Mashhurlar
“Qornim och holda konsert berardim” — Hamdam Sobirovning Rossiyadagi muhojirlikdan shou-biznesdagi ulkan muvaffaqiyat yo‘ligacha
YouTube platformasida qo‘shiqlari eng ko‘p tinglanadigan o‘zbek shou-biznesining hitmeykeri — xonanda Hamdam Sobirov 6-yanvar kuni 37 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan uning hayoti va ijodiy faoliyatiga Daryo nazar soldi.
“Ota-onam ishlardi, ammo oylab maoshini ololmasdi”
Hamdam Sobirov 1989-yilning 6-yanvar kuni Navoiy viloyatida dunyoga kelgan. U bolaligini quyidagicha xotirlaydi.

— Bolaligim qishloqda o‘tgan. Hamma bolalar singari ko‘cha changitib katta bo‘lganman. Oilada uchinchi farzandman, ikkita opam va bitta singlim bor. Ota-onam tinimsiz mehnat qilardi, ammo ro‘zg‘orimiz but bo‘lganini eslolmayman. Chunki u paytlari ishchilarga oylab ish haqi berilmas, oladiganlari ham oydan oyga yetmasdi. Dadam ko‘pincha ishda bo‘lardi, tarbiyamiz bilan asosan onam shug‘ullanardi. Onamning hech qachon urib, baqirganini eslolmayman. Ayb qilsak ham erkalab tushuntirardi.
Bir kuni maktabdan qaytayotganimda yuk mashinasidan tarvuz tushirishayotgan ekan. Rosa yegim kelgan va yordamlashib yuborsam tarvuz berasizlarmi, deb so‘raganman. Ishlaganman, ammo juda kichkina tarvuz berishgan. Xursand bo‘lib uyga ketayotganimda qo‘limdan tushirib yuborganman va tarvuz yorilib ketgan. Hafsalam pir bo‘lib uyga qaytganman va onamga “Pul bering, tarvuz olib kelaylik”, deganman. Onamning ham puli yo‘q ekanmi, bir nechta tanga bergan. Kichkina tarvuz olib yeb o‘tirsak, tog‘am katta tarvuz ko‘tarib kirib kelgan. Rosa xursand bo‘lganmiz. Bolalik deganda ana shu voqealar ko‘z oldimdan o‘tadi, deydi Hamdam Sobirov.
“Moddiy ahvolingizga qarab baho qo‘yardi”
Xonanda ustozlaridan ranjigani va oilaviy sharoitiga qarab o‘quvchini ajratish yaxshi emasligi haqida gapirdi.

— Afsuski, shunday voqealar bo‘lardi. Ayrim o‘qituvchilar o‘quvchining oilasidagi moddiy ahvoliga qarab baho qo‘yardi. Menda ham shunday voqea bo‘lgan. Bir ustozim ko‘p kamsitardi va eng past bahoni qo‘yardi. Bir gal hatto bir ham qo‘ygan. Onam majlisga borganida shu haqda aytgan. Onam meni urishmagan, aksincha “Demak, bolam boshqalardan ajralib turarkan, hatto ikki emas, bir bahoni qo‘yibsiz” degan, deydi xonanda.
“Rossiyada ishlab, uyga umuman pul jo‘natolmaganman”
Xonanda oilasidagi moddiy qiyinchiliklar sabab Rossiyaga ishlagani ketgani haqida so‘zlab berdi.

— Rossiyaga ishlashga ketganimda kollejning birinchi kursini tamomlagandim. O‘qituvchilar bilan gaplashib, pulini berib, ikkinchi kursni umuman o‘qimaganman. Ishlashga ketishimning asosiy sababi pul bo‘lgan. Oilamiz ancha qiynalib qolgani uchun ketishga majbur bo‘lganman. O‘sha payt oyiga 200 AQSh dollari olishim haqida aytishgandi. Boshida pulning bir qismini berishgan, ammo keyin berishmagan. Uyga umuman pul jo‘natmaganman, arang bir yil-u ikki oydan keyin O‘zbekistonga qaytib kelganman. Men ham ko‘pchilik qatori Rossiyada qurilishda ishlaganman. Yosh bo‘lganim uchunmi qiyinchilik unchalik sezilmagan. Men binolarning sim karkaslarini to‘qirdim. Ish paytida qo‘shiq aytib o‘tirsam, yonimdagilar “Xonanda bo‘lasanmi? Nega bu yerlarda yuribsan” deb ko‘p so‘rashardi. Xonanda bo‘lishni orzu qilardim, ammo oilamdagi sharoitni bilganim uchun ham u yerdan ketolmasdim, deydi Hamdam Sobirov.
“Toshkentda 17 yil ijara uyda yashadim”
Xonanda O‘zbekistonga qaytib, o‘qishga kirish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani va shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingani haqida so‘zlab berdi.

— Kollejning uchinchi kursini o‘qiganman, ishlab pul topolmadim endi yaxshilab tayyorlanib Toshkentga ketaman, deb niyat qilganman. Shuning uchun ham ilk urinishdayoq institutga shartnoma asosida qabul qilinganman. Bir tomondan o‘qishga kirganimdan xursandman, boshqa tomondan esa shartnoma pulini qanday to‘lash haqida o‘ylaganmiz. Chunki buncha pulni to‘lash oilamizga og‘irlik qilardi. Nasib qilgan ekan, o‘qidim. Ammo o‘shanda Toshkentda yashash bunchalar og‘irligini bilmagandim.
Pulim kamligi uchun kichik uyni bir nechta yigitlar bilan band qilardik. Feʼl-atvori turlicha bo‘lgan insonlar bilan bir uyda yashash qanchalik qiyinligini boshidan kechirganlar yaxshi biladi. Hatto istagan payt chiroqni ham yoqolmaydigan kunlarim bo‘lgan. Keyinchalik bir-ikki so‘m topgandan keyin o‘zim uchun alohida uyni ijaraga olganman. O‘ylab qarasam, Toshkentda 17 yil ijarada yashagan ekanman, deydi Hamdam Sobirov.
“Guruh bilan ishlashim hayotimni o‘zgartirmagan”
Hamdam Sobirov kursdoshlari bilan “Mango” guruhini tashkil qilgani haqida gapirdi.

