O‘zbekiston
O‘zbekistonda kiberhujum: xodimlar ma’lumotlari sotuvga chiqdi
Noma’lum hakerlar guruhi O‘zbekistondagi Kiberxavfsizlik markazi ichki tizimlariga kirganini da’vo qilib, 100 nafar xodimning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qildi. U bundan ham maxfiyroq ma’lumotlar borligini bildirib, ularni 200 ming dollarga baholagan.
27-aprel kuni kiberjinoyatchilar faol bo‘lgan platformalardan birida markaz xodimlariga oid ma’lumotlar sotuvga qo‘yilgani haqida e’lon paydo bo‘ldi. Unda haker “Kiberxavfsizlik markazining ichki tizimlariga muvaffaqiyatli kirib borgani” hamda “Davlat xavfsizlik xizmati va razvedka bazalariga ham kirish huquqini qo‘lga kiritgani”ni iddao qilgan.

Dalil sifatida u 100 nafar xodimning ism-familiyasi, lavozimi va JShShIR raqamlarini (qisman) e’lon qilgan. Shuningdek, u “bundan ham maxfiyroq ma’lumotlar mavjud” ekanini bildirib, agar talab qondirilmasa, yana yangi ma’lumotlar sizdirilishini aytgan.

Holat yuzasidan Kiberxavfsizlik markazi rasmiy munosabat bildirib, dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra tarqatilgan ma’lumotlar “haqiqatga to‘liq mos kelmasligi”ni ma’lum qildi. Rasmiy bayonotda markazning ichki axborot tizimlari buzilmagani alohida ta’kidlandi.
Markaz matbuot kotibi Dilshod To‘rayev ayrim e’lon qilingan ma’lumotlar xodimlarga tegishli ekanini tasdiqlagan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, JShShIR ma’lumotlari markaz tizimlariga buzib kirish orqali olinmagan.
“Bu ma’lumotlar eski bo‘lishi mumkin. Balki boshqa server yoki tizim orqali sizib chiqqan. Hozir ehtimoliy manbalar tekshirilmoqda, ammo bu markaz tizimining buzilishi emas”, deya izoh bergan u.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday holatlarda ma’lumotlar ko‘pincha texnik xatoliklar yoki phishing hujumlari orqali qo‘lga kiritiladi. Ba’zi hollarda esa ichki xodimlar ishtiroki — ya’ni insayder omili ham kuzatiladi.
Kiberjinoyatchilar odatda ma’lumotlarni sotish yoki tovon puli talab qilish orqali foyda ko‘rishga harakat qiladi. Bunday “kiber-shantaj” usullarida ko‘pincha to‘lovlar Bitcoin yoki Monero orqali amalga oshiriladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham kiberhujumlar soni ortib borayotgani qayd etilmoqda. Oldinroq turli davlat tizimlariga oid ma’lumotlar sizdirilgani haqida xabarlar tarqalgan, ayrim holatlarda esa rasmiy idoralar bu ma’lumotlar boshqa manbalardan yig‘ilganini bildirgan.
Mazkur holat bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda va yangi tafsilotlar aniqlansa, jamoatchilikka ma’lum qilinishi kutilmoqda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


