Mashhurlar

Turmushga chiqmaslik sharti bilan ijodni boshlagan xonanda Jasmin haqida

pic
Foto: Instagram (@jasmin_singer)

Loading

Asl ismi Madina Fayzullayeva bo‘lgan, “The Cover up” loyihasida tanilgan va 2024-yilning “Eng yaxshi ayol xonandasi” mukofoti bilan taqdirlagan xonanda Jasmin 13-noyabrda 29 yoshni qarshiladi. “Arslonim”, “Kumush nolasi”, “Sevganlarimizning sevganlari bor”, “Siz yaxshi-yu biz yomon” qo‘shiqlari bilan tanilgan Jasmin ko‘p ham intervyu beravermaydi. Shunday bo‘lsa-da, uning hayoti va ijodiy faoliyatiga Daryo nazar soldi.

“Onam haligacha san’atni yig‘ishtir, deydi”

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

— 1996-yilda Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida tug‘ilganman. Oilamizda san’atkorlar yo‘q. Onam shifokor, dadam tog‘-kon metallurgiya zavodida ishlaydi. Onam tarafdagilar hammasi doktor, dadam taraf ishchilar oilasi. Shu paytgacha oilamizda hech kim san’atga qadam qo‘ymagan, men eng birinchi bo‘ldim va oxirgisi ham o‘zim bo‘lsam kerak. Bog‘chaga boradigan vaqtlarimda sahnaga chiqib qo‘shiq kuylaganman va shu bilan qo‘shiq kuylash yoqib qoldi. 6-7-sinflarda tanlovlarda qatnashib, kichik sovg‘alar yutib kelardim. Uyimdagilarga shu sohani tanlashim kerak, deb ularni ko‘ndirganman. Lekin onam bilan suhbatlarimizda haligacha “Bo‘ldi, yig‘ishtir, katta qiz bo‘lib qolding, turmushga chiq” degan gaplar bo‘ladi, deydi xonanda.

“Aslida aktyorlik yo‘nalishida tahsil olganman”

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

— Hozir xonandaman, lekin rostini aytsam, institutda aktyorlik yo‘nalishida tahsil olganman. Qachon o‘qish tugar ekan-a, deb yurardim. Chunki bolalikdagi orzum qo‘shiqchilik bo‘lgan. Aktyorlikka grand asosida qabul qilinganim uchun, uydagilarni qiynamay deb majburan o‘qiganman. “Eski shahar” guruhiga qabul qilinganimda imijimni, ismimni, hatto sochimni o‘zgartirish taklifi bo‘lgan va bu menga ma’qul kelgan. Sababi o‘zgarishlardan qo‘rqmayman. Ammo ichimdagi Madina endi Jasmin bo‘lishga avvaliga ko‘nikolmagan. O‘rganishim juda qiyin bo‘lgan. Hozir buni qabul qilganman va shu ismda qoldim. Aslida esa hayotda umuman teskarisiman, tekis sochli, jim yuradigan, gapirishdan ko‘ra ko‘proq eshitishni afzal ko‘radigan insonman, deydi u.

Ammo Jasmin aktyorlik yo‘nalishida universitetni tamomlamagan, 2020-yilda u “Artist” ko‘rsatuvidagi uzoq davom etadigan syomkalar, “Eski shahar” guruhi bilan bo‘ladigan repetitsiyalar sababli oliygohdan chetlatilgan.

Jasmin 2019-yilda yosh iqtidorlar uchun tashkil etilgan “The Cover up” loyihada qatnashgan va bu ko‘rsatuv uning ijodida katta burilish yasagan. U loyiha 4-mavsumining mutlaq g‘olibi bo‘lgan.

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

— “The Cover up”gacha Jasmin ham, “Eski shahar” guruhi ham yo‘q edi. Bor edi-yu, u qadar tanilmagan edi. Loyihada qatnashamiz deb tayyorgarlik ko‘rib, 3 oy tayyorlanganmiz. Bizga tushgan qo‘shiqlar ustida tuni bilan, haftalab ishlab, obraz yaratib chiqardik. Qanday bo‘ladi, nima qilamiz, kiyim, soch, stil — hammasi ustida tinim bilmay ishlaganimiz uchun ko‘pchilikning nazariga tushib, yodida qolgan bo‘lsak kerak deb o‘ylayman, deydi xonanda.

