O‘zbekiston
Prezident qizi bilan intervyu: “– O‘zi siz kimsiz, Saida Shavkatovna?” (matnli talqin)
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva jurnalist va bloger Kirill Atlmanga intervyu berdi. Intervyu davomida Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston prezidentining islohotlari, administratsiyaning ustuvor vazifalari, ekologiya bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, oilaviy hayoti haqida gapirib berdi. Daryo ushbu intervyuning matnli transkriptsiyasini taqdim etdi.
Bu sizning ilk katta intervyungiz. Birinchidan, imkoniyat uchun tashakkur. Bu har qanday o‘zbek jurnalisti, blogeri uchun katta sharaf, deb o‘ylayman. Biz siz haqingizda yetarlicha ma’lumotga ega emasmiz. O‘zi siz kimsiz, Saida Shavkatovna?

Foto: YouTube / AlterEgo
— Menimcha, nazdingizda kim ekanimni siz aytishingiz kerak. Bu menga ham qiziq, chunki bu hayotda men feedback (fikr-mulohaza — tahr.) olmayman.
Siz ichki dunyongizda o‘zingizni kim deb his qilasiz? Ko‘proq kimsiz? Allaqachon davlat arbobisiz, amaldorsiz, ma’lum ma’noda vatanparvar, faolsiz.
— Men xizmatchiman. Men, birinchi navbatda, otamga xizmat qilaman, chunki u kishi hayotimdagi juda katta zot. Tug‘ilganimdan boshlab ular menda doim shaxsni ko‘rgan. Boshidan, noldan. Balki, intiq kutilgan farzand bo‘lganim uchundir. Balki, ikki tarafdan — onam tomonidan ham, dadam tomonidan ham birinchi farzand bo‘lganim uchundir. Ular menga har ikki tarafdan ham shaxs sifatida munosabatda bo‘lishgan va birinchi navbatda dadam meni shunday tarbiyalaganki: “Saida aytdimi – shunday bo‘ladi!”. Meni hamma “siz”lab chaqirardi.
Bir yarim yosh kichik singlim meni “sizlardi” va doim “opajon” deb chaqirardi, chunki shunday qabul qilingan edi. Va shuni angladimki, ota-onam bizni bolalikdan aynan shunday iyerarxiyada tarbiyalagan: katta, asosiy, muhim. Va men hozir hayotimni xizmatga bag‘ishlayapman. Men shunchaki yordam berishni, foydali bo‘lishni xohlayman va hatto farzandlarimni ham aynan shu ruhda tarbiyalayapman.
Aslida siz siyosiy maydonga juda tabiiy kirib keldingiz.
— Sizga shunday tuyulayotgandir, lekin aslida men 9 yildan beri ular bilan yelkama-yelka, har kuni, ertadan kechgacha birgaman. Mening o‘z hayotim yo‘q. Kunimni administratsiyada boshlab, o‘sha yerda tugataman. Keyin uyga shoshilaman. Ba’zan dadam bilan birga ketamiz, ba’zan esa men uyga yugurib, bolalar bobosini kutib olishlari uchun, ularni to‘playman.
Hozirda siz mustaqilroq shaxsga aylanayotganingizni his qilyapsizmi?
— Mustaqil deganda nimani nazarda tutyapsiz?
Siz, mohiyatan, allaqachon administratsiya rahbari hisoblanasiz. Ya’ni ayrim masalalar aynan sizning zimmangizda bo‘lsa kerak. Hozir ham u (prezidentni nazarda tutib — tahr.) bilan nimalarnidir muhokama qilasizmi? Qandaydir qarorlar, masalalarni?
— Biz bu masalalarni doim muhokama qilganmiz va doim yelkama-yelkamiz. Aytyapman-ku, ularda shunday bir xislat bor: odamlarni o‘stirishni biladi. Shaxsiyatga nisbatan juda hurmatda bo‘ladi va uning o‘sishi uchun hamma narsani qiladi. Bu ularning xislati…
Buning uchun sabr-toqat kerak, menimcha.
— Juda katta, ulkan. Men hozirda ularni ko‘proq va yaxshiroq tushunaman. Bu o‘n yillik tajriba menga zakovat berdi, sabrga o‘rgatdi. Aynan ulardan ko‘p narsani o‘rgana boshladim. Hatto farzandlar, nabiralar tarbiyasida ham. Mana, kichkina o‘g‘lim Shavkatni olaylik. U bilan qanday muloqot qiladi? Ko‘rib, hayron qolaman, Xudoyim, mana shaxsni o‘stirishni biladigan inson. Mendek kichkina bir qizaloqni… Axir, bizning patriarxal jamiyatimizda muhim ayol bo‘lish juda qiyin.
Buni faqat ular qila oldi. Birinchi kundanoq meni yonlariga olib, o‘tqazdi. Vaholanki, men ommaga tanish emasdim. Men shunchaki yonida edim. Doim yonlarida bo‘lganman, tinglaganman, xulosa chiqarganman, qandaydir yordam berganman. Ba’zi qarorlarni birga qabul qilganmiz. Bilasizmi, ular tinglashni biladi. tinglay oladi va hech qachon to‘sqinlik qilmaydi. Ya’ni “Yo‘q, sen nohaqsan” demaydi. Hech qachon. Bu shunday ajoyib xislatki, men ham… men undan shuni o‘rganyapman.
Mening jamoam ham o‘syapti va bu jamoa bilan juda faxrlanaman, chunki ularning har biri – shaxs. Bu jamoani o‘zim shaxsan tanlayman. Va har bir inson mening hayotimda katta rol o‘ynaydi. Bu shunchaki yollangan odam emas. Yo‘q, ular men qanday yashashini, nima bilan yashashini, orzu-umidlarini biladigan insonlarim. Ular hayotida imkon qadar ko‘proq ishtirok etishga harakat qilaman.

Foto: YouTube / AlterEgo
Qattiqqo‘l insonmi?
