o‘z davrining mashhur oshpazi bo‘lib, davlat tadbirlarida ham katta qozonlarda osh damlagan. Shunday bo‘lsa-da, oila nihoyatda kamtarona kun kechirgani va moddiy jihatdan qiynalganini xonanda quyidagicha eslaydi.
— Esimni taniganimdan boshlab dadam bilan to‘y-hashamlarga birga borardim. Tong sahardan borib, katta qozonlarga ovqat solardik. Men o‘choq yoqishga mas’ul edim. Oshpazlarning mehnati og‘ir bo‘lsa-da, ular mehnatini pulga baholashmasdi. Odamlar ko‘nglidan chiqarib, ozgina pul yoki qand-qurs solingan paket berishardi. Dadam biror marta to‘y egasidan falon pul berasiz, deganini eshitmaganman. Shukrki, qornimiz hamisha to‘q edi, ammo hayot bundan iborat emasligini keyinchalik tushunganman. Besh farzand va ota-onam bilan uch xonali “dom”da turardik. Alohida xonam bo‘lmagani uchun yo‘lakda uxlashimga to‘g‘ri kelardi. Dadam buni ko‘rib, yuragi siqilishini istamasdim. Shuning uchun bomdod namoziga turishidan avvalroq uyg‘onib, ichkari xonaga kirib ketardim, — deydi xonanda.
“14 yoshimdan ishlaganman”
Bolaligida sho‘x va nihoyatda urishqoq bo‘lgan Jahongir Poziljonovning kun kelib mashhur xonanda bo‘lishiga ko‘pchilik ishonmasdi. U bir necha bor janjallar sabab jazolangani, hatto uni maktabdan haydamoqchi bo‘lishganini ham kulib eslaydi.
— Bir so‘z bilan aytganda, xira bola bo‘lganman. Shoshqaloqligim va gap ko‘tarolmasligimdan ko‘p pand yeganman. Shunda ham oxirigacha olishardim. Maktabni bitirgunga qadar 5-6 marta militsiyaxonaga olib borishgan. Maktabdan haydash bo‘yicha ham ko‘p ogohlantirishgan. Fe’lim yomonligini bilgani uchun ham dadam hamisha tergab, tanbeh berib, eng og‘ir ishlarni menga buyurardi. Keyinchalik buning sababini tushundim. Daraxtning shohi kichikligida to‘g‘ri yo‘lga solish oson ekan, egri o‘sgandan keyin uni qayirmoqchi bo‘lsangiz sinarkan.
14 yoshimdan mustaqil pul topishga intilganman. Yozda tarvuz-qovunlarni vagonga joylash bilan, boshqa payt esa vulkanizatsiyada ishlardim. Arzimagan pul olsam-da, tengdoshlarim orasida obro‘m baland edi, — deydi xonanda.
“Dadam oshpaz bo‘lishimni istagandi”
Oshpazlar oilasida tug‘ilgan uch o‘g‘ilning bari bolaligidan mustaqil taom tayyorlashga o‘rgangan. Jahongir Poziljonov ham otasining maslahati bilan 1992-yili oshpazlik kollejiga o‘qishga kiradi.
— Qo‘shiqlarim kimgadir yoqmasligi mumkin, ammo tayyorlagan taomlarim haqida biror marta yomon gap eshitmaganman. Oshpaz bo‘lishimni mendan ko‘ra, dadam ko‘proq istagan. Ammo o‘zi istamagan ishni qilish baribir odamni bezdirar ekan. Dadam rahmatlining bir odati bor edi, har yakshanba o‘zi bozorlik qilib, lag‘mon tayyorlab berardi. Bir kuni “San’atkor bo‘lging kelyaptimi? Senga bir oy vaqt agar uydan to Chorsu bozoriga borgunga qadar seni 3 ta odam tanisa, san’atkor bo‘lishingiga qarshi bo‘lmayman”, degan. Ana shu gapdan keyin bor imkoniyatdan foydalanganman. Bir oydan keyin Shifokorlar shaharchasidan Chorsuga ketayotganimizda yo‘lda bir gala qizlar kelib, dastxat so‘rashgan. Ana shu voqeadan keyin O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirganman, — deydi xonanda.
“Mo‘min Oripov institutga kirishimga yordam bergan”
“Bojalar” guruhida Mo‘min Oripovning o‘z o‘rni bor edi. Jahongir Poziljonov u bilan qanday tanishgani va nega hozir u haqida gapirishni istamasligi haqida so‘zlab berdi.
— Institutga kirmasdan avval “Quvnoqlar va zukkolar”da ishtirok etib yurardim. Shu oradan tanishlarimdan biri Toshkent yuridik kolleji talabalarini “KVN” ga tayyorlantirib berishimni so‘radim. Ular bilan shug‘ullanib, maxsus qo‘shiqlar yozayotganimizda, Mo‘min ularning biri bilan do‘st ekan. Ana shu voqea sabab bo‘lib tanishganmiz. U O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qirdi. Ijodiy imtihonlarga tayyorlanishimda yordam bergan.
“Ilgari qo‘shiqlaringiz boshqacha edi”, degan gapni ko‘p eshitaman. Chunki u paytda Mo‘min bor edi. U hovurimni bosib turadigan, to‘g‘ri maslahat beradigan insonim edi. Shoshib “Bo‘ldi shu qo‘shiqni aytaman”, desam “To‘xtang, bunisini ham eshitib ko‘ring”, deb to‘g‘ri maslahat berardi. Yaqin insonidan ayrilish juda qiyin. U bilan bog‘liq shirin xotiralarim juda ko‘p. Ularni gapirib o‘zimni qiynagim kelmaydi. Ammo bu unutib yubordi, degani emas, — deydi Jahongir Poziljonov.