“Guruhdan yig‘lab chiqib ketganman”

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

— Qiyinchiliksiz ish bormi? Hammada qiyin dam bo‘ladi. Loyihada qatnashayotgan paytimizda o‘zimizning tayyorgarlik ko‘radigan kichkina qorong‘i xonachamiz bo‘lardi. Qur’a tashlashda qo‘shiqni olishimiz bilan darhol borib, tayyorgarlikni boshlardik. Guruhdagi yigitlarning hammasi professional, men esa ba’zi narsalarni tushunmasdim, ba’zi yo‘nalishlarni umrimda eshitib ham ko‘rmagandim. Shunda yigitlar “Bo‘ldi, charchab ketdik, bu bilan ishlamaymiz” deb prodyuserga shikoyat qilishardi. Shunday paytlarda yig‘lab chiqib ketganman, ammo hech qachon guruhni butunlay tark etib, Navoiyga qaytish fikri kelmagan. Loyihaning bir sonida Shohruxxondan 5 ball olganmiz, qolganlardan balimiz tushib ketgan. Ne orzu-umidlarda qatnashayotgandik. Keyin Botir Qodirovdan 9 ball oldik. Hosila Rahimova keladigan sonida esa “Bos, bos” qo‘shig‘i tushgan. Sozandalar kuyni kaver qilib chalishgan-u, men qo‘shiqni hech o‘zgartirolmaganman. Shunda “Unday emas, bunday kuyla, o‘zgartir” deyishganida yig‘lab chiqib ketgan paytlarim ham bo‘lgan. Keyin guruhning eng kattasi Ortiq aka “Madina, shoshmang, kim boshida yaxshi kuylagan? Hatto o‘sha mashhur xonandalarning ba’zilari ham boshida traktorga o‘xshab tarillab aytardi. Sabr qiling, ishlaylik”, deb ko‘ndirganlar, deya eslaydi Jasmin.

Xonandaning tanilishida Ravshan Komilovning “Oqbilak oyim toshkentlik” qo‘shig‘ining o‘rni katta. 2019-yilda qo‘shiqning Jasmin tomonidan kuylangan kaver talqini ko‘plab tinglovchilarga manzur kelgan va YouTube platformasida deyarli 5 million martaga yaqin ko‘rilgan.

— “Oqbilak oyim toshkentlik” qo‘shiqning ustida ancha ishlaganmiz. Keyin boshqacharoq ohang bilan yana o‘zgartirganmiz. Ilk ijro etgan qo‘shiqlarimni tinglasam, bekor bunday aytgan ekanman, nola ko‘payib ketgan ekan, unday-bunday deb o‘zimning oldingi va hozirgi holatimni solishtiraman. Balki ulg‘aygan sarim professionalroq bo‘lishga intilayotgandirman, deydi u.

“Kumush nolasi” meni yosh-u qariga tanitdi”

— “Kumush nolasi” qo‘shig‘ini kuylagunimga qadar meni asosan yoshlar tinglardi. Bu qo‘shig‘im chiqqanidan so‘ng o‘rta yoshlilar, keksa insonlar ham “Bo‘lar ekan-ku, shunaqa ashulalar aytsanglar” deb, tinglashni boshlashgan. Undan keyin ham barchaga manzur keladigan sokin taronalar ham chiqardik, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barchaga yoqishga harakat qilyapmiz. Ijodkor ham o‘ynata, ham yig‘lata, ham yuraklarni “jiz” qildirishni bilishi kerak. Xalqimiz sho‘x-sho‘x qo‘shiqlarimni qabul qilishi biroz qiyin bo‘lgani sabab klassik qo‘shiqlar ham kuylayapman, deydi u.

Jasminning prodyuserining so‘zlariga ko‘ra, u hali turmushga chiqmaydi. Shu shart bilan guruh shartnomasi tuzilgan.

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

— Aslida karyera o‘z ta’sirini shaxsiy hayotga bu qadar o‘tkazishi kerak emas. Har bir o‘z vaqti kelganida turmushga chiqishi kerak. To‘g‘risini aytsam, uyda ham har kuni qachon turmushga chiqasan, seni qachon erga beramiz degan muammo. Ijod qilyapman, hayotim uy-ish, ish-uy yo‘nalishida. Prodyuserning bu talabiga ota-onam avvaliga e’tiroz bildirishdi, rozi bo‘lishmadi. Keyin biroz ko‘nikishdi, chunki men shu kasbda ishlamasam bo‘lmasligini ko‘rishdi. Sahnani, qo‘shiq kuylashni shu qadar yaxshi ko‘raman. Peshonaga yozilgani kim bo‘lishini bilmaysiz, balki san’atkor inson bo‘lar, deydi u.

Jasmin turmush o‘rtog‘ining xohishiga ko‘ra san’atdan ketishga rozimi?

Xonanda hozir yakkaxon tarzda ijod qilmoqda. Xo‘sh, u bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining karyerani tashlash borasidagi shartiga rozilik beradimi?

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

— Bu haqida xayolimdan o‘tadi, lekin ko‘p o‘ylamayman. Chunki ijodni hali davom ettirish niyatim bor. Agar mabodo bo‘lajak turmush o‘rtog‘im ruxsat bermasa ham, afsuslanmayman. Chunki oila birinchi o‘rinda. O‘zimga qolsa, ikkalasini ham birdek olib ketishni xohlayman. Ammo bo‘lajak turmush o‘rtog‘imning xohishi birinchi o‘rinda. Avval “Eski shahar“dagi yigitlar ham agar kun kelib turmush o‘rtog‘ingiz qo‘shiq kuylashingizga qarshi bo‘lsa, guruhdan ketishingizga qarshi bo‘lmaymiz, deyishardi, deb so‘zlab berdi Jasmin.

Jasmin to‘ylarni qanday o‘tkazadi?

— Qaysidir xonandalar to‘yga borganida sokin qo‘shiqlardan boshlab, keyin asta-sekin sho‘xroqlariga o‘tadi. Biz esa to‘yni ham konsert sifatida o‘tkazishga harakat qilamiz. Ya’ni konsertda birinchi qo‘shiqdanoq odamlarning diqqati sahnaga qaratiladi, biz shunga intilamiz. Shuning uchun to‘ylarda sokin taronadan emas, sho‘xidan boshlaymiz.

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

Ma’lumot uchun, Jasmin 2025-yilning yanvar oyida “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofoti taqdirlash marosimida “Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Bundan tashqari “Kelajak bunyodkori” medali bilan ham mukofotlandi.

Jasminning 120 ming dollar sarflangan ilk konserti

Xonanda Jasmin “Xalqlar do‘stligi” saroyida ilk bor yakkaxon konsert dasturini o‘tkazdi. To‘liq jonli ijroda bo‘lgan kechada xonanda Tohir Sodiqov bilan “Sen ketgandan beri” deb nomlangan yangi duet kuyladi.

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

— Konsertning dekoratsiyasi va jonli ijrosi yuqori darajada bo‘ldi. Rejissyor va sahna ustalari Ukrainadan kelib, professional tarzda ishlashdi. Biz jungli tematikasini tanladik — jungliga tushib qolgan qiz obrazi. Undan tashqari oversayz futbolka bilan ko‘cha obrazi, jinsiy kostyum bilan ham chiqishlar bo‘ldi, deydi Jasmin. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, konsert dasturi uchun jami 120 ming dollar mablag‘ sarflangan.

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

Men uchun eng katta baxt — afsonaviy san’atkor Tohir Sodiqov men bilan duet kuylashga rozi bo‘lib, taklifimizni qabul qilib, sahnaga chiqqani bo‘ldi. Tohir aka bilan “Sen ketgandan beri” nomli yangi qo‘shiq kuyladik. She’rni o‘zimiz olib bordik, ovoz yozish ishlarini ham bir kunda tugatdik, deydi Jasmin.

Jasmin Madinaga nimani tilagan bo‘lardi?

29 yoshni qarshilagan Jasmin ham hali oila qurmagan sanʼatkorlardan. Uning shaxsiy hayoti haqida deyarli hech qanday gap-so‘zlar yo‘q.

Foto: Instagram (@jasmin_singer)

— Jasmin Madinaga, baxt, oilaviy baxt tilagan bo‘lar edi, deydi xonanda ko‘zlarida yosh bilan.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.