— Prezidentmi? O‘zingiz qarang, 9 yil ichida qanday islohotlarni amalga oshirdilar. Qattiqqo‘llik bilan bunga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun moslashuvchanlik va donolik kerak, deb o‘ylayman… Ular sabr qilishni, kutishni biladi. Marralarni juda yuqori qo‘yadi. Ular tizimni biladigan, noyob shaxs. Dastavval juda murakkab tuman – Mirzo Ulug‘bek tumanida hokim bo‘lgan, keyin – Jizzax viloyati, keyin – Samarqand viloyati. Va har bir joyda, Mirzo Ulug‘bekda, adashmasam, 5 yil, keyin Jizzax viloyatida – 5 yil va Samarqandda – 3 yil ishlagan. So‘ng — bosh vazir.
Ular doim ishda bo‘lgani, to‘xtovsiz ishlagani haqida ko‘plab hikoyalar, gap-so‘zlar yuradi. Oilasiga, farzandlarini tarbiyalashga, ular bilan vaqt o‘tkazishga qanday ulgurgan?
— Biz doim yonlarida bo‘lganmiz. Bo‘sh daqiqasi bo‘ldimi — yo o‘zlari kelardi, yo bizni olib ketardi. Tadbirlarga, safarlarga – doim birga borganmiz. Kichkina qizaloqlar edik. Hozir ham Mirzo Ulug‘bek tumanida olingan videolar ko‘p, qizchalar, biz esa uning yonidamiz, ikkita kichkintoy. Jizzaxda ham doim yonimizda bo‘lishga vaqt topardi. Hayotimizda faol ishtirok etgan va etib kelmoqdalar. Bu ajoyib. Bilmadim, bu ham yana sabr-toqat bo‘lsa kerak. Qandaydir yo‘l bilan buni uddalagan. Men ham shuni o‘rganyapman. Bo‘sh daqiqam bo‘ldimi — uyga shoshilaman. Chunki bolalarni faqat namuna bilan tarbiyalash mumkin.
Ularni to‘g‘ri inson qilib tarbiyalashning boshqa yo‘li yo‘q – na eng yaxshi o‘qituvchilar, na eng yaxshi maktablar bilan. Bu ish bermaydi. Ona-ota — namuna va shu ishlaydi. Tamom. Bizni shunday tarbiyalagan. Mehnat bilan. ha ular doim mehnat qilardi. Esimni taniganimdan beri ular doim… Men Qo‘qonda tug‘ilganman, dadam esa paxtada bo‘lgan. Yodimda, aytib berardilar: qor bo‘roni, 4-noyabr, sovuq, Jizzax viloyatining qaysidir tumanidan qizi tug‘ilganini eshitib, yo‘lga chiqqanlar. O‘sha vaqt yonimizda bo‘lmagan ekan. Ular ishlagan, esimni taniganimdan buyon doim ishlaydilar. Bu uning hayotiy shiori: faqat mehnat bilangina nimagadir erishish mumkin.
Bu savolni ko‘plab davlat arboblariga, mahalliy rahbarlarga beraman. Balki siz ko‘proq bilarsiz, ularda buncha kuch-g‘ayrat qayerdan? Bu meni chin dildan hayratga soladi. Qanday qilib shunchalik g‘ayratli inson bo‘lish va hamma joyga jismonan yetib borishga harakat qilish mumkin?
— Men o‘zlariga bu savolni tez-tez beraman, chunki o‘zim charchayman. Men ularning yonidaman-ku. Charchayman, jismonan charchayman, ba’zan hammasini tashlab, qochib ketgim keladi. Bu savolga uning javobi bitta: “Vatanni sevish kerak!”. Qisqa va lo‘nda: “Vatanni sevish kerak!”. Tamom. Va shu narsa ularga qandaydir turtki beradi. Qisqa vaqt ichida ko‘proq, yanada ko‘proq, maksimal darajada ko‘proq narsaga erishishni xohlaydilar. Men, masalan, charchayman. Yonimdagi jamoam, biz charchaymiz. Lekin ulardagi bu… Menimcha, bu qandaydir ilohiy hodisa. Men Xudoga ishonaman, taqdirga ishonaman va Xudo bizni bu yerga tushirishdan oldin, O‘zi belgilagan maqsadlarga maksimal darajada erishishimiz uchun bizga ma’lum xislatlarni berishiga ishonaman. Xudo tug‘ilishdan oldin maqsadlar qo‘yishiga va KPI’ingga qarab keyin senga, ruhingga nima bo‘lishi hal etilishiga ishonaman. Bu, albatta… men ezoterikaga, dinga kirib ketdim, lekin men juda…
Keling, yana sizga qaytaylik. 2016-yil yanvar va 2026-yil yanvar bilan solishtirganda, qanchalik o‘zgardingiz?
— Qiyin savol (o‘ylanib — tahr.) Balki, bu chetdan ko‘proq ko‘rinadi, shunday emasmi?
Chetdan ko‘rinmaydi.
— Men sabrliroq bo‘ldim. Menda sabr-toqat ko‘paydi, ta’sirchanlik kamaydi. Buni katta yutuq deb hisoblayman. Va inson voqealarga kengroq nazar bilan qaraganida, uning shaxsiyati ko‘lami ham o‘zgaradi.

Bu siz xohlagan narsami, nima deb o‘ylaysiz?
— Yaxshi savol. Men o‘zimga bu savolni tez-tez beraman: “Men shuni xohlaymanmi?” Men dadamning baxtli bo‘lishini xohlayman. Ular esa faqat barcha orzulari ushalgandagina baxtli bo‘lishi mumkin. Ularning orzulari esa ulkan, keng ko‘lamli va faqat xalq bilan bog‘liq.
“Prezident qizi” degan maqomga ega bo‘lganingizdan so‘ng odamlarning sizga munosabati qanday o‘zgardi? Buni sezasizmi, his qilasizmi?
— Bilasizmi, mening muloqot doiram juda tor. Do‘stlarimning bari men bilan kamida 20 yildan beri birga. Kamida. Yangi do‘stlar orttirmadim. Men yillar sinovidan o‘tgan munosabatlarni yaxshi ko‘raman. Tug‘ilganimdan beri birga bo‘lgan dugonalarim bor. Va men haligacha ular bilanman. Shuning uchun ularning menga munosabati o‘zgargan deb ayta olmayman.
