Buxoro yangiliklari

Mohi-Xossadagi “roddom” da shifokorlar aybi bilan ona va bola vafot etgani rostmi?

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Kuni kecha Telegramdagi “Potrebitel Buxara” kanalida “Mohi-Xossa tug‘ruqxonasida tug‘ruq vaqtida ayol vafot etdi” sarlavhasi ostida xabar e’lon qilindi. Unda aytilishicha, mazkur muassasadagi shifokorlar aybi bilan tug‘ruq vaqti yaqinlashgan ona va uning bolasi vafot etishgan. Bu xabar qanchalik asosli?

Buxoro shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq kompleksi bosh vrachi A. Bozorov ushbu holatga oydinlik kiritdi.

Haqiqatdan ham 1985-yilda tug‘ilgan, takror tug‘uvchi ayol M. B. 2023-yilning 8-aprel kuni soat 14:00 larda, homiladorlikning 38-haftasida qog‘onoq suvlari ketishi shikoyati bilan murojaat qilgan. U tug‘ruq faoliyati bo‘lmagani uchun homiladorlar patologiyasi bo‘limiga qabul qilingan va kuzatuv hamda tekshirishlar olib borilgan.

Tug‘ruq dardlari boshlangan vaqtida ayol patologiya bo‘limi doyasi va navbatchi vrachi nazoratida, qarindoshi ishtirokida kuzatilgan. Tug‘uvchi ayol qabul qilinganida kuzatish jarayonida va tahlillariga ko‘ra, ayol sog‘lig‘iga xavf soluvchi asoratlar kutilmagan.

Muntazam tug‘ruq faoliyati boshlanishi bilan javobgar navbatchi vrach tomonidan qin orqali ko‘rilgan va tug‘ruq bo‘limiga ko‘chirilgan. Ko‘chirilganidan bir soat o‘tgach, to‘lg‘oq (kuchanish) boshlanishi bilan ayolda nafas qisishi, ko‘karish va yurak faoliyati to‘xtashi kuzatilgan. O‘tkazilgan reanimasion choralarga qaramasdan yurak faoliyati tiklanmagan.

Dastlabki diagnoz: “O‘pka arteriyasi tromboemboliyasi”.

Ushbu asoratlar homilador va tug‘uvchi ayollarda tabiiy holda qon ivish tizimida sodir bo‘ladigan holatlar o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi xavfini oshiradi. Ayniqsa, o‘tkazilgan aniq kartinali yoki yashirin koronavirus infeksiyasi nafaqat xomilador, balki sog‘lom kishilarda xam tromboemboliya asorati xavfini keskin oshirib yubordi.

Afsus bilan shuni ta’kidlash lozimki, akusherlik faoliyatida tromboemboliya asorati uchrab turadi va bunda ayolni qutqarib qolish imkoniyati deyarli yo‘q.

Tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotda keltirilgan “vrach tomonidan ko‘rilmadi” degan vajlar kuzatuv kameralarini o‘rganish jarayonida o‘z tasdig‘ini topmadi. Shuningdek, “1 million 200 ming so‘m tovon puli to‘landi” degan ma’lumot yolg‘on bo‘lib, marhumaning qarindoshlari tomonidan tovon puli talab qilinmagani va qonunchilikda tovon puli to‘lash to‘g‘risida biror bir asos yo‘qligini ma’lum qilamiz.

Ushbu holat bo‘yicha da’volar prokuratura organlari tomonidan sud-tibbiy ekspertizasi orqali o‘rganilmoqda va ekspertiza xulosalari asosida qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilinadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.