— Azizxon va Farrux bilan kursdosh bo‘lganmiz. Aslida Azizxonning o‘zi yakkaxon ijodni boshlamoqchi bo‘lgan. Unga guruh sifatida ijod qilishni taklif qilganmiz va u akalarini prodyuserlik qilishga ko‘ndirgan. Avvaliga hammasi yaxshi edi. Chunki biz bir-birimizni bilamiz deb o‘ylardik.
Onam “Mango”da chiqqanimni televizorda ko‘rganlar, juda xursand bo‘lganlar. Lekin mening “Mango”da chiqishim hayotimizga hech qanday o‘zgarish olib kelmagan. Iqtisodiy jihatdan oilamiz qiyin vaziyatga tushib qolganda, olib chiqib ketolmaganman.
Masalan, shunday vaziyatlar bo‘lganki, oilamga 100 ming so‘m ham topib berolmadim. Lekin o‘sha payt “Mango” guruhida qo‘shiq aytardim. Hamma taniydi, men bilan muxlislar rasmga tushadi. Tasavvur qiling, konsertda hamma men bilan rasmga tushyapti, menga “Sen zo‘rsan-da, hech kimni pisand qilmaysan”, deyishyapti. Lekin ishonasizmi, o‘sha vaqtda cho‘ntagimda bir tiyin pulim yo‘q, qornim och edi. Tezroq borib nimadir yeyman deyman, lekin bu vaziyatni hech kim tushunmaydi.
Odam yulduz bo‘lishi mumkin, lekin bu boy bo‘ladi degani emas. Hamma yulduzlar ham boy emas. Bu narsani qanday baholashni bilmayman, deydi Hamdam Sobirov.
Xonandaning guruhdan ketishiga nimalar sabab bo‘lgan?
Guruhning boshqa aʼzosi Farrux Raimov “Mango”ning tarqalish sabablarini kibr, manmanlik, mashhurlik va oilaviy gap-so‘zlar bilan izohlagan. Ammo 2025-yilning boshida ikki eski qadrdon do‘st yana yarashib oldi va duetini muxlislariga e’tiboriga taqdim etdi.
Yakkaxon ijod omad keltirdi
Hamdam Sobirov “Mango”ni tark etganidan so‘ng yangi aʼzo qabul qilindi va bir muddat ijodni davom ettirishdi. Ammo natijalar kutilganidek bo‘lmadi. Hamdam Sobirov esa juda qisqa vaqt ichida “Maktabimda” qo‘shig‘i bilan yakkaxon ijrochi sifatida tanilib ketdi. U hozir nafaqat xonanda, bastakor sifatida ham hamkasblari orasida hurmatga ega. U nafaqat yoshlarga, balki ustoz sanʼatkorlarga ham qo‘shiq yozadi.
Ikki karra “Yilning eng yaxshi erkak xonandasi”

Hamdam Sobirov 2024-yilda O‘zbekkonsert ijodiy uyushmasi tomonidan “Yilning eng yaxshi erkak xonandasi”, FTV Music Awards — 2024 da taqdirlash marosimida ham “Yilning eng yaxshi erkak xonandasi” mukofoti bilan taqdirlangan. Bundan tashqari “Yandex music — 2024” da Yil artisti sovrinini olgan, “Mavsum xitlari”da ham e’tirof etilib, mukofotlar bilan taqdirlangan.
Hamdam Sobirovning har bir qo‘shig‘i YouTube tarmog‘ida eng ko‘p ko‘rilganligi bilan ajralib turadi. Shu bois u bilan duet kuylashni istovchi xonandalar ham yetarlicha ko‘p. Masalan uning “Malohat” qo‘shig‘i va unga ishlangan klip YouTube’da 2026-yil 6-yanvar holatiga ko‘ra 322 million martadan ortiq ko‘rilgan. Bu dunyo reytingida yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. 2025-yilning avgust oyida esa Hamdam Sobirovning barcha kliplari jami ko‘rilgan soni 5 milliarddan oshgan. Bu o‘zbek shou-biznesidagi kliplar orasida yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
“Menga ishonch bildirib, doim duoda bo‘lgan ota-onamga, oilamga, barcha do‘stlarimga va muxlislarimga o‘z minnatdorligimni bildiraman! Hali ko‘p xit qo‘shiqlarimiz oldinda”, deya izoh qoldirdi xonanda.
Hamdam Sobirov ayoli Marjona bilan sevishib oila qurgan. Hozirda ularning bir o‘g‘il va bir qizi bor.

— Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, faqat aynan qaysi yo‘nalishda ekanligini oshkor etolmayman. Hozirgi kunda ko‘proq bolalarim bilan bandman, deydi Marjona Sobirova.
Xonanda qimmat avtomobillar ishqibozi. U 2025-yilning o‘zida 2 marta — yoz oylarida narxi 215 ming dollar turadigan Mercedes—AMG SL 63 avtomobilini xarid qildi. Kuzda esa uning mashinalari soni yana bittaga ko‘paydi — yangi BMW rusumli avtomobil xarid qildi.
Xonanda farzandlari hali kichikligi va uy oilasi uchun kattalik qilayotgani bois bir yarim yil avval sotib olgan orzusidagi hashamatli hovlisini ham sotuvga qo‘ygan.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi



