Buxoro yangiliklari

Qorako‘ldagi o‘quv markazida dahshatli holat: 20 nafar abituriyent bir zumda kasalxonaga tushdi. To‘liq ma’lumot

pic
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida joylashgan xususiy o‘quv markazlaridan birida tahsil olayotgan abituriyentlar bilan bog‘liq holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, kecha, 11-yanvar kuni tongda Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazida o‘qiyotgan 20 nafar abituriyentning salomatligi yomonlashgani sababli tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat kelib tushgan. Shundan so‘ng bemorlar zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.

Dastlabki tibbiy ko‘rik davomida ularda noma’lum modda yoki ovqat ta’siridan zaharlanishga xos alomatlar aniqlangan. Barcha bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan amaldagi standartlar asosida to‘liq laborator va instrumental tekshiruvlardan, jumladan UTT, rentgen hamda boshqa tahlillardan o‘tkazilgan.

Holat yuzasidan viloyat hokimining tezkor topshirig‘iga asosan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev rahbarligida ishchi guruh shakllantirilib, mutasaddilar voqea joyiga chiqqan. Tibbiy yordam sifatini kuchaytirish maqsadida viloyatdan 10 nafar toksikolog va reanimatolog mutaxassis tumanga jalb etilgan.

Shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tajribali toksikologlari ishtirokida Zoom orqali onlayn konsilium (yig‘ilish) o‘tkazilib, bemorlarni davolash bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berilgan.

Ko‘rilgan kompleks tibbiy choralar natijasida barcha 20 nafar abituriyentning ahvoli barqarorlashgan, sog‘lig‘i yaxshilangani qayd etilgan. Ular ambulator davolanish uchun uylariga javob berilgan. Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor hamda patronaj hamshirasi biriktirilgan.

Ayni vaqtda abituriyentlarning umumiy ahvoli qoniqarli, jiddiy shikoyatlar mavjud emas. Bemorlarning qon namunalari belgilangan tartibda ekspertizaga yuborilgan, tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.

Holat yuzasidan mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘rganish va nazorat ishlari davom ettirilmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.