Mashhurlar

Raqs sabab sog‘lig‘ini tiklagan, orzusidagi insonga turmushga chiqqan, taxallusi bilan tanilgan Parizoda haqida

pic
Foto: Instagram / parizodadancer

Loading

Parizoda taxallusi bilan tanilgan raqqosa Dilnoza Safarova 7 yoshida sanʼatga qadam qo‘ygan. Salkam 30 yillik tajriba uning xalq mehrini qozonishiga sabab bo‘lgan. Shu bilan birga raqqosa qiyin kunlarni ham boshdan o‘tkazgan. Ayrim hollarda bu qiyinchiliklar uni sanʼatdan ketishga ham undagan.Daryo uning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar soldi.

“Baribir raqqosa bo‘lmaydi”

Parizoda sanʼatga butunlay aloqasi bo‘lmagan oilada tavallud topgan. Shu boisdan ham ota-onasi uning raqqosa bo‘lishiga jiddiy qarshilik qilishadi.

— Buvim qiz farzand ko‘rsam raqs to‘garagiga olib boraman, deb niyat qilgan ekan. Ammo qiz farzand ko‘rmagach, bor umid nabiradan bo‘lgan. Buvim besh yoshimdan boshlab erinmay turli to‘garaklarga olib borgan. Ular ichida raqsga mehrim uyg‘ongan. Buning boisi, buvimning o‘zi sanʼatsevar inson bo‘lgan va uyga kelib ham mashg‘ulotlarni o‘tardi. Yetti yoshimdan boshlab raqs bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlaganman. Ammo bu ota-onamga umuman yoqmagan. “Raqsning nima keragi bor, baribir raqqosa bo‘lmaydi”, deb ko‘p gapirishardi. Boshlang‘ich sinfda o‘qiyotganimdan boshlab, turli ko‘rik tanlovlarda ishtirok etardim. Maktab darslari va raqs mashg‘ulotlaridan shunchalik charchardimki, hatto qo‘limni ko‘tarishga ham kuchim qolmasdi. Onam ishtiyoqimni so‘ndirish uchun mashg‘ulotdan qaytgach ko‘p ish buyurardi. “Bolaga rahmingiz kelsin, holi qolmadi”, deb buvim urishsa yana mavzu raqsning nima kerakligiga borib taqalardi. Shu orada buvim qattiq betob bo‘lib qoldi. Majburlikdan mashg‘ulotlarga onam olib bordi. Raqsning qiyinchiligini ko‘ribgina sanʼatga mehri uyg‘ondi,  deydi Parizoda.

“Raqqosaga hech kim uylanmaydi”

Raqqosa bolalikdan negativ gap-so‘zlar uni charchatgani, turmushga chiqmaydi deganlarni uyaltirishga ahd qilgani haqida so‘zlab berdi.

— “Qizingiz turmushga chiqolmaydi, chunki hech kim raqqosaga uylanmaydi”, deb ko‘p gapirishardi. Bunday gap-so‘zlardan ota-onamning ko‘ngli og‘rirdi. 14 yoshimdan boshlab davlat miqyosidagi ko‘rik tanlovlarda ishtirok etishni boshladim. 15 yoshimda yakkaxon raqsim bilan xalqaro “Sharq taronalari” festivalida ishtirok etganman. O‘shandan keyin odamlarning menga bo‘lgan munosabatlari o‘zgarib, havas qilishlarini aytishgan, deydi raqqosa Parizoda.

“Bo‘ying past, chekkaroqda o‘ynayver”

Parizoda bo‘yi pastligi uchun tadbirlarda biroz kamsitilgani haqida ham eslab o‘tdi.

— Bo‘yim 162 sm edi. Bu raqqosa uchun biroz pastlik qiladi. “Seni bo‘ying past, chekkaroqda o‘ynayver”, deb kamsitishlari ko‘nglimga og‘ir botgan. Keyin “Ha deb mimika ishlatma”, deb koyishardi. Hatto, shunday paytlar bo‘lganki, xoreografiyada o‘qiyotganimda ustozlar ochiqchasiga “Bu raqs emas, shu ham harakatmi?” deb qo‘pol gapirishardi. Ammo ularning hech biri “Kel, senga tushuntiray. Bunday o‘ynama, mana bu harakatni qilma”, demasdi, deydi Parizoda.

“Metroda uxlab qolardim”

Raqqosa 20 yoshiga qadar jamoat transportidan foydalangani va u bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni esladi.