Saroy qutqulariga qanday qaraysiz? Bunaqa narsalar ham sir emas.
— Endi, bu saroy hayotining bir qismi. Ular doim bo‘lgan va bo‘ladi. Biz oxirgisi ham, birinchisi ham emasmiz. Va bu normal holat. Aynan shu yerda zakovat kerak, aynan shu yerda xarakter kerak.
Siz kuchli xarakterga ega insonga o‘xshaysiz.
— Shunday (kulib — tahr.)
Bu orttirilgan xislatmi?
— Yo‘q.
Tug‘mami?
— Men doim xarakterli, doim yetakchi bo‘lganman. Doim yuqoriroq, kattaroq narsaga intilganman. Aytyapman-ku, dadam meni bolalikdan shunday tarbiyalagan: men shaxsman, meni hurmat qilish kerak. “Saida shunday dedimi, demak shunday bo‘ladi!”. Va hamma bo‘ysunardi. Hatto onam ham men bilan hisoblashadi: “Senda tug‘ilganingdayoq ta’na qiluvchi nigohlar bor edi. Birinchi kundan boshlab atrofimizdagi hammaga ta’na qilib, bizni yaxshiroq bo‘lishga harakat qilarding”. Hozirgacha shunday.
Onangiz haqida gapirsangiz. Ular qanchalik bir-biridan farq qiladi?
— Dadam bilanmi? Menimcha, shunday bo‘lishi kerak, bu muvozanat… Ular ustun erkak, onam esa o‘zining mehri, muhabbati, jozibasi bilan o‘rab oladigan ayol.
Xarakteringizdagi eng kuchli jihat qaysi?
— Xarakterimdagi eng kuchli jihat… Menimcha, odamlarni ajrata olaman. Bu iste’dod, bo‘lsa kerak. Menimcha, bu talant. Men tug‘ilishimizda Xudo bizga maqsadlarga erishish uchun ma’lum iste’dodlar, aytish mumkinki, vositalar berishiga ishonaman. Va U menga shu vositani bergan, men esa undan foydalanaman.
Yomon jihatingiz-chi?
— Yomon jihat… Menda yomon jihatlar yo‘q (kulib — tahr.) Yana qaytaraman, o‘zimga juda talabchanman. Mana shu meni… Balki, bu yaxshidir, balki yomon. Lekin bu bilan yashash qiyin. Men o‘zimni maksimal darajada qattiq chegaralarda ushlayman.
Ijtimoiy loyihalar bilan ko‘p shug‘ullanasiz. Yaxshi ish qilganingizni ko‘rsatadigan o‘zingizning biror me’yoringiz bormi? Ya’ni ularning bajarilishini qandaydir nazorat qilasizmi?
— Barcha loyihalarimni kuzatib boraman. Lekin ko‘p loyihalarim juda uzoq muddatli. Aytaylik, ta’lim, tibbiyot. Bular shunday loyihalarki, natijasini bugun yoki ertaga ko‘rib, his qila olmaysiz. Bunga yillar ketadi. Eng so‘nggi yaxshi loyihamiz esa ekologiya bilan bog‘liq. Va men har kuni, har tongni IQAir’ni tekshirishdan boshlayman.
Kechirasiz, gapingizni bo‘ldim, nima hisobiga bunchalik tez ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishildi? Qandaydir ikki-uch kun ichida hammasi hal bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda oylab muhokama qilingan, hamma bilgan, hamma tushunib turgan masala uchun katta bir kuchning o‘zi aralashishi kerak ekan. Nima qildingiz?
— Barcha imkoniyatlarni safarbar qildik. O‘sha kuni kechqurun darhol prezidentdan bizga kerak bo‘lgan hamma narsaga ruxsat oldik. Ular qo‘llab-quvvatladi. Biz shunchaki ekologiyaning muhimlik darajasini ko‘tardik, barcha kuchlarni safarbar qildik va qattiq nazoratga oldik. Yodingizda bo‘lsa, reydlar o‘tkazildi va hokazo. Va mana shularning hammasi, menimcha, tez natijalarga olib keldi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Mana, bugun ko‘chada salqin, uylar isitilyapti. Men o‘z uyimni prinsipial ravishda isitmayman. Nega uyimiz buncha sovuq, degan savolga, iqtisod qilish va ekologiyani asrash kerak, deb javob beraman. Chunki biz uyda issiq bo‘lishiga o‘rganib qolganmiz. Aslida 21–23 daraja – ajoyib va eng yaxshi harorat. Barcha shifokorlar shuni tavsiya qiladi. Bolalar ham chiniqadi. Yevropada hamma uyida qalin kiyinib yuradi. Biz esa uyda yengil kiyinishga, iliq va issiq bo‘lishiga o‘rganib qolganmiz. Yevropaga boring. Yaqinda Germaniyada bo‘ldim — ularda podyezdlar, oraliqlar umuman isitilmaydi. Ular tejashadi… Vannaxonalari sovuq. Koreyada bo‘lganman – juda sovuq. Lekin madaniyat shunaqa.
Menimcha, biz ham shu kabi madaniyatga o‘tishimiz kerak va men buni o‘zimdan, farzandlarimdan boshladim. Bizda hamma narsa mening uyimdan, tajriba quyonchalaridan boshlanadi. Hamma onasi islohotchi ekaniga ko‘nikib qolgan (hazillashib — tahr.)
Ekologiya sohasida ko‘rilgan choralar qanchalik barqaror? 2026-yilda bizni nima kutmoqda? Holat takrorlanishi mumkinmi?
— Biz hozir biznesga ekologiyaning muhimligini, korxonalar filtrlar o‘rnatishi kerakligini maksimal darajada o‘rgatyapmiz. Ekologiya muhim va bu shunchaki madaniyat. Bu, ham davlat, ham xususiy biznesni yuritish madaniyati. Mana ko‘ryapsiz, biz biznes bilan, xususiy va davlat korxonalari bilan biroz ishladik. Hamma joyda filtrlar o‘rnatishga majbur qilyapmiz va bu natija beryapti. Mashinalar bilan bog‘liq vaziyat ham shunday. Xalq ham buni tushunishi kerak. Yana aytaman, mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz, o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Mashinalar masalasida ham ishlaymiz.