“Men professional rejissorman”
Jahongir Poziljonov suratga olgan filmlar ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ladi. Hatto, unga “Chumchuq suysa ham qassob so‘ysin”, deb keskin tanqidlar ham qilishgan. Ammo u aslida xonanda emas, mutaxassisligi bo‘yicha kinorejissor hisoblanadi.
— Shuhrat Abbosovning qo‘lida tahsil olgan professional rejissorman. Avvaliga xonanda bo‘lish niyatim bo‘lmagan. 23 yoshimga qadar tinimsiz harakat qilib ham san’atda o‘z o‘rnimni topolmaganman. Tohir Sodiqov bilan tanishishim hayotimda tub burilish yasagan.
Birinchi qo‘shiqni yaratishimga akam sarmoya kiritgan. O‘sha paytlari u qaysidir restoranga kichik oshpaz bo‘lib ishlardi. Bir oylik maoshini olib kelib, qo‘limga tutgan. O‘sha pul bilan ilk qo‘shig‘imizni studiyada yozdirganmiz, — deydi xonanda.
“Avtohalokatdan keyin, oyog‘imni ulashgan”
2009-yil “Bojalar” guruhi uchun og‘ir kelgan. Boisi o‘sha yilning 28-iyun sanasida “Bojalar” guruhi vakillari Termizdagi konsert dasturidan qaytayotgan paytda rulga uxlab qolinishi sababli, ayanchli yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Xonanda Mo‘min Oripov voqea joyida vafot etgan. Guruh a’zosi Jahongir Poziljonov og‘ir ahvolda kasalxonada yotqizilgan va bir necha kun komada bo‘lgan. U o‘ziga kelganidan so‘ng ham sog‘lig‘ini tiklashi qiyin kechgan. Oyog‘i singan xonanda ancha paytgacha oqsoqlanib yurgan.
— Oyog‘im 2 marta operatsiya qilinib, ulangan. Juda og‘ir operatsiyani boshdan kechirganman. Shifokorlarga rahmat, hech qanday og‘riq sezmayman. Hatto stadionlarni bitta qo‘shiqni aytib, uch marta aylanib chiqishga ham kuchim yetadi, — deydi xonanda.
Suratga olish maydonchasida topilgan baxt
Jahongir Poziljonov turmush o‘rtog‘i Dildora bilan “Boyvachcha” filmining suratga olish jarayonida tanishgan. Dildora o‘shanda bir guruh qizlar bilan filmda kichik epizod rol ijro etish uchun kelgandi. Hozirda juftlikning besh nafar shirindan-shakar farzandlari bor.
— Dildora bilan tanishgan paytimizda Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qirdi. Onam “Qachon uylanasan, katta yigit bo‘lib qolding”, deyaverganlaridan keyin Dildoraning manzilini berganman. Onam bir necha marta sovchilikka borgan. Ammo har gal rad javobini olib kelardi. “Qizimiz hali 4 yil o‘qishi kerak”, deyishgan ekan. O‘shanda dadam mendan “Niyating jiddiymi, shu qizdan boshqasini tanlamaysanmi?” deganda “yo‘q” degandim. Shundan keyin dadam ishga kirishgandi. Dadamning sa’y-harakatlari sabab, tug‘ilgan kunim kuni to‘yim belgilangan.To‘ygacha bo‘lgan kunlarimiz ham qiziqarli voqealarga boy o‘tgan. Men ham Dildora ham pozitiv inson bo‘lganimiz uchun kunimiz faqat xursandchilik bilan o‘tardi, — deydi Jahongir Poziljonov.
Jahongir Ortiqxo‘jayev unga Prado sovg‘a qilgan
Sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev xonandaga Toyota Prado rusumidagi qimmatbaho mashinani sovg‘a qilgan.
— Men bu insondan juda ko‘p yaxshilik ko‘rganman. Bu Prado men ko‘rgan yaxshiliklarning eng kichik qismi. Bir necha yillardan beri shu insonning yonida yurib katta bo‘lganman. Ayta olamanki, u atrofdagilariga ham o‘ziga ravo ko‘radigan narsalarni ravo ko‘radi. Men u insondan juda ko‘p narsalarni o‘rganganman. Birinchi navbatda oddiylikni, kamtarlikni o‘rganganman.
U insondan yaxshilik ko‘rgan bir men emasman. U yerda bir necha yuz minglab inson bor. Qo‘llarida ishlaydigan qancha insonlar ularning orqasidan uyli-joyli bo‘ldi, qancha odam to‘y qildi, qancha yordam ko‘rdi, — deydi Jahongir Poziljonov.
Jahongir Poziljonov 8 yil davomida “Akfa-media” prodyusserlik kompaniyasi bilan hamkorlikda ijod qildi. U kompaniya a’zolari, xususan uning rahbari Jahongir Ortiqxo‘jayevdan minnatdorligini aytib o‘tadi.
Mo‘min Oripovning o‘limidan keyin guruhga yangi a’zo tanlash bo‘yicha takliflar ko‘p bo‘lgan. Ammo xonanda marhum do‘stining o‘rnini hech kim to‘ldirolmasligini aytib, takliflarni rad etgan.
Bir paytlar aktyor, kinorejissor, boshlovchi sifatida faoliyat yuritgan Jahongir Poziljonov hozir faqatgina xonandalik bilan shug‘allanmoqda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi