Mashhurlar
Firibgarlik qurboni bo‘lgan mashhurlar
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek san’atkorlari tez-tez firibgarlar qurboni bo‘lib qolayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Quyida ana shunday holatlar haqida Daryo so‘z yuritadi.
Dilfuza Ismoilovani dugonasi chuv tushirgan

Xonanda Dilfuza Ismoilova 2025-yil boshida “gap”doshi — sitrus mevalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi ayol tomonidan 80 ming dollarga chuv tushirilgan. Firibgarlikda ayblangan ayol avvaliga xonandaning “gap”iga qo‘shilgan, uning ishonchiga kirib olgandan so‘ng chetdan sitrus mevalar olib kelib, ushbu meva savdosi bilan shug‘ullanishini, bu biznesdan yaxshi daromad topishini aytgan.
“Sitruschi”ning gaplariga ishongan Dilfuza Ismoilova uning biznesiga sherik bo‘lish maqsadida pul tikkan. Natijada 80 ming dollarini yo‘qotib, firibgarlik qurboni bo‘lgan. Xonanda sal qolsa 80 ming dollar emas, balki 200 ming dollarga chuv tushishi mumkinligini, ammo bunday bo‘lmaganini aytdi.
— O‘zim va o‘g‘lim ikkimizning 200 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan uyimizni u ayol 220 ming dollarga olaman, degandi. Tanishlarim qanaqasiga uy olayotgan odam sotayotgan odamga 20 ming dollar qo‘shib beraman deyishi mumkin, deyishdi. U ayol bo‘lsa pulim naqd, bank kartamda bir yarim million dollar pulim bor, deb aytdi. Gap mana shu yerga kelganda uning firibgarligini bildik, deydi xonanda.
Sud hukmi bilan xonandani aldagan ayol Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 6 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ahmadboy sabab 3 xonali uyidan ajrab, ko‘chada qolgan

Aktyor Mirolim Qilichev bir necha yillar oldin ko‘plab insonlar qatori moliyaviy piramida — Ahmadboy mojarolaridan jabr ko‘rganlardan. Shu sabab aktyor uch xonali uyidan ajrab, ko‘chada qolgan.
— O‘zi boshida Ahmadboy shov-shuv bo‘lganida men ishonmay yurdim. Lekin kunlardan bir kuni teatrimizda do‘stimiz meni shu ishga ko‘ndirdi. O‘sha paytlarda Matiz rusumli avtomobilim bor edi. Mashinamni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ahmadboyga emas, shogirdiga berdim. Qarasak, puli vaqtida berilyapti. Bir-ikki ustozlarga ham “pulingizni beraveringlar, o‘rtada mana men turibman”, deb yuboribman. Keyin esa Ahmadboylar qo‘lga olindi. Men esa atrofimdagilarga “men o‘rtada turibman” degan lafzim borligi uchun uch xonali uyimni sotib, bir kundayoq pulini ana shu lafz qilgan odamlarimga tarqatib chiqqanman, deydi aktyor.
195 ming dollarga chuv tushgan Jahongir Otajonov

Xonanda Jahongir Otajonov o‘zi bilan ko‘p yillar davomida tanish bo‘lgan xonanda tomonidan 195 ming dollarga chuv tushirilgan. Firibgarlik ishi bir necha yillar davomida sodir etib kelingan. Gap shundaki, firibgarlikda ayblangan xonanda Jahongir Otajonovning Lexus va BMW mashinalarini, uyini sotib olish, tanishining toʻyiga chaqirib, gonorarini oʻzlashtirish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirgan.
Firibgarlikda gumonlanayotgan xonandaga 2025-yil 9-avgust kuni qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining hukmi bilan X.H. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Telefoniga kelgan SMS sabab firibgarlardan jabr ko‘rgan

Xonanda Sharof Muqimov telefoniga kelgan SMS xabarga ishonib 150 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ini yo‘qotganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng u boshqalarni ham bunday firibgarliklardan ogoh bo‘lishga chaqirgan.
— Bir kunda uch-to‘rt marotaba Telegram’dan APK ko‘rinishidagi fayllar kelib turadi. Bunday ko‘rinishdagi fayllarni ehtiyotkorlik bilan o‘chirib tashlayman. Ammo bir marta SMS orqali firibgarlikdan jabr ko‘rdim.
Ya’ni internetimga megabayt olish uchun hisobimga 150 ming so‘m o‘tkazdim. So‘ng “Ushbu chiroyli raqamni bir necha yillardan buyon ishlatib kelayotganingiz va kompaniyamizga pul to‘lab kelayotganingiz uchun katta rahmat. Minnatdorlik sifatida sizni pul mukofoti bilan rag‘batlantirmoqchimiz. Qabul qilish uchun telefoningizga kelgan kodni bizga jo‘nating” degan xabar keldi. Xursand bo‘lib bunga ishonibman va kelgan kodni ularga jo‘natdim.
Shu bilan megabayt uchun hisobimga o‘tkazgan pulim yo‘q-da. Haligilar 150 ming so‘mni telefon hisobimdan yechib olishibdi. Bugungi kunda Telegram orqali birovning nomiga kredit olish, kamerasi yoki galereyasiga ruxsat olib, firibgarlik qilib odamlarning pullarini yechib olishlar ko‘paygan. Bu qo‘rqinchli holat. Fuqarolardan telefonlariga kelgan har qanday xabarlarga ehtiyot bo‘lishlarini, ularni ochmasliklarini so‘rayman, deydi xonanda.
Jizzaxdagi konsert pullari o‘z vaqtida to‘lab berilmagan
.jpg)
2025-yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Dildora Niyozovanng Jizzax shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan konserti bilan bog‘liq mojarolar haqida mish-mishlar tarqaldi. Ikki seansda o‘tkazilishi reja qilingan konsertning birinchi seansi o‘tgandan so‘ng keyingi seansi bekor qilingan. Bunga sabab tashkilotchilar tomonidan kelishilgan pullar vaqtida to‘lab berilmagani bo‘lgan. Shundan so‘ng xonandaning o‘zi Jizzaxdan keliboq Instagram auditoriyasiga haqiqiy vaziyatni aytib, uni qarg‘amasliklarini so‘rab videomurojaat yo‘llagan.
— Konsertdan birinchi seansning o‘zidayoq hafsalam pir bo‘ldi. Zal to‘lgan bo‘lishiga qaramay, xo‘jayinim kelib, pul muammo bo‘lyapti, dedilar. Shuni ham aytib o‘tay, yigirma yildan beri san’atda yurgan bo‘lsam, konsertlardan charchaganman. Shuning uchun ham konsert qo‘ygim kelmaydi. Qilayotgan ishim to‘g‘rimi-yo‘qmi, deb qo‘rqib qo‘shiq aytaman. Jizzaxda xalqning yig‘ilganini ko‘rib, pulni olmagan bo‘lsam ham, chiqib kuyladim. Tashkilotchilar pullarni bir haftada qilib berishlarini aytishdi. “Birinchi seansni o‘tkazaman mayli, hozir boricha birinchi seans uchun pulni olaman. Ikkinchi seans pullarini odamlarga qaytarib bering” dedim. O‘sha pullarni olib sozandalarimga bo‘lib berdim. Ham pul olmasdan konsert o‘tkazsang, ham qarg‘ish eshitsang, g‘alati bo‘lar ekan, deydi Dildora Niyozova.
Biroq keyinchalik xonandaning bildirishicha, pullar to‘lab berilgan va yana o‘sha tashkilot tomonidan konsert qo‘yish taklifi tushgan. Ammo Dildora Niyozova bu taklifni qabul qilmagan.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