Kovid paytida ekologiya qanday bo‘lganini eslaysizmi? Qushlar sayrardi, musaffolik. Demak, bunga erishish mumkin. Bu — murakkab masala. Chunki men har kuni IQAir’ni tekshiraman, yuqori o‘rinlarda Hindiston. Vaholanki, boy mamlakat, dunyoning yetakchi iqtisodiyotlaridan biri, lekin masalani hech hal qila olmayapti.
Albatta, u katta, rang-barang mamlakat. Gap boshqa narsada, nega odamlar o‘zlariga zarar yetkazayotganini tushunmaydi? Nega davlat shaklidagi “bolg‘a” kerak?
— Bu ta’lim bilan, vaqt o‘tishi bilan keladi. Bu tarbiya. Siz aytayotgan narsa odamlarning dunyoqarashi, mas’uliyati bilan bog‘liq, buni esa biz faqat ta’lim orqali singdira olamiz…
Bu uzoq jarayon.
— Axir aytyapman-ku, barcha loyihalarim uzoq muddatli, juda uzoq muddatli. Bu uzoq jarayon. Bugun qo‘limizdan kelganini, albatta, qilamiz. Buni nazorat qilaman.
Aslida ta’limga savollar juda ko‘p. Tibbiyotga ham. Sir emaski, bizda ta’limda talabalarni ko‘proq yetakchilik tafakkurisiz, tashabbuskorsiz qilib tayyorlashadi. Ya’ni, kattalar nima desa, shuni qilish kerak va hokazo.
— Bu sovetcha tizim, yodingizda bo‘lsa shunaqa mafkura bor edi — kollektiv muhim, yetakchilar esa deyarli kerak emasdi. Bu, menimcha, barcha postsovet mamlakatlarining muammosi va fojiasi. Umuman olganda, bugungi kunda ta’limga katta savol bor. Masalan, 20 yoshli o‘g‘lim har kuni dunyoda ta’limni isloh qilish kerakligi, u rivojlanishdan ortda qolayotgani, bugungi talablarga javob bermayotgani haqida kuyunib gapiradi.
U shunchaki dunyoning o‘zgarishlariga ulgura olmayapti deb o‘ylayman.
— Bu juda murakkab jarayon. Talabamizning portreti… qiyofasi… hozir dunyoga umuman kim kerak? Qanday shaxs kerak? Taraqqiyotdan ortda qolmaslik uchun hatto biz ham doim o‘qib-o‘rganishimiz kerak. Taraqqiyot juda tez odimlamoqda. Meni ko‘proq ta’limning qanday va qaysi yo‘nalishda rivojlanayotgani emas, balki tanazzulga yuz tutayotgan narsalar ezadi. Dunyoda tanazzul shunchalik ko‘pki. Yana o‘sha gap, mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz kerak. Agar inson ta’lim olishga intilsa, o‘z ustida ishlasa, uni hamma joyda oladi. Hozir onlayn kurslar, onlayn ta’lim davri, bularning barchasiga erishish mumkin. Buni butun mamlakat miqyosida gapirayotganim yo‘q…
Boshqaruvdagi inson sifatida ayting-chi, hamma davlat kelib muammomni hal qilishini kutadi. Axir bunday bo‘lishi kerak emas-ku?
— Buni menga fuqaro sifatida siz aytyapsiz. Bunday bo‘lmasligi kerak.
Ha, aslida shunday. Lekin menga o‘xshaganlar kam. Hamma kimdir kelib… bir nima qilib berishini kutadi.
— Menimcha, bu baribir dunyoqarash, tafakkur tarzi bilan bog‘liq. O‘z zimmasiga mas’uliyat oladigan odamlar muvaffaqiyatga erishadi. Albatta! Agar o‘z zimmangga mas’uliyat olsang va o‘z kelajaging hamda farzandlaring kelajagi yukini yelkangda ko‘tarsang, muvaffaqiyating kafolatlangan.
O‘zingiz qayerda o‘qigansiz? Maktab yillaringiz haqida gapirib bering.
— Qiyin yillar bo‘lgan. Nega? Chunki 12 yoshimizda Jizzaxga ko‘chib o‘tganmiz. Tasavvur qilyapsizmi, o‘smir qiz. Men Toshkentdagi 71-maktabda o‘qirdim, o‘z davram, muloqot qiladiganlarim, o‘rtoqlarim bor edi va birdaniga viloyatga ko‘chib o‘tyapmiz. Jizzaxga ko‘chib borganimizni eslayman. Pushti rangdagi uyimiz cho‘lning o‘rtasida yolg‘iz o‘zi turardi, atrofda birorta daraxt yo‘q, faqat cho‘l. Yonimizda qandaydir psixiatriya yoki psixologiya shifoxonasi, bir tarafda esa qabriston bo‘lardi. Dadam, oyim, men va singlim. Ikki qavatli uy, esimda, bo‘m-bo‘sh, derazalari ulkan, shamol uvullaydi. Endi tasavvur qiling, Jizzax cho‘li… Men 12 yoshda edim, demak, 1996-yillar. Shunaqa shamollar bo‘lardiki, hamma yoq uvullardi. Ikkita pijama kiyib, adyolga o‘ranib uxlardik, juda sovuq edi, uy isitilmasdi. Ota-onam esa biz birga bo‘lishimiz kerak, deb hisoblashgan. Maktabga borib, uyga ko‘zimda yosh bilan qaytganim yodimda. Na do‘stlarim, na boshqa narsam bor edi. Shu sharoitda ta’lim qanaqa bo‘lishini tasavvur qiling.
Baxtimga keyingi yili “Umid” nomli litsey ochildi. U yerda amerikaliklar dars berardi. Butun viloyatdan iqtidorli bolalar yig‘ilgan edi. Bu o‘ziga xos internat, “boarding school” edi. O‘sha yerda do‘stlar orttirdim, ingliz tilini o‘rgandim. Boshqa hech qayerda o‘rganmaganman. Biz ko‘chmanchi bolalardek edik, doim qayergadir ko‘chib yurardik. Har juma kuni Zominga, ota-onamizning, dadamning yaqinlari oldiga yoki Toshkentga, yoki Qo‘qonga borardik. Xullas, hayotimiz bolaligimiz shunday o‘tgan. Hatto Toshkentda yashaganimizda ham har dam olish kuni yo oyimning ota-onasi, yo dadamning ota-onasi oldiga borardik. Bolaligim yo‘llarda o‘tdi.
Shu kungacha yo‘lni yomon ko‘raman. Faqat biror joyga bormasam, mashina bo‘lmasa, o‘sha uzoq safarlar bo‘lmasa bo‘ldi. Xullas, keyin Jizzaxda endi o‘rnashib, hammasi yaxshi bo‘lib, do‘stlar topganimda… Samarqandga ko‘chdik. Bolaligim shunday o‘tdi. Keyin universitet, yanada qiyinroq kechdi. Men Toshkentda universitetga kirdim. Keyin dadam Samarqandga ko‘chdilar va men ham Samarqandga ko‘chdim. Keyin Toshkentga turmushga chiqdim, ko‘chdim… Xullas, o‘zim o‘qib-o‘rgandim, desam bo‘ladi. O‘qiyman, tinimsiz o‘z ustimda ishlayman. Keyin Moskvaga uchib ketdim, u yerda o‘qidim. Xullas…
O‘zingizni mahalliy odam sifatida his qilasizmi yoki xorijiy mentalitetga egamisiz?
— Qo‘ysangiz-chi! Qanaqa xorijiy mentalitet? Men butun umr O‘zbekistonda yashaganman. Bir oy ham…
Lekin siz mahalliy mentalitetdagi odamga o‘xshamaysiz. Gaplashayotganda so‘zlarni tanlab gapirasiz. Ya’ni umuman olganda, samimiylik. Bu mahalliy davlat arbobi uchun kamdan-kam uchraydigan fazilat. Bizda shunaqa-ku, hamma narsa juda silliq, juda shirin bo‘lishi kerak…
—(kulib — tahr.)Men shu silliq va shirin narsalarni tuzatish uchun, reallikni ko‘rishimiz uchun keldim-ku
Ochig‘ini aytganda, buni kutmagandim. Bu qiziq. Atrofingizdagilar hammasi zo‘r deb turganda, xushomadga qanday dosh berasiz?
— Men hech qayerga bormayman. Ertalab — ish, kechqurun — uy. Ishda atrofimdagi odamlarning xushomadga vaqti yo‘q. Uyda esa men xizmat qilaman, ona va qizman. Dadamni kutib olishga yuguraman. Biz, albatta, birga kechki ovqatni yeymiz, butun oila yig‘ilishi kerak. Uyga kelib: “Xudoyim-ey, erkaklarga qanday oson!” deyman. Ular uyga kelishadi, ishdan kelishadi. Dadam ishdan keldi, jim, gapirmanglar, dadamga qaranglar. Ona ishdan kelganini tasavvur qiling. Baqir-chaqir, g‘ala-g‘ovur, kichkina farzandim ham bor. Men uyda xizmatchiman. Boshqa navbatchiligim boshlanadi, tonggacha.
Chunki men iloji boricha farzandlarim yonida bo‘lishni xohlayman. Hatto kichkintoyim ham men bilan uxlaydi. Hamma: “Nega? Axir charchaysan-ku, uxlab dam olishing kerak”, deydi. “Bu aynan men unga nimadir bera oladigan davrim”, deyman. Yetti yoshgacha. Keyin u katta bo‘ladi. Hech bo‘lmasa energiya jihatidan uning yonida bo‘lishni xohlayman.
Uyda otangiz, oilangiz bilan ishdan oddiy oilaviy munosabatlarga tez o‘ta olasizmi? Yoki bu “non-stopmi?”
— Jamoam uzilishga yo‘l qo‘ymaydi, tushunasizmi? Mana bu ixtiro qilingan telefon — bu juda yomon narsa. Doim aloqadasan. Xudo ko‘rsatmasin, masalan, dadangizga javob bermasangiz. Hatto Shavkat yugurib kelib: “Oyi, sizga bobojon telefon qildi. Hozir sizni urishadi, qo‘ng‘iroqni o‘tkazib yubordingiz. Iltimos, falon narsa sababli o‘tkazib yubordim deng…”, deydi. U meni asraydi va ayaydi. Aslida esa, afsuski, doim aloqadasan. Bu, albatta, yomon. Hozir, aftidan, shunday davr, islohotlar davri va biz 24/7 jalb qilingan va xabardor bo‘lishimiz hamda bu masalalarni hal qilishimiz kerak.
Nima deb o‘ylaysiz, biz cho‘qqiga chiqdikmi yoki hali ham ko‘tarilyapmizmi, yo biror tekislikdamizmi?
— Qo‘ysangiz-chi, hech qachon tekislik bo‘lmaydi, menimcha. Har doim… biz endi boshladik. Biz boshladik va ha, biroz yengillashgandek his qila boshladik, balki. Biznes qilish osonlashdi, tan oling. Men hududlarga boraman. Ko‘p qiyinchiliklar, ko‘p muammolar borligini ko‘raman. Lekin davlatning imkoniyatlari kichik, tushuning. Biz imkoniyatlari cheklangan mamlakatmiz.
Tushuntirib bering. Qiziq.
— Dengizga chiqishimiz uchun ikki mamlakat hududidan o‘tish kerak.
Siz, avvalo, iqtisodiy imkoniyatlar haqida aytyapsiz…
— Ha-da.
Barcha muammolar esa pul talab qiladi.
— Faqat pul. Pulsiz hech narsani hal qilib bo‘lmaydi. Hamma narsa — pul, hamma narsa — pul. Infratuzilma esa juda eski. Bu faqat O‘zbekistonning muammosi emas, bu butun postsovet hududining muammosi. Bizdagi infratuzilma sovet davridan qolgan — yetmishinchi, oltmishinchi, elliginchi yillarniki. Bu ishlarning barchasini isloh qilish uchun katta-katta pullar kerak. Lekin biz bosqichma-bosqich… hozir bizning administratsiyada beshta ustuvor yo‘nalish bor. Biz ustuvorliklarni belgilab oldik. Bu — suv. Menimcha, bu eng asosiy masala.
