O‘zbekiston

Elektr samokatlar uchun “prava” shart emas — YHXX izoh berdi

pic
Foto: Freepic.com

Loading

Ijtimoiy tarmoqlarda elektr samokatlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi haqida tarqalgan xabarlar rasman rad etildi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu borada aniqlik kiritib, bunday talab shaxsiy harakatlanish vositalariga taalluqli emasligini ma’lum qildi.

YHXX matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshevning izoh berishicha, chalkashlik A1 toifasidagi haydovchilik guvohnomasi bilan bog‘liq o‘zgarishlar sabab yuzaga kelgan. Mazkur o‘zgarishlar Vazirlar Mahkamasining 30-martdagi qarori asosida yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan.

Yangilangan tartibga ko‘ra, A1 toifasi tezligi soatiga 25 km gacha, dvigatel hajmi 25 kub/sm gacha yoki quvvati 0,25 kVtgacha bo‘lgan moped va skuterlarni boshqarish uchun talab qilinadi. Biroq bu talab elektr samokatlar va boshqa shaxsiy harakatlanish vositalariga tatbiq etilmaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘l harakati qoidalarida bunday vositalar individual harakatlanish uchun mo‘ljallangan transport vositalari sifatida belgilanadi. Shu bois elektr samokatlar, skeytbordlar, sigveylar va shunga o‘xshash qurilmalarni boshqarish uchun alohida guvohnoma talab qilinmaydi.

Shu bilan birga, YHXX fuqarolarga yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligini eslatdi. Xususan, bunday vositalar bilan harakatlanishda velosiped yo‘laklaridan foydalanish, ular mavjud bo‘lmaganda esa yo‘lning chetki qismidan harakatlanish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, yangi qarorga muvofiq, avtotransport vositalarining texnik pasportlari amal qilish muddati 5 yil etib belgilandi. Ushbu talab faqat 1-apreldan keyin rasmiylashtirilgan hujjatlarga nisbatan qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda moped va skuterlar uchun A1 toifasi joriy etilgan. Bunda A, B, C va D toifadagi haydovchilar ham ushbu transport vositalarini boshqarish huquqiga ega.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.