— Metroda o‘qishga qatnardim, uyimiz Yangiobodda, xoreografiya bilim yurti esa “Kosmonavtlar” metrosida edi. Metrodan chiqib ham ancha masofani piyoda bosib o‘tardim. Qo‘limda har kuni kamida ikkita paket bo‘lardi. Chunki sahna liboslarini o‘zimiz bilan olib kelardik. Kech qolmaslik uchun shu qadar tez yugurardimki, asti qo‘yaverasiz. Ayniqsa konsertdan qaytayotganimdagi ko‘rinishim juda ajoyib bo‘lardi. Ulama soch yechilgandan keyin sochlarim patak bo‘lib ketardi. Metroga tushishim bilan ko‘zim ilinib ketaverardi. O‘sha paytda men suratga tushgan kliplar oynayi jahonda tinmay aylanayotgan va metro bekatida kattakon qilib o‘simlik yog‘ining reklamasida tushgan suratim ilingan ekan. Ko‘zim ilinib boshim u yoqdan bu yoqqa chayqalib turgan paytda to‘g‘rimdagi yigitlar kulib suratga olishayotgan ekan. Cho‘chib uyg‘onib ketganman va ko‘rinishimdan uyalganman. O‘shanda buvim jamg‘arib yurgan pullarini berib, ilk mashinamni sotib olib bergan, deydi raqqosa Parizoda.

“Rolimdan uyalaman”

Raqqosa ilk klipdagi ishtiroki va filmlardagi rollari haqida aytib o‘tdi.


— Xoreografiya oliy maktabiga rejissyorlar kelib, kliplarga ko‘p taklif etishardi. Har doim turli sabablarga ko‘ra rad etardim. Keyin bo‘ldi, endi suratga tushaman, deb ahd qilganman. Klipga taklif etishgan va kiyinib borsam bir yosh yigit bu yoqdan bu yoqqa o‘tib, kameralarni tashib yuribdi. Avvaliga eʼtibor bermaganman, keyin birorta mashhur xonandani ko‘rmaganimdan keyin “O‘zi kimning klipi”, deb so‘raganimda “Mening degan”. Bu klip ikkimizning ham debyutimiz bo‘lgan. Undan keyin Anvar Sobirovning “Seni sevdim” klipida suratga tushganman. Ammo bu klipdagi ishtirokimdan haligacha uyalaman. Filmda ham suratga tushganman, ammo juda tajribasiz bo‘lganim hozir o‘zimga seziladi, deydi Dilnoza Safarova.

“Yigitlar yaxshi ko‘rib onalarini olib kelardi, onalari esa shart qo‘yardi”

— 15 yoshidan sovchilar kelardi, hali yosh dedik. Keyin 16 yoshga kirishini, pasport olishini kutishdi. U esa niyatlarim, oldimga qo‘ygan maqsadlarim bor dedi. Davlat unvonlarini olishim, o‘qishim, chet elga chiqishim kerak deb ko‘p sovchilarni qaytargan. Yigitlar yaxshi ko‘rib onalarini olib kelardi, onalari esa shart qo‘yardi. Qaynonam bilan kutib olar edik, raqsga borishiga ham ular sababchi bo‘lgan. Kelgan sovchilar qizingizni yaxshi ko‘ramiz, o‘g‘limiz ham yaxshi ko‘radi, faqat raqsini tashlasa, kelin qilamiz deb bizga shart qo‘yardi.

Qaynonamning jahli chiqardi, raqqosa bo‘lib nima yomon ish qilyapti, sizlar buning bir soatlik mashg‘ulotini qilsangizlar chiday olmaysizlar. Raqsi bilan qabul qilsangizlar mayli, bo‘lmasa yo‘q derdi. Kuyovim qizimni Ozodbek Nazarbekovning konsertida, sahnada ko‘rib qolgan, deydi Parizodaning onasi.

“Turmush o‘rtog‘imga ishonganman”

Parizoda 2012-yili Sherali Safarov ismli tadbirkor yigit bilan oila qurgan. Sanʼat vakillari orasida ham uning oshiqlari ko‘p edi.

— Doim bo‘yi baland yigitga turmushga chiqishni orzu qilardim. Bir boqishda shu inson meni baxtli qila olishiga ishonganman. Albatta, eng birinchi “Sanʼatimga qarshi emasmisiz?” deb savol berganman. U kishi tushunaman va qadrlayman degandan keyin to‘yga rozi bo‘lganman. To‘yimiz maxsus ssenariy asosida, uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rib o‘tkazilgan. O‘sha paytlarda to‘ylar dron va vertolyotlarda surat olinmasdi. Aynan stadionda “Marry Me” marosimini o‘tkazganmiz va tasvirlar vertolyotda yuqoridan olingan, deydi Parizoda.

“Endi sanʼatni yig‘ishtirsin…”

Albatta, har bir oilaning o‘ziga yarasha muammolari va tosh-tarozusi bo‘ladi. Xususan, Parizodaning ijodni davom ettirishiga turmush o‘rtog‘ining yaqinlari qarshi bo‘lishadi.