Hozircha bunga kam e’tibor qaratilmoqda, lekin bu kelajakdagi yirik muammolardan biri.
— Bu borada ishlayapmiz. Kam e’tibor qaratilyapti deb bo‘lmaydi. Biz bu haqda kam gapiramiz. Balki, shu yerda biroz oqsayotgandirmiz. Lekin aslida bu administratsiyaning eng asosiy e’tiboridagi masalalardan biri.
Bu qishloq xo‘jaligiga asoslangan mamlakat uchun kelajakda katta chaqiriqqa aylansa kerak?
— Ha. Yaqin kelajakda. Keyin — ta’lim, tibbiyot, biznes va bularning barchasini sud tizimi yakunlaydi. Shaffof, adolatli sud tizimisiz bularning hech birini amalga oshirib bo‘lmaydi.
Ayni paytda qaysi birini eng yaxshi uddalayapsizlar?
— Aytish qiyin, chunki barcha yo‘nalishlar juda murakkab. Tushunyapsizmi, bular ulkan narsalar. Va menda har bir yo‘nalish bo‘yicha juda yaxshi jamoa tuzilgan. Hammasi yosh, intiluvchan, O‘zbekistonni buyuk davlatga aylantirishga harakat qilayotganlar.
Ammo har bir yo‘nalishda qandaydir qarshiliklar bo‘lsa kerak. Qandaydir odamlar guruhi… U yerda ham qandaydir moliyaviy manfaatlar borligi aniq emas…
— Albatta.
Siz hududlarga boraman, deysiz. Haqiqiy vaziyatni qanchalik tushunasiz, qanchalik ma’lumot olasiz?
— Buning uchun jamoam bor. Keyin joylarda yaxshi odamlarim, yigitlarim ishlaydi. Doim aytaman: “Yigitlar, men bu yerda ko‘zbo‘yamachilik uchun yoki chiroyli so‘z uchun Administratsiyada o‘tirganim yo‘q. Men haqiqiy manzarani ko‘rish uchun o‘tiribman…” Meni aldash kerak emas. Nima keragi bor? Nima ma’no? Baribir bilib olaman, baribir haqiqatga yetaman, chunki menda hamma narsa muvozanatda, balansda. Agar bir kishi ma’ruza qilsa, albatta, ikkinchi tarafim ham bo‘ladi — u razvedka ma’lumotlar juda zo‘r (kulib — tahr.).
Qaysidir masalalarni hal qilish uchun, albatta, Saida Mirziyoyevani, prezidentni, yana bilmadim, kimnidir “teg qilish” kerakligi bezovta qilmaydimi?
— Bu jarayon-ku. Siz siqilmasligingiz kerak, ishlashingiz kerak. Agar hamma joyda men borligimdan siqilsangiz, azob cheksangiz, mayli, demak hozir vaziyat shunaqa. Ertaga boshqacha va yaxshiroq bo‘ladi, albatta, chunki biz bularning hammasini yo‘lga qo‘yamiz. Har bir keys jamoam uchun bu tizimni tartibga solish imkoniyatidir. To‘siqlar, xatolar kamroq bo‘lishini ta’minlash. Shuning uchun biz har bir keysga islohotga muammo sifatida qaraymiz. Chunki bularning hammasi o‘zaro bog‘liq. Qayerdadir sud tizimi bilan bog‘liq masala, qayerdadir — biznes bilan, qayerdadir — ta’lim, qayerdadir — gender masalalari, muammolari bilan. Menda har bir yo‘nalish bo‘yicha butun bir jamoa o‘tiribdi. Ular hammasini o‘zlari kuzatib boradi, o‘zlari hal qiladi va eng muhimi — vositalar, vositalar.
O‘zingizga shug‘ullanish yoqadigan biror narsa bormi? Biror soha?
— O‘zimga xalqaro diplomatiya bilan shug‘ullanish yoqadi. Butun umr bolaligimdan diplomat bo‘lishni orzu qilganman. Odamlar bilan muloqot qilishni, aloqalar o‘rnatishni juda yaxshi ko‘raman. Bu — men eng yaxshi uddalaydigan narsa. Bu iste’dod bo‘lsa kerak. Qolganlarida esa ishlashimga, qulaylik doiramdan chiqishimga to‘g‘ri keladi, desam bo‘ladi.
Buning o‘zi siz uchun qanchalik qulay? Rivojlanish uchun “qulaylik doirasidan” chiqish kerak, deyishadi-ku.
— Men doim “qulaylik doirasi”dan chiqaman. Men qulay bo‘lgan joyda, o‘zimni noqulay his qila boshlayman. Doim o‘zimga bosim o‘tkazaman, ichki qarshilikni his qilgan joyimda, demak, o‘sayotgan bo‘laman. Men har xil mafkuralarni, hikmatlarni juda yaxshi ko‘raman, tez-tez o‘qiyman va o‘zimning shu aqidalarimga amal qilaman, desam bo‘ladi. Faol yashash shart. Hayotning mazmuni — o‘zingni baxsh etishdir. Ya’ni, agar sen bu yerga kelgan bo‘lsang, senda ma’lum bir fazilatlar, ma’lum bir dastaklar bo‘lsa, faqat o‘zingni baxsh etish bilan shug‘ullanishing kerak. Baxshida, baxshida. Shunda o‘zaro bog‘liq aylanma jarayon yuzaga keladi. Faollik esa bu muammoni ko‘rganingda, unda muammoni emas, balki imkoniyatni ko‘rishdir.
Otangiz ko‘plab jahon yetakchilari bilan yaxshi, iliq munosabatlar o‘rnatishga qanday erishadi?
— Bu ham iste’dod, bu ularga yuqoridan berilgan vosita deb hisoblayman. Ular juda xarizmatik inson, buni juda yaxshi uddalaydilar. Menimcha, bu qobiliyat. Bilmadim, menda ham bu yo‘q, biror nima deya olmayman. Ba’zilarga bu qiyin yoki oson beriladi. Bilmadim, lekin ularning o‘zi juda yoqimli inson. Ular juda xarizmatik. Bu televizorda ham ko‘rinib turadi-ku… Ular hamma bilan do‘stona munosabatda. Yaqinda Donald Tramp qo‘ng‘iroq qilib, Yangi yil bilan tabrikladi. Yoqimli.
