O‘zbekiston

Narxlar ortida nima turibdi? Propan bo‘yicha rasmiy ma’lumot

pic
Foto: Yandex.ru

Loading

So‘nggi kunlarda ichki bozorda suyultirilgan gaz (propan) narxining oshishi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rasmiy izoh berib, narxlar o‘sishi asosan import mahsulotlar ulushi va ularning qiymati oshgani bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.

Qo‘mita axborotiga ko‘ra, 2025-yil davomida birja savdolari orqali jami 358 ming tonna propan realizatsiya qilingan. Shundan 61 foizi (219 ming tonna) mahalliy ishlab chiqarish mahsulotlari, 39 foizi esa import hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yil boshida, xususan, yanvar–iyul oylarida ichki bozorda mahalliy propan ulushi 80 foizgacha yetgan bo‘lsa, avgust oyidan boshlab bu ko‘rsatkich izchil pasaya boshlagan. Natijada, dekabr oyida mahalliy mahsulot ulushi 35 foiz, joriy yil yanvar oyining o‘tgan davrida esa 10 foizgacha qisqargan.

Rasmiy izohda qayd etilishicha, bunga asosiy sabab — mahalliy ishlab chiqarilgan propanning aholi ehtiyojlari va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilgani hisoblanadi. Shu bois, bozor ehtiyojining katta qismi import mahsulotlar hisobiga qoplanmoqda.

Qo‘mita tomonidan propan bo‘yicha narxlarni jilovlash maqsadida qator mexanizmlar joriy etilgan. Jumladan, birja savdolarida narxni boshlang‘ich qiymatdan oshirish chegarasi 20 foizdan ortmasligi (spred) belgilangan, shuningdek, bitta savdo sessiyasida xarid hajmi 5 tonnagacha cheklangan. Ushbu choralar tufayli mahalliy propan yil davomida tonnasiga 7 million so‘mdan oshmagan. Taqqoslash uchun, import mahsulot narxi dastlab 8 million so‘mgacha shakllangan.

Shu bilan birga, qo‘mita mahalliy va import propan narxlari o‘rtasida sezilarli tafovut mavjudligiga e’tibor qaratdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, boshlang‘ich va yakuniy sotilish narxlari o‘rtasidagi farq ayrim hollarda 40 foizgacha yetmoqda. So‘nggi oylar davomida import mahsulot ulushi va talabning oshishi sababli birja savdolarida o‘rtacha narxlar aynan import propan hisobiga shakllanmoqda. Natijada, bugungi kunda bir tonna suyultirilgan gazning o‘rtacha narxi 9,5 million so‘mgacha yetgan bo‘lib, bu dekabr oyiga nisbatan 20 foizlik o‘sishni anglatadi.

Qo‘mita statistik ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada propan yoqilg‘isida harakatlanuvchi avtomobillar ulushi 11 foizni, ichki bozorda sotiladigan yoqilg‘i mahsulotlari tarkibida esa suyultirilgan gaz atigi 5 foizni tashkil etadi.

Ayni paytda Raqobat qo‘mitasi propan narxini barqarorlashtirish maqsadida o‘z vakolati doirasida tezkor chora-tadbirlar ko‘rayotgani, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar ustidan doimiy monitoring olib borilayotganini bildirdi. Qo‘mita, shuningdek, ko‘rilayotgan choralar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, rasmiylar ijtimoiy tarmoqlarda narxlar bo‘yicha tasdiqlanmagan yoki asossiz axborotlar tarqatilishi ichki bozorda sun’iy narx shakllanishiga va bozor mexanizmlarining buzilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu sababli, qo‘mita barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini narxlar oshishiga turtki bo‘lishi mumkin bo‘lgan axborotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.