— Avvaliga tushunmovchiliklar bo‘lgan. “Endi sanʼatni yig‘ishtirib, farzandli bo‘lish haqida o‘ylasin, odamlar noto‘g‘ri tushunishadi”, deyishgan. Shunda turmush o‘rtog‘im bilan ochiqchasiga gaplashib olganmiz. To‘ydan oldingi vaʼdalarini eslatganimda vazminlik bilan “Mayli sanʼatingizga qarshi emasman, ammo feʼl-atvoringizda birorta o‘zgarish sezsam hammasiga nuqta qo‘yamiz”, degan. Sanʼatdan ketmaslik uchun uy ishlariga ham ulgurishga harakat qilganman. Syomkadan vaqtida kelardim, har bir daqiqam ham hisobli edi. Bora-bora turmush o‘rtog‘im va oila aʼzolarimni sanʼat olamiga olib kiroldim. Qaynonam bu borada ko‘p yordam berdi, deydi raqqosa Parizoda.

“O‘zimga mos kliplarda suratga tushaman”

— Hozirgi kunda menga tegmanglar, o‘sha holatim bilan Parizoda bo‘lganman, shu holatim bilan qolaman, deyman. Hattoki Instagram sahifamga nimaga bir xil soch turmagida yurasiz, nima uchun doim sochingizni qora rangga bo‘yaysiz, deb yozishadi. Muxlislarimning gapiga kirib, sochimni kestirib, bo‘yab afsuslandim. Agar atrofdagilarni eshitsam, men o‘sha Parizoda bo‘la olmas ekanman. Hozirgi paytda o‘zimga mos bo‘lgan klipga chiqaman va ko‘rinishni ham o‘zim tanlayman, deydi raqqosa.

“Falaj bo‘lib qolasiz, deyishgan”

Parizoda o‘zini qadrsizlangandek his qilgani, salomatligidan jiddiy muammolarga uchragani sabab raqsdan butunlay ketishga qaror qilgan paytlari ham bo‘lganini yashirmaydi.

— Raqs men uchun hayotda hamma narsadan ustun bo‘lib qolgan. Hozir raqsni tashlab ketolmaydigan holatga kelib qolganman. Umurtqa pog‘onamda darz ketish bo‘lgan. Shifokorlar menga olti oy to‘shakda yotib, muolaja olishni tayinlagan. Agar yotmasangiz, falaj bo‘lib qolasiz, deyishgan. Keyinroq vaqt o‘tib ketibdi, endi temir qo‘yish kerak ham deyishgan. O‘shanda raqs tushish umuman mumkin bo‘lmagan, og‘ir ko‘tarish, umurtqa pog‘onasiga yuki tushadigan harakatlarni qilish mumkin bo‘lmagan. Lekin shunda ham raqsni to‘xtatmaganman. Belim og‘rib tursa ham sahnaga chiqib, raqsga tushaverganman. Raqsga tushganimda, shu darajada emotsiyaga berilib ketganimdan og‘riqlar ham bilinmay ketgan ekan. Oradan yillar o‘tib, Turkiyaga borib, tahlil natijalarini professorga ko‘rsatganimizda, u hayron bo‘lib, “Sen nima qilding? Ahvoling ancha yaxshilanibdi-ku, o‘zingni o‘zing tuzatibsan”, degan. Raqs sabab har bitta mushak va suyaklarim bilan bog‘liq muammolarim yo‘q bo‘lib ketgan. Hatto shamollasam ham raqs tufayli 1-2 kunda tuzalib ketaman, deydi u.

“Raqsdan davo topdim”

— Tadbirlarda hamisha faol bo‘lishga, o‘zbek sanʼatini mahorat bilan ko‘rsatishga harakat qilganman. Ammo eʼtiborsizlik insonni ko‘nglini cho‘ktirar ekan. Sahnadan ranjib, ansambl tuzib to‘ylarda faol bo‘lishga harakat qildim. Ammo bir-ikki yil avval ruhan juda qiynaldim. Chunki bor energiyani sarflab raqs tushasiz, odamlar esa ovqatini yeb sizga eʼtibor ham bermaydi. Bu ijodkor uchun juda og‘ir. Shunday vaziyatda sanʼatdan ketishga ham qaror qilgandim. Rosti o‘sha paytda shifokorlarning ogohlantirishiga eʼtibor ham bermaganman. Ammo hammasi yaxshilik bilan yakunlandi. Raqs meni xastalikdan qutqardi. Doimiy harakat va negativ o‘y-fikrlarni o‘zidan chiqarib tashlash ham ko‘plab kasalliklarning oldini olar ekan, deydi raqqosa Parizoda.

Parizodaning uch nafar farzandi bor. Eʼzoza va Saʼdiya onasi kabi raqsga qiziqishadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.