O‘zbekiston

Kadrlar o‘zgarishi: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni etib Bahodir Toshmatov tayinlandi

pic
Foto: Yakkasaroy tumani hokimligi

Loading

27-yanvar kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng ichki ishlar va xavfsizlik tizimida kadrlar bo‘yicha muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.

2020-yil 16-martdan buyon O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni lavozimida ishlab kelgan Rustam Jo‘rayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ushbu lavozimdan ozod etildi.

Prezident farmoniga muvofiq, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritib kelgan Bahodir Hamidovich Toshmatov O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni etib tayinlandi. Shu tariqa u Milliy gvardiyaga yana qaytdi.

Bahodir Toshmatov 1964-yilda tug‘ilgan. U Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasini, Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi harbiy akademiyasining Oliy akademik kurslarini hamda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan. Harbiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent ilmiy unvoniga ega.

U mehnat faoliyati davomida Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlarida, Mudofaa vazirligi tizimida hamda harbiy okruglar qo‘mondonligi darajasida turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan. 2008–2011-yillarda mudofaa vazirining o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari, 2011–2013-yillarda Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi bo‘lgan.

2017–2020-yillarda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni sifatida faoliyat yuritgan Bahodir Toshmatov 2020-yilda Prezident davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimida ishlagan, keyinchalik Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Mazkur tayinlov mamlakatda jamoat xavfsizligi va harbiy boshqaruv tizimini yanada kuchaytirish, Milliy gvardiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadlariga xizmat qilishi kutilmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.