Ular faqat ish yuzasidan emas, balki shunchaki muloqot qiladigan biror davlat rahbari ham bormi? Shunday holatlar bo‘ladimi?
— Bu endi sir. Siz boshqa yo‘lga o‘tib ketdingiz (ulib — tahr.). Bu diplomatiya-ku, albatta. Ko‘plab yetakchilar bilan munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan, ular do‘stlashishadi. Menimcha, bu juda muhim.
Ajoyib. Afsonaviy bir surat bor, adashmasam, besh yil oldin chiqqandi, osh tayyorlayotgani. Uyda tez-tez ovqat tayyorlab turadilarmi?

— Ovqat qilishni juda yaxshi ko‘radilar, lekin bunga vaqti yo‘q. Biz doim ulardan so‘raymiz… Bizning katta muammomiz shundaki, dadam ish bilan yashaydi. Bu kabi onlar juda-juda kam bo‘ladi. Lekin ular bu ishni juda yaxshi ko‘radi, mamnuniyat bilan qiladi, hafsala qiladi. Ammo ular uchun bu “qulaylik doirasi”dan chiqish, albatta. Chunki bu vaqtda ishlaganlarini yaxshiroq.
Prezident administratsiyasi — bu ko‘proq operativ ishmi yoki strategik?
—Prezident administratsiyasi strategiyalarni ishlab chiqadi, ijro apparatiga yo‘nalish beradi. Ijro apparati esa bu — operatsion ish.
Jamiyat uchun ishning ko‘rinmaydigan qismi bormi? Ya’ni biz hamma narsani yangiliklarda tayyor holda ko‘ramiz. Bu ish ortida nima yashiringan?
— Aslida ulkan mehnat yotibdi. Ortida juda ko‘p odamlar, aqllar, strategiyalar, maslahatchilar yashiringan. Siz esa deyarli hech narsani ko‘rmaysiz. Siz uchrashuvning chiroyli suratini, farmonlarni ko‘rasiz. Buning ortida esa ulkan mehnat turibdi.
Meni ilhomlantiradigan voqealardan biri shuki, Shavkat Miromonovich o‘sha paytdagi ish rejimida qanday qilib ancha liberal tizimga o‘ta oldi? Ya’ni mamlakat qaysi tomonga ketishi ham noaniq edi. Uni yanada yopish, yanada totalitar davlatga aylanish ancha osonroq edi-ku, ochilishdan ko‘ra. Bu — tavakkalchilik-ku. Qanday qilib shuncha yil shu tizimda ishlagan odam bu tizimni o‘zgartirishga qaror qildi? Bular obyektiv, yaqqol narsalar.
— O‘sha tizimda ishlagan paytida ularning qanday orzu-umidlari bo‘lganini tushunsangiz bo‘ladi. Prezidentga aylanib, dastaklarga ega bo‘lgach, u mamlakatni mutlaqo boshqa tomonga, islohotlar tomoniga o‘zgartirdi. Ular o‘sha tizimning ijrochisi edi. Ularga og‘ir, qiyin bo‘lgan. Ular o‘sha tizimni qoralamaydi. Tizim bor edi, bo‘ldi. Hozir esa vosita va imkoniyatlarga ega bo‘lgach, ular bizni mutlaqo boshqa tomonga olib bordi. Masalan, ularning birinchi islohoti — agar eslasangiz, bolalar mehnatiga, paxta mehnatiga barham berish edi. Ular paxta qulligiga nuqta qo‘ydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Qanchadan-qancha avlodlar yoshligi, o‘smirligi, hatto salomatligi bilan buni boshdan kechirdi.
— Biz ham. Biz ham paxtaga borganmiz. Men Jizzaxda, Samarqandda yashaganman-ku. Viloyat rahbarining bolalari ham paxtaga borardi. Bu majburiy edi. Biz namuna sifatida borardik, o‘sha yerda qolib, tunardik. Shuning uchun biz bularning hammasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz. Men birinchi sinfga 1991-yilda borganman. Mustaqillik qaldirg‘ochiman, desam ham bo‘ladi. Va biz bularning hammasini ko‘rdik, his qildik.
Lekin bu aslida tavakkalchilik edi-ku — yillar davomida o‘rnashib qolgan mexanizmlarni, tizimlarni sindirish?
— Qanchalik qarshilik bo‘lganini bilasizmi? “Liberallashtirish bo‘ladi, konvertatsiyani ochamiz” deganida, qanday qo‘rqitishgan? Yodimda: qanday dahshatga solishgan: “Nimalar deyapsiz?”. Chunki odamlar o‘sha-o‘sha edi. Keyin ular yo‘nalishni o‘zgartirar ekan, onglarni ham o‘zgartirish kerakligini tushunib, hammani o‘zgartira boshladi. Lekin ular o‘z so‘zida qat’iy turdi. Ularning o‘z tasavvuri, menimcha, buyuk O‘zbekiston manzarasi bor. Ongida shu bor va u o‘sha manzaraga intiladi. U, menimcha, aql bovar qilmas darajada zo‘r. Ularning ongida O‘zbekiston gullab-yashnashi, har bir fuqaro baxtli bo‘lishi maqsadi bor. Ular uchun har bir hayot, har bir shaxs muhim.
COVID paytida, esimda, Xudoyim-ey, ular har bir hayot uchun qanday kurashgan. Hech narsani ayamagan. Xitoydan, Koreyadan shifokorlar olib kelgan, chunki esingizdami, u yerda ilg‘or tajriba bor edi, Yevropa, G‘arbga keyinroq yetib bordi. Va ular olib kelib, har bir hayotni saqlab qolgan, o‘zi telefonda o‘tirib, nazorat qildi. Ular tizimni qanday boshqarish kerakligini tushunadi.
Meni tayinlash qarori ham, ehtimol, islohotlarni tezlashtirish, men orqali haqiqiy vaziyatga chiqish imkoniyati bo‘lishi uchun qilingandir. Masalan, men hududlarga borsam, doim telefon qiladilar: “Xo‘sh? Nima gap? U bilan gaplashdingmi? U nima dedi? Buni ko‘rdingmi? Topshiriq berdingmi?, Muddatlarni belgila, nazorat qil”. Ularga shunchaki haqiqatni yetkazadigan hamda barchasini nazorat qilib turadigan ishonchli odamlar kerak. Maqsad shu bo‘lgan, menimcha. Va ular mana shunday qat’iy tizimda shuncha yil ishladi…
Ha, qanday qilib ular toshbag‘ir bo‘lib qolmagan? Bu savol meni juda qiziqtiradi.
— Men uchun bu unikal hodisa. Hattoki 9 yillik prezidentligi davrida ham o‘zgarmadi. Inson zarracha o‘zgarmadi. Bu ajoyib. Bilasizmi, men ulardan shuni o‘rganaman. Chunki odamzodga shunday xususiyat xos… Mana, o‘z hayotimda ko‘ryapman: insonga ozgina hokimiyat ber — uning asl qiyofasini ko‘rasan. Ozgina pul ber — asl yuzini ko‘rasan. Nazarimda, bu ularning vazifasi, taqdiri shunday. Ular qanchalik qattiqqo‘l hokimiyatda, qat’iy tizimda o‘sgan bo‘lsa, prezident bo‘lgach, shunchalik erkinlik, ozodlik beryapti, bir marta xato qilish huquqini beryapti. Albatta, busiz iloji yo‘q.
Meni tayinlaganlarida, oldilariga kirib “Va’da beraman, bajaraman, bor kuchimni ishga solaman. Faqat, iltimos, menga birinchi xato qilish imkoniyatini bering”, degandim. “Senga bermayman”, degandilar.
Bir narsa qiziq, oldingisidan tubdan farq qiladigan keyingi rahbarga ega bo‘ldik. Bu qandaydir ilohiy narsa ekaniga… men bunday narsalarga ishonmayman.
— Siz bunday narsalarga ishonmaysizmi? Yoki baribir ishonasizmi? [kulib — tahr.]
Men ko‘proq dunyo — bu katta tartibsizlik, unda qandaydir tasodiflar ro‘y beradi, degan fikrga moyilman. Lekin yopiq insondan ochiq insonga qanday o‘tganimiz juda qiziq, juda ibratli.
— Balki, munosib bo‘lgandirmiz?
Bo‘lishi mumkin. Bu haqiqatan ham aqlbovar qilmas voqea. Hokimiyat odamlarni o‘zgartirishi sir emas-ku. O‘zingizni xavf ostida deb qo‘rqmaysizmi?
— Menmi? Shunday dadam bor ekan — yo‘q. U kishi bu borada juda qattiqqo‘l. Har bir tafsilotni, har bir harakatni, har bir qadamni nazorat qiladilar. Men har bir qadamimni, albatta, u kishi bilan maslahatlashaman. O‘zboshimchalik bilan borib, nimanidir hal qilib ketavermayman. Albatta, biz buni muhokama qilamiz, men rozilik olaman, keyin esa shu yo‘nalishda harakat qilamiz.
Mana, 9 yil o‘tdi. Agar imkon bo‘lganda, allaqachon aynib ketardik. Men shunday deb o‘ylayman. Bilmadim, bu insonning o‘ziga, uning hayotiy tamoyillariga, hayotga qarashiga bog‘liq. Biz bu yerda vaqtinchamiz. Hammamiz mehmonmiz. Men ruhiy kamol topishga intiladigan insonman. Baribir bu yerdan ketaman. Bu yerda kimga nima isbotlashim kerak? Men dadamga o‘zlaridan iz qoldirishlariga, odamlarni baxtliroq qilishlariga, ularning hayotini yaxshilashlariga imkon qadar yordam berishim mumkin. U kishining asosiy maqsadi, asosiy orzusi — har bir o‘zbekistonlik hayotini yaxshilash. Biz shu bilan yashaymiz. Bizning Administratsiyamiz faqat shunga qaratilgan. Va biz uchun har bir inson, har bir shaxs muhim. Shuning uchun ham biz to‘xtovsiz ishlaymiz. Bu o‘zgarishlar davri, islohotlar davri, shuning uchun bizga bu davrda ishlash, umuman olganda, qiziq. Gohida hafsalang pir bo‘lganda, o‘ylaysan: “Lekin sen birinchi bo‘lib bu ishni qilayotgan insonsan. Yur, o‘rningdan tur, qaddingni rostla”.
Ba’zi masalalarda u kishi bilan fikringiz bir joydan chiqmaydigan holatlar bo‘ladimi?
— Dadam bilanmi? Ish yuzasidanmi? Biz muhokama qilamiz. U kishi o‘z fikrini aytish huquqini beradilar, gaplashamiz. Aytyapman-ku, u kishi juda… U kishi eng yaxshi ustoz, eng yaxshi muallim. Chunki u kishi pedagog-ku. Aslida, Irrigatsiya institutida dars berganlar va inson psixologiyasini biladilar. Shuning uchun u kishi bilan juda qulay. Menga u kishi bilan juda qulay. U kishi suhbatlashishim mumkin bo‘lgan eng sevimli insonim. Balki, biz u kishi bilan biroz o‘xshash bo‘lganimiz uchundir. Men u kishiga o‘xshashga harakat qilaman.
Orzungiz bormi?
— Orzu, albatta, bor. U oddiy: hamma sog‘-omon bo‘lsin, uzoq umr ko‘rsin. Taxminan shunaqa. Maqsadlar esa ulkan, bahaybat. Biz doim olg‘a intilamiz. Eng katta lazzat — maqsadga erishilganda, buni o‘z ko‘zing bilan ko‘rganingda. Bizning hayotimizda, bizning administratsiyamizda bundan boshqa huzur va rohat yo‘q. Hammamiz xursand bo‘lamiz, biz hammamiz rahbarimiz oldimizga qo‘ygan bitta maqsad bilan yashaymiz: bu — O‘zbekistonni yanada yaxshiroq qilish.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


