Islom
Tahorat olishning Siz bilmagan xususiyatlari
Islom dinida poklik masalasiga katta e’tibor bilan qaraladi. Zero, poklik dinimizning asosiy arkonlaridan biri, namozning kaliti va mo‘minning eng asosiy sifatidir. Shuningdek, Alloh poklikni xush ko‘radi va bandalarini pok bo‘lishga chaqiradi. Poklik juda keng qamrovli tushuncha. Masalan, kiyim va badan pokligi, qalb pokligi, turar joy va hokazo. Islom poklikning hamma turini jamlagan holda mo‘min bandalarni shu sifat bilan xulqlanishga chaqiradi. Dinimiz ulamolari yozib qoldirgan fiqh kitoblarining aynan “Poklik kitobi”dan boshlanishi ham bejiz emas. Shundan ham bilamiz, ibodat amallarining to‘g‘ri ado etilishi va maqbul bo‘lishida poklik bosh omil vazifasini bajaradi va namoz o‘qishdan oldin tahorat olish namoz qabul bo‘lishining asosiy sharti hisoblanadi. Xalqimiz orasida “poklik” deganda asosan “tahorat” tushunilishi ham shundan bo‘lsa kerak. Tahoratning lug‘aviy ma’nosi: poklik va tozalik demakdir, istilohiy ma’nosi: namoz va namozga o‘xshagan ibodatni ado etishga mone’ bo‘lgan, badanda turgan muayyan xususiyatni ketkazishdir. Poklik bilan xulqlangan mo‘min bandalarga tahoratning tibbiy foydalari, tabobatdagi mo‘jizalari haqida ma’lumot berishni lozim topdik. Zero, bu ma’lumotlar tahoratga bo‘lgan e’tiborimizni yanada oshirishi shubhasiz.
Alloh taolo tahorat haqidagi oyatning oxirida: “Alloh sizlarni biron mashaqqatga solishni istamaydi, balki sizlarni poklashni va sizlarga O‘z ne’matlarini mukammal qilishni xohlaydi. Shoyad shukr qilsalaringiz!” (Moida, 6), degan. Bu oyatda aytilishicha, tahoratdan ikki xil maqsad ko‘zlanadi:
– a’zolarni poklash;
– ne’matlarning mukammal qilinishi.
Agar ahamiyat berilsa, oyati karimadagi “ne’matlarning mukammal qilib berilishi” diqqatni o‘ziga jalb etadi. Bizningcha, bu salomatlik va sog‘liqdagi ba’zi kamchiliklar o‘rnini to‘ldirish bo‘lsa ajab emas. Alloh taolo bandalariga buyurgan har bir amalda olam-olam hikmat va foydalar mavjud bo‘lib, ularning sanog‘iga yetish mushkul. Shariatning barcha buyruq va qaytariqlari inson manfaati uchun xizmat qiladi. Misol uchun, tahorat inson sog‘lig‘i uchun nihoyatda foydali bo‘lib, turli kasalliklar oldini olishi ilmiy tarafdan isbotlangan. Ilm-fan rivojlangani sari bu ma’lumotlar yanada ko‘payib bormoqda. Tahoratda kaft, og‘iz, burun, yuz, qo‘l (tirsakkacha) va oyoq kabi a’zolar uch martadan yuviladi va bosh, quloq va bo‘yinga bir marta mash tortiladi. Tahorat olish yuviladigan a’zolarni tozalab, gunohlarga kafforat bo‘lishdan tashqari ularning ish faoliyatini yaxshilab, salomatligini yanada mustahkamlaydi. Quyida tahoratning sog‘liqqa umumiy ta’sirini ko‘rib chiqamiz.
– banda tahorat olayotganda miyasidagi yomon o‘y-fikr, dunyoga tegishli narsalarni vaqtincha unutadi. Natijada bundan ruhiy yengillik hosil bo‘lib, qalb orom oladi va xushu bilan Allohga yuzlanadi. Dunyoda inson uchun ruhiy xotirjamlik va qalb tinchligidan ko‘ra ulug‘roq ne’mat yo‘q;
– tashqi a’zolarni kuniga bir necha marta yuvish teri kasalliklari oldini oladi;
– tahorat orqali tana o‘ziga yopishgan elektronlardan forig‘ bo‘ladi. Natijada kishi o‘zida jismoniy og‘irlashuvni his etmaydi;
– tahorat qon aylanish tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, butun tanaga qon yetib borishini ta’minlaydi. Natijada qarish sekinlashadi;
– tahorat olish orqali tananing eng chekka qismigacha qon orqali oziq moddalar yetib borishi ta’minlanadi;
– tahorat ovqat hazm qilish jarayonini faollashtiradi;
– tahorat kishini teri saratoni kasalligidan saqlaydi;
– tahorat orqali ruhiy tushkunlik, asabiylik va jizzakilik kabi noxush holatlar barham topadi. Uyqusizlik kasaliga chalinganlarga ham kechasi yotishdan oldin tahorat olish tavsiya qilinadi. Chunki qo‘l, yuz va oyoq kabi asosiy a’zolarni yuvish yoqimsiz tush, alahsirash va noxush holatlardan asraydi;
– tanadagi ortiqcha chiqindi moddalar ter yoki yog‘ shaklida asosan yuz, qo‘l va oyoqda to‘planadi. Ma’lumki, tahoratda aynan shu a’zolar yuviladi. Demak, o‘z-o‘zidan ayon, tahorat olish badanni ortiqcha chiqindilardan forig‘ etadi;
– tahorat a’zolar uchun go‘yo massaj (uqalash) bo‘lib, bu narsa uning ish faoliyatini yaxshilaydi;
– tana qanchalik pok bo‘lishida terining ahamiyati katta. U tana og‘irligining o‘n besh foizini tashkil qiladi. Teri bir necha qavatlardan iborat bo‘lib, ularning har biri muayyan vazifani bajaradi. Teri ostida bezlar mavjud bo‘lib, ular yog‘, tuz va terni ajratib chiqaradi. Teri ostidan tirnoq va tuk o‘sib chiqadi. Teri jismni turli mikroblardan saqlaydi, tana esa haroratni bir me’yorda ushlab turadi. Shuningdek, teri ostida asab tolalari mavjud bo‘lib, bu bilan inson issiq va sovuqni his qiladi. Teri ostidagi minglab bezlardan ter va yog‘simon moddalar ajralib, uning ustki qatlamiga singadi. Agar uning tarkibidagi suv bug‘lansa, ter tarkibidagi qoldiqlar uning yuza qismida to‘planib qoladi va teridagi mavjud mayda teshiklarni berkitib qo‘yadi. Bu esa teri faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sabab terini doim suvda yuvib turish kerak
Niyatni xolis qilib, tahoratni yaxshilab ado etgan banda dunyoda ham, oxiratda ham katta foydalarga erishadi. So‘zimiz oxirida Alloh taologa hamdu sanolar va rasuliga salavot va salomlar aytamiz!
Muallif: Otabek Rahimov, “Xoja Ali Romitaniy” masjidi imomi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


