Salomatlik

Altsgeymer kasalligiga erta tashxis qo‘yilishi mumkin

picture
Foto: Medportal.ru

Loading

Altsgeymer kasalligini ancha oldin aniqlash mumkinmi? AQShning Texas shtatidagi nufuzli Houston Methodist tibbiyot markazi olimlari aynan shu savolga javob izlab, kutilmagan xulosaga kelishdi: kasallikning ilk belgilari miya emas, balki ko‘z to‘r pardasining chekka qismida namoyon bo‘lishi mumkin.

Tadqiqot muallifi Stiven Vong bu borada shunday deydi: “Ko‘zlar haqiqatan ham miyaga ochiladigan deraza. Ammo biz uzoq vaqt davomida noto‘g‘ri joyga qarab kelganmiz”.

Ma’lumki, Altsgeymer — bu xotira va boshqa kognitiv funksiyalarni asta-sekin yemiruvchi, progressiv neyrodegenerativ kasallik. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab millionlab insonlar ushbu xastalikdan aziyat chekmoqda. Eng katta muammo esa kasallik ko‘pincha miya jiddiy zararlangandan keyin aniqlanadi.

“Retinadagi Myuller hujayralarining glial o‘zgarishlari va ularning Altsgeymer kasalligi sichqon modelida ko‘z glimfatik filtrasiyasiga ta’siri” nomli ilmiy ish Journal of “Alzheimer’s Disease” jurnalida chop etilishi arafasida turibdi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, kasallikning ilk belgilarini aniqlashda to‘r pardasining markaziy qismi emas, balki periferiyasi — ya’ni chekka hududlari muhim ahamiyat kasb etadi. Holbuki, an’anaviy klinik tekshiruvlar asosan markaziy zonaga qaratiladi.

Vongning ta’kidlashicha, kasallikning erta bosqichiga xos biomarkerlar aynan ko‘p hollarda skanerlash jarayonida e’tibordan chetda qoladigan hududlarda paydo bo‘ladi.

“Agar bu o‘zgarishlarni miya shikastlanishidan oldin aniqlash mumkin bo‘lsa, shifokorlar kasallikni xotira yo‘qolishidan ancha oldin tashxislab, davolashni boshlashi mumkin”, — deydi u.

Tajriba ishlari sichqon modellarida olib borildi. Olimlar to‘r pardasining asosiy tayanch va tartibga soluvchi hujayralari hisoblangan Myuller hujayralari kasallikning dastlabki bosqichidayoq sezilarli o‘zgarishga uchrashini aniqlashdi. Bu o‘zgarishlar hali klinik belgilar paydo bo‘lmasidan oldin ro‘y beradi.

Tadqiqot hammuallifi Slava Dasning aytishicha, ilmiy jamoa Myuller hujayralari va qon tomirlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni kasallikning ilk bosqichida turli hududlarda qanday kechishini o‘rganishga harakat qilgan.

Shuningdek, tadqiqot davomida akvaporin-4 oqsili miqdorining oshgani kuzatildi. Ushbu oqsil nerv to‘qimalaridan moddalar almashinuv chiqindilarini chiqarib tashlashga mas’ul bo‘lgan glimfatik tizimning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Olimlar fikricha, bu organizmning Altsgeymer bilan bog‘liq patologik oqsillar to‘planishiga qarshi kompensatsion javobi bo‘lishi mumkin.

Vongning qayd etishicha, olingan ma’lumotlar organizm kasallik og‘irlashishidan oldin ichki muvozanatni saqlab qolishga urinayotganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar ushbu kashfiyot Altsgeymer kasalligini tashxislash va monitoring qilish yondashuvlarini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Eng muhimi, keng maydonli retina vizualizatsiyasi qimmat diagnostik testlarga nisbatan ancha arzon va qulay alternativaga aylanishi, kelajakda esa keksa yoshdagi bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazishda odatiy oftalmologik amaliyotning bir qismiga aylanishi mumkin.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.