O‘zbekiston

Bolalar nega semiryapti? Asosiy sabablar ochiqlandi

pic
Foto: Profile.ru

Loading

Bugungi kunda bolalar kam harakatli turmush tarzi va nazoratsiz ovqatlanish sharoitida ulg‘aymoqda. Oqibatda semizlik tobora ko‘payib, shunchaki ortiqcha vazndan ko‘ra chuqurroq muammoga aylanmoqda. Ushbu holatning sabablari va bolaga qanday yordam berish mumkinligi haqida mutaxassislar fikriga tayangan holda Daryo so‘z yuritgan.

Bola nima sababdan ortiqcha vazn to‘playdi va bu qanday oqibatlarga olib keladi?

Klinik amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bolalar semizligi deyarli hech qachon yagona sabab bilan izohlanmaydi. Eng muhim omillardan biri — oilaviy ovqatlanish odatlari.

Bolalar birinchi navbatda kattalarning aytgan gapiga emas, balki ularning kundalik xatti-harakatlariga e’tibor beradi. Bola doim ham unga nima deyishayotganini eshitmaydi, ammo u kattalarning qanday yashayotganini kuzatadi va aynan shu modelni o‘zlashtiradi.

Agar oilada aniq ovqatlanish rejimi bo‘lmasa, kattalar tez-tez va pala-partish taomlansa, stress vaqtida ko‘p ovqat yeb qo‘ysa yoki tushlikni ekran qarshisida o‘tkazsa, bola ham xuddi shunday xatti-harakatni me’yor sifatida qabul qiladi. Bunday vaziyatda shunchaki taqiqlar — masalan, shirinliklarni qat’iy man etish samara bermaydi. Aksincha, taqiqlangan mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish kuchayadi va bola ularni uydan tashqarida ortiqcha iste’mol qilib qo‘yadi.

Sharbatlar masalasi alohida e’tiborga loyiq. Mutaxassislarning aytishicha, bu ortiqcha vaznga ega bolalar ratsionidagi eng kam e’tibor qilinadigan muammolardan biridir. Ko‘pchilik sharbatlarni foydali yoki zararsiz mahsulot deb hisoblaydi, biroq ularni muntazam ichish kunlik kaloriya miqdorini sezilarli darajada oshiradi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, faqat sharbatlardan voz kechishning o‘zi ham ortiqcha kaloriyalarni kamaytirishga yordam berishi mumkin.

Xulq-atvorga oid omillar ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, ekran qarshisida ovqatlanish to‘yinganlik hissining shakllanishiga xalaqit beradi. Miya ovqatga to‘liq e’tibor qaratmagani sababli bola o‘zi sezmagan holda me’yoridan ortiq ovqat yeydi.

Uyqu rejimining buzilishi ham moddalar almashinuvi jarayonlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislar uyqu odatlarini erta yoshdan shakllantirish zarurligini ta’kidlaydi. Kichik yoshdagi bolalar uchun kechki soat 21:00 atrofida, maktab o‘quvchilari uchun 22:00 ga qadar, kattalar uchun esa 23:00 dan kechiktirmay uxlash tavsiya etiladi.

Ovqatlanishdan tashqari umumiy salomatlikni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Masalan, semizlikka irsiy jihatdan moyillik va kam harakat turmush tarzi ham ahamiyat kasb etadi. Stress ham gormonal muvozanatni buzib, vazn ortishiga olib keladi.

Bolalarda ortiqcha vaznning asosiy sabablari

  • Oilada ovqatlanish odatlari va aniq tartibning yo‘qligi;
  • Tez-tez tamaddi qilish va ekran qarshisida ovqatlanish;
  • Sharbatlar va boshqa shirin mahsulotlar;
  • Haddan tashqari qat’iy taqiqlar oqibatida uydan tashqarida ortiqcha ovqatlanish;
  • Uyqu rejimining buzilishi;
  • Hissiy zo‘riqish;
  • Genetik moyillik;
  • Jismoniy faol bo‘lmaslik.

Vaqt o‘tishi bilan ortiqcha vazn II turdagi qandli diabet, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, jigar kasalliklari, uyqu apnoesi, arterial bosimning oshishi va immunitetning pasayishiga olib keladi.

Bolalarda ortiqcha vaznni qanday aniqlash mumkin?

Bola holatini baholashda oddiy tana vazni indeksi (TVI) har doim ham yetarli bo‘lmaydi. Bunda bolaning yoshi, jinsi va o‘sish sur’atlari hisobga olinadi, shuning uchun maxsus foizli jadvallardan foydalaniladi.

JSST qabul qilingan mezonlarga ko‘ra:

  • 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda TVI 95-persentil va undan yuqori bo‘lsa, ortiqcha vazn bo‘ladi;
  • 5 yoshdan keyin 85-persentildan yuqori ko‘rsatkich ortiqcha vaznni, 95-persentil esa semizlikni anglatadi.

Shuningdek, bel aylanasi ham baholanadi, chunki qorin sohasida yog‘ to‘planishi metabolik va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi. Ogohlantiruvchi ko‘rsatkichlar quyidagicha:

  • 6–11 yoshli qizlarda — 60 santimetrdan yuqori;
  • 6–11 yoshli o‘g‘il bolalarda — 65 santimetrdan yuqori;
  • o‘smirlarda: qizlarda 80 santimetr, o‘g‘il bolalarda 90 santimetrdan yuqori.

Ota-onalar nima qilishi lozim?

Bolaning ortiqcha vazn bilan kurashishida kattalarning qo‘llab-quvvatlashi muhim. Mutaxassislarning fikricha, foydali odatlar bolaga tushunarli obrazlar orqali tushuntirilsa, ularni qabul qilish osonlashadi. To‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni kuch, energiya va sog‘lomlik bilan bog‘laydigan sevimli qahramon yoki obraz bolaga tavsiyalarning ma’nosini yaxshiroq anglashga yordam beradi. Bunda ota-ona quyidagilarga amal qilishiga e’tibor berishi kerak:

  •  to‘g‘ri ovqatlanish va uyqu rejimini shakllantirish;
  •  sharbatlar va boshqa shirinliklardan voz kechish;
  •  ovqatlanish vaqtida gadjetlardan foydalanmaslik;
  •  muntazam jismoniy faollik.

Shu tarzda butun oila a’zolarining sog‘lom turmush tarziga o‘tishi ta’minlanadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.